Baxtiyorjon Akbaraliyev: “Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazining hissasi katta”
Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari, shuningdek, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida markaz direktori o‘rinbosari Baxtiyorjon AKBARALIYeV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– 2015 yilning noyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi oldiga qo‘yilgan vazifa ham mamlakatimizda korporativ munosabatlar asosida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlarida zamonaviy, samarador boshqaruv usullarining tatbiq etilishida korxona hamda tashkilotlarga institutsional ko‘mak berishdan iboratdir.
2015 yilning dekabr oyida «Biznesni boshqarish magistri» («Master of Business Administration – MBA») mutaxassisligi bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijalari asosida eng yuqori ball to‘plagan 40 nomzod magistraturaga qabul qilindi.
Magistratura o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqishda mamlakatimiz hamda yetakchi xorijiy ta'lim muassasalarida to‘plangan eng ilg‘or tajribalardan foydalanildi. Bu o‘rinda Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi (Germaniya), “Insead” (Fransiya), “Harvard Vusiness School MBA” (AQSh) hamda “London Vusiness School” (Angliya) biznes maktablari o‘quv dasturlarini alohida ta'kidlash zarur.
O‘quv jarayoni bir nechta o‘quv bloklariga ajratilgan holda olib boriladi. Bunda boshqaruv iqtisodiyoti, umumiy menejment, korporativ boshqaruv, korporativ moliya, marketing menejmenti singari yettita mutaxassislik faniga alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, ularni o‘zlashtirish tinglovchilar uchun majburiy hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quv dasturlari umummetodologik hamda tanlov fanlari, shuningdek, ilmiy faoliyatni qamrab olgan.
Shu kunlarda 2016/2017 o‘quv yili uchun magistraturaga tinglovchilarni qabul qilish ishlari qizg‘in ketmoqda. Hujjatlarni qabul qilish joriy yilning 20 iyulida boshlangan bo‘lib, 20 avgustga qadar davom etadi. Shu muddat davomida oliy ma'lumotli, oliy ta'lim muassasasini bitirgandan so‘ng kamida uch yillik ish stajiga ega 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan xo‘jalik boshqaruvi organlari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirishlari mumkin.
Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi bilan hamkorlikdagi “Rahbar xodimlar uchun korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari” malaka oshirish kursini hozirgacha 262 rahbar xodim tamomlab, ularning 128 nafari Germaniyada malaka oshirib qaytdi.
Markazda korporativ boshqaruvchi malaka attestatini olmoqchi bo‘lganlarga maxsus kurs tashkil etilgan. Hozirgacha mazkur kursni tamomlagan 352 tinglovchidan 179 nafariga malaka attestati berildi, qolganlarini ham suhbatdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda.