Jamiyat | 16:41 / 23.08.2016
15095
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo: tarix va kelajak chorrahasida

Mustaqillik yillarida Surxondaryo viloyatida ham ulkan o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. Shahar va qishloqlar tobora zamonaviy qiyofa kasb etib, aholi turmush farovonligi yuksalib borayotir. Sobiq tuzum davrida faqat xomashyo bazasi sifatida qaralgan hudud bugun sanoatning bir necha turi jadal rivojlanayotgan viloyatga aylandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 977,2 milliard so‘mlik yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish 9,8 foizni tashkil etdi. Bunda sanoatning ulushi 5,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,8, qurilish-montaj ishlari 17,3, chakana savdo aylanmasi 14,5, xizmatlar hajmi 16,2 foizga oshdi. Ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 16,7, jumladan, xorijiy investitsiyalar 12,6 foizga o‘sishi ta'minlandi.

Viloyatning 2016 yilgi investitsiya dasturiga muvofiq, 215 milliard so‘mlikdan ziyod 89, jumladan, xorij investitsiyasi ishtirokida 8 loyiha amalga oshirilib, 1 ming 345 yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida amalga oshirilgan 106,3 milliard so‘mlik 894 loyiha doirasida 5 ming 300 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Joriy yilning birinchi yarmida 883 yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etilib, uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62,7 foizga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 388 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.

Barcha toifadagi xo‘jaliklarning 125 ming 646,8 gektarida meva, uzum, sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari, sholi, yeryong‘oq va boshqa dukkakli ekinlar yetishtirilmoqda. 2014 yilda 1426,3 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lsa, 2015 yili bu ko‘rsatkich 1584,6 ming tonnani tashkil etdi. 

2020 yilga qadar viloyatda 14,3 ming gektar paxta yetishtiriladigan maydonlar, 5 ming gektar g‘alla maydonlari, jami 19,3 ming gektar sug‘oriladigan yerlar qisqartirilib, o‘rniga 3 ming gektarga kartoshka, 8,7 ming gektar sabzavot, 1,2 ming gektar moyli va 4 ming gektar ozuqabop ekinlar ekish hamda yangi 1,8 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etish rejalashtirilgan.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan 12 ming 209 fermer xo‘jaligidan 7 ming 878 tasi bog‘dorchilik, meva-sabzavot va uzumchilikka ixtisoslashtirilgan. Ayni paytda 5,7 ming gektarlik intensiv bog‘larda xushta'm mevalar yetishtirilayotir. 2,1 ming gektarlik issiqxonalar qish va bahor faslida ham bozorlardagi to‘kinlikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.

2015 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va uni rivojlantirish dasturiga asosan viloyatda 1448 fermer xo‘jaligi tomonidan 57 milliard 604 million so‘mlik 1 ming 704 loyiha amalga oshirildi. 

Viloyatda ayni paytda 17,3 ming tonna mahsulot saqlash imkoniyatiga ega 39 muzlatgich omborxona faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunda hududda bunday korxonalar soni 12 ta bo‘lsa, 2020 yilga borib ularni 57 taga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning yanvar-may oylarida viloyatda 4,1 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 6 barobar o‘sib, 24,5 million dollarni tashkil etdi. E'tiborlisi, so‘nggi yillarda shaxsiy tomorqasida yetishtirgan mahsulotini eksportga chiqarayotgan mirishkorlar safi ham kengaymoqda.

Mavzuga oid