18 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan jurnalistlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.

Videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari S. Artikova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili U. Muhammadiyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini tubdan yangilash va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish, saylash va saylanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan asosiy siyosiy huquqlarini to‘liq ta'minlab kelayotgan, demokratik standartlarga har tomonlama mos bo‘lgan saylov tizimi yaratilganini alohida qayd etdi.

Saylovga boshqa davlat organlarining har qanday aralashuvisiz tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta'minlaydigan mustaqil saylov komissiyalarini shakllantirishning demokratik mexanizmlari joriy etildi. Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani hamda mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik Komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida belgilab qo‘yilgani bunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Anjumanda keyingi yillarda saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha mamlakatimizda to‘plangan tajriba, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalarini inobatga olgan holda Prezident saylovi bo‘yicha qonunchilik qoidalari va huquqni qo‘llash amaliyoti yanada takomillashtirilganiga e'tibor qaratildi. Bunday yangilik va o‘zgarishlar, xususan, fuqarolarning saylov huquqlari va o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta'minlash kafolatlarini kuchaytirishda, saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligini yanada kengaytirishda o‘z aksini topdi. 

Bundan tashqari, qonunchilikda saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uning turlari, shakllari va usullari, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi belgilab qo‘yildi, saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalari miqdori mamlakatimizdagi jami saylovchilar umumiy sonining kamida besh foizidan bir foizga kamaytirildi, saylovga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik joriy qilindi.