Jahon | 15:25 / 20.10.2016
8435
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspertlar: Mo‘sulga hujum qilish Klinton saylovoldi kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkin

Foto: AFP

Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish amaliyoti AQShdagi prezidentlik kampaniyasi bilan bog‘liq. Terrorchilarning Iroq hududini tark etishi esa, Suriya, Eron va Rossiyaga boshog‘rig‘i bo‘ladi, deb hisoblamoqda rossiyalik ekspertlar. 

17 oktabrda boshlangan hujumda Iroq qurolli kuchlari va politsiya bo‘linmalari, kurd harbiy guruhlari ishtirok etmoqda. Ular, xalqaro koalitsiya aviatsiyasi ko‘magida Mo‘sulga shiddatli yurishlarni davom ettirmoqda. 

AQSh prezidentligi uchun so‘nggi telebahsdan avval, Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton Mo‘sulni qaytarish uchun og‘ir janglar bo‘lishini aytgan edi. 
"O‘ylaymanki, biz Mo‘sulni qaytarib olamiz, so‘ngra Raqqani ozod qilish uchun Suriyaga yuramiz", — degan Klinton ushbu amaliyotga fikrini bildirar ekan. 

Respublikachilar nomzodi Donald Tramp esa, o‘z navbatida Mo‘sulni ozod qilish amaliyoti Klintonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotganini aytgandi. 
"Bilasizmi, Mo‘sulda kim g‘olib bo‘ladi va nima uchun hujum qilinmoqda? Chunki, Klinton prezident bo‘lmoqchi. Shu boisdan ular shijoatli ko‘rinishni xohlashmoqda", — degan Tramp AQShning amaldagi prezidenti Barak Obama ma'muriyatini nazarda tutib. 

Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori maslahatchisi, sharqshunos Yelena Suponinaning RIA Novosti bilan o‘tkazgan suhbatida ta'kidlashicha, Mo‘sulni ozod qilish amaliyoti sentabr oyida ham o‘tkazilishi mumkin edi. Ammo, u texnik murakkabliklar va siyosiy maqsadlar tufayli ortga surilgan. 

"Siyosiy maqsadlar orasida, AQSh prezidentlik saylovi arafasida ijobiy taassurot uyg‘otish fikri borligi aniq. Amerika yetakchisi Barak Obama uchun Yaqin va O‘rta sharqda qandaydir muvaffaqiyatga erishish juda muhim. Shu paytgacha, Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralardan tashqari boshqa e'tiborli natijaga erishilmagan edi", — degan Suponina. 

Rossiya iqtisodiyot oliy maktabi jahon iqtisodiyoti va jahon siyosati fakulteti dekani muovini Andrey Suzdaltsevning agentlikka bildirishicha, Mo‘suldagi IShID jangarilari " hech qayoqqa g‘oyib bo‘lishmaydi, balki Suriyaga yo‘l olishadi". "Bu yerda ularni kutib turishibdi. Ammo, Suriya armiyasi besh yildan beri urush olib borish bilan ancha zaiflashgan". 

Suzdaltsevning ham qayd etishicha, amaliyotni boshlash muddati tasodifan tanlangan emas, u AQShdagi saylovlar bilan bog‘liq. "Oktyabr oyi oxirigacha cho‘zishdi, aslida unchalik ham qulay ob-havo emas, shunga qaramay, saylovlar muammosi tufayli boshlab yuborishdi",- degan ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mo‘sulni ozod qilish bo‘yicha harbiy amaliyot natijasining saylovlarga ta'siri sezilarli bo‘ladi. "Bu safargi saylovlar noyobligi shundaki, ichki muammolar to‘lig‘icha unutilgan va tashqi siyosat katta o‘rin tutmoqda. Rossiya va AQShning qarama-qarshiligi shunchalik jiddiyki, demokratlar rosmana urush tahdidi ostida Klintonni Oq uyga keltirishni istayotgandek ko‘rinadi. Bu holat, AQShning so‘nggi 30 yillik tarixida kuzatilmagan voqelik", — degan Suzdaltsev.

 

Mavzuga oid