Jahon | 10:46 / 11.12.2016
6397
7 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Konstitutsiyani o‘zgartirishga doir referendum va mahalliy saylovlar o‘tkazilmoqda

Foto: gazeta.respub.kg

11 dekabr, yakshanba kuni Qirg‘izistonda umumxalq referendum o‘tkazilmoqda — mamlakat fuqarolari Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun ovoz berishmoqda. RIA "Novosti" shu mavzuda so‘z yuritdi.  

Referendum jamiyatda qizg‘in bahsga sabab bo‘ldi: o‘zgarishlar tarafdorlarining ma'lum qilishicha, bu o‘zgarishlar parlamentarizmni mustahkamlashga yo‘naltirilgan, ularning raqiblari esa prezident Almazbek Atambayevning atrofidagilar shu tariqa hukumatni o‘z qo‘lida saqlab qolishga urinayotganligini ta'kidlashmoqda. 

Referendum bilan bir vaqtda qator aholi punktlarida mahalliy kengashlar saylovlari ham bo‘lib o‘tadi. 

Yana o‘zgarishmi?

Joriy Konstitutsiya Asosiy qonunining Qirg‘iziston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyingi (25 yil) sakkizinchi variantidir. Matn 2010 yilning aprelidagi davlat to‘ntaruvidan ikki oy o‘tib qayta tuzilgan. Konstitutsiya loyihasi Venetsiya komissiyasining xalqaro ekspertizasidan o‘tgan va 2010 yilning yozida umumxalq referendum paytida saylovchilarning 90 foizdan ortig‘i ovozi bilan qabul qilingan. 

Matnda mamlakat Asosiy qonunini 2020 yilgacha o‘zgartirishni taqiqlovchi punkt mavjud.

Konstitutsiyaga yangi o‘zgarishlarning kiritilishi Jo‘qorg‘u Keneshdagi (parlamentdagi) hukmron koalitsiyaning tanazzuliga sabab bo‘ldi. Oktyabrning oxirida referendum tashabbuskorlaridan biri Qirg‘izistonning sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) parlament ko‘pchiligi  tarkibidan chiqish haqida ma'lum qildi, bu hukumatning iste'fosiga olib keldi. Yangi koalitsiyaga referendumga qarshi ikki asosiy raqib - "Ata-Meken" va "Onguguu-Progress" fraksiyalari kiritilmadi. 

Bir qator yirik siyosatchilar, shu jumladan sobiq prezident Roza Otunbayeva va joriy Konstitutsiya "otasi" Omurbek Tekebayev o‘zgarishlarga qarshi chiqishdi. 

Nima uchun ovoz berishmoqda?

Saylovchilarga berilgan savolga "ha" yoki "yo‘q" deb javob berish taklif etiladi. Savol: "Jo‘qorg‘u Kenesh tomonidan loyihasi referendumga qo‘yilgan QR Konstitutsiyasiga o‘zgarishlar kiritish haqida"gi qonun qabul qilinsinmi?"

Mualliflarning fikricha, Asosiy qonundagi o‘zgarishlar to‘rt blokdagi muammolar yechimini topishga qaratilgan: hukumat tarmoqlari orasidagi o‘zaro hamkorlik tamoyillarini aniqlashtirish, huquqni muhofaza qilish va sud tizimi islohotlari, qirg‘iz jamiyatida yuksak qadriyatlar tizimini shakllantirish va davlat tili (qirg‘iz tili) hamda rasmiy tildagi (rus tili) matnlar o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish. 

To‘g‘irlashlar Konstitutsiyaning jami 30 moddasiga tegishli bo‘ladi. Xususan, Asosiy qonundan respublikani inson huquqlari bo‘yicha xalqaro organlarning qarorlarini bajarishga undovchi norma olib tashlanadi. Bundan tashqari, bir jinsli nikohlarni taqiqlovchi punkt kiritiladi. Mamlakat sud tizimiga tegishli o‘zgarishlar ham yirik blokka kiradi. 

Eng ahamiyatga molik o‘zgarishlardan biri bosh vazir  vakolatlarini kengaytirish hisoblanadi. Xususan, o‘zgarishlar vazirlar mahkamasi rahbarining prezident fikridan qat'i nazar, vazirlar, shuningdek davlat ma'muriyatlari rahbarini (mahalliy kengashlar ishtirokisiz) tayinlash va ishdan bo‘shatishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, bosh vazir davlat byudjyeti xarajatlarini oshirishga yo‘naltirilgan har qanday qonun loyihasini bloklash huquqiga ham ega bo‘ladi.  

Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritishga qarshi tomonning fikricha, Atambayevning atrofidagilar shu yo‘l bilan hukumatni o‘z qo‘llarida saqlab qolishmoqchi. Ular bosh vazir vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan moddalar 2017 yil oxiridan, ya'ni Atambayevning prezidentlik muddati tugagandan keyin kuchga kiritilishi rejalashtirilganiga ishora qilishmoqda.

Konstitutsiyaga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti faqat bir marta olti yillik muddatga saylanishi mumkin, lekin bosh vazir lavozimiga istaganicha da'vogarlik qila oladi. 

Shunga qaramay, prezident bir necha marotaba bosh vazir lavozimiga da'vogarlik qilmasligini ma'lum qilgan. 

Ovoz berish jarayoni

Qirg‘iziston hududidagi barcha saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 8:00dan 20:00gacha faoliyat ko‘rsatadi. 

Ovoz berish jarayonida ro‘yxatga olingan fuqarolarning 30 foizdan ortig‘i (855,3 mingdan ziyod kishi) qatnashsa, referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi.

Faqat ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar va ichki pasport - ID-card'ga ega kishilar ovoz berishda qatnashishi mumkin. Boshqa hujjatlar qabul qilinmaydi. 

MSK mamlakatdan tashqarida 35 saylov uchastkasini ochdi. 

Targ‘ibot ishlari ovoz berishga 24 soat qolganda, ya'ni 10 dekabr soat 8:00da to‘xtatildi. MSK ma'lumotlariga ko‘ra, "jimlik kuni" qonunbuzarliklarsiz o‘tgan. 

Qonunga ko‘ra, MSK referendumning rasmiy xulosalarini ovoz berilgan kundan boshlab, 35 kun ichida e'lon qilishi kerak. 

Kuzatuvchilar

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilar orasida - MDH missiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, xorijiy mamlakatlarning Qirg‘izistondagi elchixonalari vakillari va turli mamlakatlarning MSK delegatsiyalari bo‘lishi ma'lum qilingan. 

Shunisi diqqatga sazovorki, ro‘yxatda YeXHT kuzatuvchilar missiyasi yo‘q. Qirg‘iziston MSK va YeXHT tomonidan bu qarorga hech qanday izoh berilmadi. Ta'kidlash joizki, mamlakatda Markaziy Osiyoda yagona YeXHT markazi va YeXHT akademiyasi faoliyat yuritadi. 

Saylovlar

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, 11 dekabr yaqinlashgani sari siyosiy qiziqish darajasi referendumdan mahalliy saylovlar tomon siljidi. Saylovlar shu kuni respublikaning 405 aholi punktida bo‘lib o‘tadi. 

MSK ma'lumotlariga ko‘ra, shahar kengashlarining 595 o‘rniga 35 siyosiy partiyadan taxminan 7,2 ming nomzod da'vogarlik qilmoqda. 

Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, ovoz berishda asosiy qonunbuzarliklarni aynan mahalliy saylovlardan kutilmoqda. Kuzatuvchilar hozirning o‘zidayoq saylovchilarning "sotilganligi" haqida ma'lum qilishmoqda. 

Mavzuga oid