14:24 / 17.03.2017
133201

O‘zbekistonning sobiq rahbarlaridan biri vafot etdi

O‘zbekistonning sobiq rahbarlaridan biri Inomjon Buzrukovich Usmonxo‘jayev 17 martga o‘tar kechasi, 87 yoshida vafot etdi.

Inomjon Usmonxo‘jayev Sharof Rashidovdan keyin 1983-1988 yillarda Respublikaga rahbarlik qilgan. U shu vaqtgacha tirik bo‘lgan O‘zbekistonning ikki sobiq rahbaridan biri edi. (1988-1989 yillarda O‘zbekiston KP MQ birinchi kotibi bo‘lgan Rafiq Nishonov 1989 yildan buyon Moskvada umrguzaronlik qilmoqda - tahr).

Inomjon Usmonxo‘jayev 1930 yilning 20 may kuni Farg‘onada tavallud topgan.

1955 yilda O‘rta Osiyo politexnika instituti tamomlagan.

Muhandis, Marg‘ilon shahri bosh me'mori bo‘lib ishlagan.

1962 yildan partiya ishiga o‘tgan, Farg‘ona shahar kengashi raisi, O‘zbekiston KP Sirdaryo viloyat qo‘mitasi kotibi, Sobiq Ittifoq MQ xodimi bo‘lib ishlagan.

1972-1974 yillarda – Namangan viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

1974 yilning dekabridan 1978 yilning dekabriga qadar – O‘zbekiston KP Andijon viloyati qo‘mitasi birinchi kotibi.

1978 yilning 22 dekabridan 1983 yilning 20 dekabriga qadar – O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidium Raisi, shu bilan bir vaqtda – 1979 yilning 18 aprelidan 1983 yilning 28 dekabriga qadar – Sobiq Ittifoq Oliy Kengashi Prezidiumi Raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

1983 yilning 3 noyabridan 1988 yilning 12 yanvariga qadar – O‘zbekiston KP MQ birinchi kotibi.

Keyinchalik “qayta qurish” davrida korrupsiyada ayblanib, O‘zbekiston KP MQ birinchi kotibi lavozimidan ozod etilgan, Sobiq Ittifoq Oliy Kengashi Prezidiumi a'zoligidan chetlashtirilgan. 1988 yilning 28 noyabrida Sobiq Ittifoq Kommunistik Partiyasi MQdan ham chiqarilgan.

1989 yilning 27 dekabr kuni «Paxta ishi» bo‘yicha 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 1990 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ozodlikka chiqqan.

So‘nggi vaqtlarda I.B.Usmonxo‘jayev Farg‘ona shahrida o‘g‘illari va nabiralari bilan birgalikda yashayotgan edi.

Usmonxo‘jayev haqida filmlar olingan, kitoblar yozilgan. Xususan, Rafiq Nishonovning «Daraxtlar tonggacha ko‘karadi» nomli, 2012 yilda e'lon qilingan asarida ham unga alohida bob ajratilgan. Shuningdek, «Otamdan qolgan dalalar» va «Generallar o‘yini» romanlarida Usmonxo‘jayev bilan bog‘liq syujyetlar bor.

«Kun.uz» tahririyati marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid
Top