18:39 / 20.03.2017
43174

Zidanga so‘kingan Ronaldu, Messining yangi rekordi, APL Robin Gudi va uik-endning boshqa eng yorqin lahzalari

Hafta oxiri voqealarga boy bo‘ldi. Angliyada Klopp va Gvardiola to‘qnashuvi kuzatildi, Ispaniyada ikki grand yaqqol ajralib qoldi. Germaniyada esa kutilganidek mavsum oxiriga yaqin «Bavariya» mashinasi tezlik oldi. Shu va uik-endning boshqa eng muhim voqealari bilan Tribuna.Uz tanishtirib o‘tadi.

«Liverpul» hamon Robin Gud rolida
Angliya premer-ligasining 29-turida markaziy uchrashuv so‘zsiz «Etihad» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Siti» «Liverpul»ni qabul qildi, jamoalar g‘olib nomini aniqlay olishmadi. «Liverpul» kuchli oltilikdagi jamoalarga qarshi navbatdagi uchrashuvni ham mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Jamoaning eng qiziq statistikasi ham shunda. Klopp shogirdlari kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda qanchalik yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa, autsayderlarga qarshi o‘yinlarda shuncha ko‘p muammolarga duch kelmoqda

Angliyadagi yana bir muhim voqeilik «Manchester Yunayted»ning g‘alabasidan so‘ng kuzatldi. 148 kun mobaynida 6-o‘rnida borgan Mourino jamoasi nihoyat bu turda «Midlsbro»ning uyidagi zafardan keyin yuqoriga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi. Albatta bunga «Arsenal» ham «Vest Bromvich»ga qarshi uchrashuvdagi nursiz o‘yini orqali sababchi bo‘ldi. Ushbu o‘yin arafasida «Arsenal» muxlislari ikkiga bo‘lindi. Jamoa murabbiyi Arsen Vengerga qarshi va uning tarafdori bo‘lgan guruhlar unga qarshi va uni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlarni osmonga olib chiqishdi. Endilikda Venger jamoasini «Everton» ham izma-iz ta'qib qilib kelmoqda.

Yetakchilikka da'vogarlarning o‘zaro o‘yinlaridagi murosalaridan «Chelsi» va «Tottenhem» unumli foydalanib qoldi. «Chelsi» chempionlik uchun juda muhim qadamlarni tashladi. Endilikda jamoa chempion bo‘lishi uchun qancha ochko to‘plashi kerakligini Antonio Konte allaqachon hisoblab chiqishga ulgurdi. «Tottenhem» qariyb asriy natijani takrorlashga muvaffaq bo‘ldi.

La-ligada «eski tog‘ora» 
Mavsum boshida «Sevilya» ko‘rsatgan o‘yin orqali ko‘pchilik Ispaniyada ham chempionlik uchun to‘rtta jamoa kurash olib borishini ta'kidlagandi. Ammo yevrofutbol yili nihoyasiga yaqin barchasi «Oltin baliqcha» ertagi kabi o‘z holiga qayta boshladi.

«Sevilya» YeChL uchun kurashdagi eng aososiy raqibi «Atletiko»ga safar uyushtirib imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endilikda bu ikki jamoa o‘rtasidagi farq ikki ochkogacha qisqargan. Sevilyaliklarning baxtiga 4-o‘rindan pastda borayotgan «Vilyarreal» va «Real Sosedad» kabi jamoalar ham so‘nggi turlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda. Aks holda bir oycha muqaddam chempionlik uchun kurashayotgan Sampaoli jamoasi bugunga kelib YeChL yo‘llanmasini ham xavf ostida qoldirgan bo‘lishi mumkin edi.

Ta'qibchilarning bo‘sh o‘yinidan esa ikki grandlar unumli foydalanishmoqda. «Real» bu turda «Atletik» mehmoni bo‘lib, qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ronaldu ushbu o‘yin vaqtida zaxiraga olingani uchun norozi bo‘ldi, Zidan esa u ham boshqa futbolchilar qatori almashtirilishi mumkin ekanini bildirdi. «Barselona» o‘z uyida «Valensiya»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvda dubl qayd etgan Messi yana bir rekord o‘rnatdi. Qo‘shimchasiga navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘ladigan kartochkani ham ishlab oldi. Shuningdek, «Barselona» ham 46 yildan buyon qayd etilmay kelinayotgan noyob natijani takrorladi.

Quvvati tugagan «RB» 
Avstriyaning mashhur energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi «Red Bull» konserniga tegishli bo‘lgan «Leyptsig» mavsumni qanchalik ishonchli boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ular qolgan uchrashuvlarni shunchalik bo‘sh o‘tkazmoqda.

Hazenxyuttl shogirdlari bu turda «Verder»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bundan esa «Borussiya» unumli foydalanib qoldi. Endilikda ikki jamoa o‘rtasidagi farq uch ochkoni tashkil qilmoqda. Ammo bu ham «Leyptsig»ga xotirjamlik bera olmaydi. Bu turda g‘alaba qozongan «Hoffenhaym» sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.

«Bavariya» esa asta-sekin mashinasining quvvatini oshirib bormoqda. Myongxengladbaxda qiyinchilik bilan bo‘lsada, g‘alaba qozongan Anchelotti shogirdlari ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni 13 ochkoga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘sha-o‘sha Italiya
Bu hafta Italiyada barchasi bir tekisda davom etdi. YeChL o‘rnida turgan uchchala jamoa ham o‘z o‘yinini g‘alaba bilan yakunladi. «Yuventus» Genuyadan o‘zi uchun sevimli hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi. «Napoli» sal bo‘lmasa g‘alabani qo‘ldan chiqaray degandi, «Roma» esa dastlab to‘p o‘tkazib yuborganiga qaramay iroda ko‘rsatdi. «Yuventus» turnir jadvalida hamon «Roma»ni 8, «Napoli»ni 10 ochkoga ortda qoldirgan holda peshqadamlik qilmoqda. 

Yevrokuboklar uchun kurash olib borayotgan «Milan» bu turda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi, «Inter» Turinda durang qayd etgan bo‘lsa, «Atalanta» o‘z uyida autsayder «Palermo»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.

«Qo‘rqinchli tush»dan uyg‘ongan Parij va taslim bo‘lgan «Nitstsa»
Fransiya chempionatida ham chempionlik uchun kurash olib boradigan jamoalar soni ikkitagacha qisqardi. Ketma-ket ikkinchi turda ham durang qayd etgan «Nitstsa» bu kurashdan butkul chiqib ketdi. Ammo «Monako» va «PSJ» ko‘rinishidan so‘nggi turga qadar bu masalada o‘zaro hisob-kitob qiladigan ko‘rinadi.

18 yoshli Kilian Mbappening dubli Yevropaning eng sermahsul jamoasiga navbatdagi yirik g‘alabani keltirgan bo‘lsa, Kataloniyadagi qo‘rqinchli tushdan so‘ng «Parij» to‘liq o‘ziga kelib olganini markaziy uchrashuvda isbotladi. «Lion» hisobni ochgan o‘yinda Emeri shogirdlari baribir g‘alabani ilib ketdi.

Shuningdek...
Bu haftada Rossiya chempionatida ham bir qator markaziy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Peshqadam «Spartak» ochko yo‘qotdi va bundan «Zenit» va TsSKA unumli foydalandi. Irlandiyada esa noxush xabar tarqaldi. Chempionatning muntazam ishtirokchilaridan biri «Derri»ning sodiq sardori o‘z uyidan  jonsiz holda topildi. Hozircha o‘lim sabablari no'malumligicha qolmoqda.

Top