Jahon | 21:11 / 26.03.2017
45312
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi namoyishlar: hammasi nimadan boshlandi?

Rossiyalik siyosatchi, jamoat arbobi, bloger va yurist, "Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi" asoschisi Aleksey Navalniy chorlovlariga binoan Rossiyaning ko‘plab shaharlarida korrupsiyaga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tmoqda.

Ilgariroq Navalniy Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan katta miqdorda pullar o‘zlashtirilganligi haqida "U sizga Dimon emas" ("On vam ne Dimon") hujjatli filmini internet-saytlar orqali namoyish qilgan edi. Bugungi kunga kelib, ushbu film 15 million marta tomosha qilingan. Filmga ko‘ra D.Medvedev 70 milliard rubldan ortiq pulni o‘z do‘stlari va yaqinlariga tegishli turli fondlar orqali o‘zlashtirgan, Rossiyaning turli shaharlarida qasrlar qurgan, qimmatbaho yaxtalar sotib olgan, shuningdek, Rossiya va Italiyada gektarlab sharob navli uzumzorlarga egalik qiladi.

«U sizga shunchaki Dimon emas». Medvedevning «maxfiy imperiya»si fosh etildi

Qayd etish joizki, Rossiya Federatsiyasi bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasi, hukumat ham, davlat rahbariyati ham ushbu filmga o‘z munosabatlarini bildirishmadi. Faqatgina prezident va bosh vazirning matbuot kotiblari "sudlangan shaxsning o‘rinsiz baqir-chaqirlari" degan bahoni berishdi.

Mamlakat rahbariyati tomonidan biror reaksiya bo‘lmagach, muxolifatdagi "Taraqqiyot partiyasi" markaziy kengashi boshqaruvchisi hisoblanuvchi Aleksey Navalniy o‘z tarafdorlarini 26 mart kuni Rossiya shaharlari bo‘ylab korrupsiyaga qarshi tinch namoyishga chiqishga chorlagan edi.

Bugungi mitinglarda ishtirok etish uchun avvalroq Rossiyaning 100 ga yaqin shaharlari ma'muriyatiga so‘rovlar jo‘natilgan, aksariyat shaharlarda muxolifat mitingiga rad javobi berilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, tinch namoyishga asossiz rad javobi berish mumkin emas va 3 kunlik muddat ichida miting o‘tkazilishi uchun boshqa joy tavsiya etilishi lozim. Juda ko‘p shaharlarda, jumladan poytaxt — Moskvada 3 kunlik muddat talabi bajarilmagan va Rossiya Federatsiyasi konstitutsion sudi qaroriga ko‘ra miting avtomatik muvofiqlashtirilgan hisoblanadi.

Shu sababli Navalniy tarafdorlari o‘z so‘rovida ko‘rsatilgan huddud — poytaxtning Tver ko‘chasi bo‘ylab tinch namoyishga chiqishdi. Bu vaziyatda namoyishga to‘sqinlik qilish uchun ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘cha yopilmadi, ko‘cha piyodalar yo‘lagi qismidan qatnov qismiga chiqib ketgan namoyishchilar hibsga olina boshlandi. Aleksey Navalniy ham Tver ko‘chasi va Mamonov torko‘chasi chorrahasini kesib o‘tish vaqtida qo‘lga olindi.

Politsiya bo‘linmasiga olib ketilgan Navalniy "Men bilan hammasi yaxshi. Bo‘linmaga keltirishdi. Politsiyachi bilan Dimon haqidagi filmni muhokama qilyapmiz. Tinch sayrni davom ettiraveringlar. Bugun ob havo yaxshi", "Bu dunyoda qo‘lga olinish uchun loyiq bo‘lgan narsalar bor", deb tvit yozgan.

Rossiya shaharlarida o‘tkazilayotgan mitingdan "Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi" ofisidan turib Internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn reportaj uyushtirildi. Reportajni 150 mingdan ziyod kishi Youtube kanalida onlayn tomosha qilayotgan bir paytda avvaliga ofis elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan, keyin politsiya tomonidan tintuv o‘tkazilib, ofisdagilarning barchasi politsiya bo‘linmasiga olib ketilgan.

Bu borada Navalniy Tvitterda quyidagi fikrni qoldirgan: "70 mlrd. rubllni Medvedev o‘g‘irlagan, tintuv esa KQKF ofisida o‘tkazilmoqda. Mana, nima uchun butun Rossiya bo‘ylab mitinglar bo‘lmoqda".

Namoyishlar geografiyasiga nazar solinsa, u dastlab Uzoq Sharqdagi shaharlardan boshlandi.

Vladivostokda boshlangan mitingda ishtirokchilarning bir qismini politsiya bo‘linmasga olib ketishdi. Namoyishchilar bo‘linma oldida ham ushlanganlarni qo‘yib yuborishni talab qilishdi.

Xabarovsk, Barnaul, Chita, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Irkutsk, Tomsk, Ufa, Samara, Ijyevsk, Saratov, Nijniy Novgorod, Sankt-Peterburg, Kaliningrad kabi yirik shaharlarda minglab fuqarolar tinch namoyishga chiqib, korrupsiyaga qarshi o‘z munosabatlarini bildirishdi.

25 mart kuni kechqurun mitingda ishtirok etish uchun 99 shahar vakillari xohish bildirishgani ma'lum bo‘lgan edi. Ulardan, 72 tasida shahar ma'muriyatlari bilan miting o‘tkzaish joyi muvofiqlashtirilmagan. Shu holatda ham belgilangan muddatda namoyish o‘tkazish uchun boshqa joy taqdim etmagani uchun Rossiya konstitutsion sudining qaroriga asoslanib, 63 shahar vakillari namoyishga chiqishlarini bildirishgan. 21 ta shaharda namoyishlar shahar ma'muriyati bilan qonun doirasida muvofiqlashtirilgan; uch shaharda ma'muriyat qarorini kutib turishgan, 4 ta shaharda noma'lum vaziyat ro‘y berib turgan edi. Rossiyaning 84 yirik shahrida namoyishlar bo‘lib o‘tishi bir kun oldin aniq edi.

Yevropa shaharlarida esa Germaniyaning Bonn va Shveytsariyaning Bazel shaharlarida bosh konsullik binosi oldida piketlar uyushtirilishi mo‘ljallanmoqda.

Politsiya bo‘linmasdan Navalniyning yozgan so‘nggi tvitida shunday so‘zlar bor:

"Bugun ko‘chaga chiqqanlar bilan faxrlanaman. Sizlar — mamlakatimizning eng sara insonlari va Rossiyaning sog‘lom kelajagi umidisizlar".

Mavzuga oid