Musofir qotillar
Dunyoda shunday insonlar borki, yaratganning unga tortiq etgan nasibasiga shukr qilib, halol mehnati evaziga atrofidagilarning izzat hurmatiga sazovor bo‘lib yashamoqlikni afzal deb biladilar va o‘zlarining ezgu amallari bilan havas qilsa arzigulik nom, obro‘ qozonadilar. Bunday insonlarni parvardigor ham qo‘llaydi.
Lekin oramizda shundaylar ham borki, ular «yengilning ustidan og‘irning ostidan» yurib, birovning peshona teri evaziga orttirgan mol-mulkiga ko‘z olaytirib, osongina boylik orttirish ilinjida jirkanch ishlarga qo‘l urishdan, qabih jinoyatlar sodir etishdan ham tap tortmaydilar.
Botir aka o‘g‘illari Shuhrat va Sherzod Ortiqovlarga (ism-shariflari o‘zgartirilgan) o‘zining ota kasbi bo‘lgan duradgorlikni o‘rgatish ilinjida harchand kuyinmasin, nokas o‘g‘illar unga sira ham quloq solmasdan, otaning topganiga bakovul bo‘lib qolishdan nari o‘tmadilar. Usta duradgor Botir aka shu hunari ketidan ikki o‘g‘lini ham voyaga yetkazib, uylantirishga ulgurgan edi. Har biri oila boshi bo‘lgan o‘g‘illar ro‘zg‘or tebratish, oila boqish, orzu havas qilish o‘rniga go‘yo mehnat qilishga arzigulik tayinli ishning o‘zi yo‘qligini bahona qilib yuraverdilar. Sho‘rlik ota esa, o‘g‘illari ertaga o‘z ro‘zg‘orini qay yo‘l bilan tebratishini, tekintomoqlar filni yiqitgudek kuchga kiribdilar hamki biror-bir yumushni bajara olmasliklarini o‘ylayverib kasalmand bo‘lib qoldi.
Bu orada bir hovlida sig‘magan kelinlar ham bir-birlari bilan kunora janjallashar, buning oqibatida aka-ukalar xotinlari himoyasida bir-birlarini yanchib tashlashga tayyor dushmanlarga aylanib qolishdi. O‘rtada sho‘rlik Botir aka ayoli Xosiyat xola bilan bu muammolarning oxirini o‘ylayverib butkul adoyi tamom bo‘ldilar.
Shu zaylda o‘tib borayotgan kunlarning birida Botir akani yo‘qlab kelgan jiyani Komiljon mehmondorchilikka keladi. Komiljon uzoq yillardan beri Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘zining mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, hattoki, begona yurtda ham o‘zining mehnati, uddaburonligi bilan ayrim mahalliy ruslardan o‘zib ketgan edi. Lekin, 40 yoshga borib qolgan bu yigit hali uylanishni o‘ziga ixtiyor etmagan. U yerda o‘zining biznesi, qo‘sha-qo‘sha savdo majmualarining egasi sanalgan Komiljonning fayz-baraka, mehr-oqibat yo‘qolib borayotgan ushbu xonadonga tashrif buyurishi Botir aka xonadonidagi muhitni tubdan o‘zgartirdi.
- Rossiyada katta biznes boshlaganman, yo‘q demasangiz jiyanlarim Shuhrat bilan Sherzodni o‘zim bilan birga olib ketsam, sababi, u yerda menga yordam beradigan, menga qarashadigan o‘zimning jigarlarim bo‘lsa degandim.
Komiljonning bu taklifiga Botir aka oiladagi holat va muhitni e'tiborga olib, hech ikkilanmasdan rozilik berdi. Bekorchi o‘g‘illarning esa, tayinli ish topilganidan, boshlariga baxt qushi qo‘nganligidan og‘zi qulog‘ida edi.
Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Komiljon Rossiyaga qaytish vaqti kelganligini, Shuhrat va Sherzodga tayyorgarlik ko‘rishlarini tayinlab, ularga ham chiptalar olib qo‘yganligini aytadi.
Rossiya. Moskva shahri. Sherzod bilan Shuhrat garchi, shu vaqtgacha o‘zlarining qishloqlaridan boshqa shaharni ko‘rmagan bo‘lsalar ham, o‘zlarini xuddi dunyo ko‘rgan ishbilarmonlar kabi tutishni, oliftagarchilikni haddan ziyod eplay oladigan yigitlar. O‘zga yurtda, begona odamlar orasida musofirchilikda yashab, o‘zining hurmat va mavqeiga ega bo‘lgan Komiljon esa, qisqa vaqt ichida jiyanlaridagi havoyi o‘zgarishlarni ko‘rib, ba'zan ularni jyerkib tartibga, ba'zan esa, odmilik, insof va diyonatga chaqirar, ularning quloqsizligidan, beparvoligidan xavotirga tushar edi.
Shahar markazida faoliyat ko‘rsatayotgan savdo majmualarining birida Shuhrat, birida esa Sherzod majmualarga kelgan mollarni va oziq-ovqatlarni qabul qilib olishar, hisobini yuritishar, Komiljon esa jiyanlariga ushbu inshootlarni ishonib topshirib, o‘z biznesini yanada rivojlantirish yo‘lida tinmay yugurar edi. Lekin, ularning faoliyatini shaxsan o‘zi kunora nazorat qilib, tekshirib turar edi. Shu zaylda oylar ketidan yillar o‘tib, aka-uka Sherzod va Shuhrat Ortiqovlar Komiljonning ko‘magida anchagina boyishga, Botir aka esa, o‘g‘illari jo‘natgan pullar ortidan qishloqda imoratlar solib, har birining nomiga atab yangi avtomashinalar sotib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Xalqimizda «Eshak qorni to‘ysa, egasini tepadi», degan bir ibora ba'zan, kezi kelganda bejiz aytilmaganligiga ishonasan kishi. Aka-ukalar Komiljonning Moskvada mahalliy rus boylari kabi qora «Mersedes»larda yurishidan, qo‘lini og‘ir mehnatga urmasligidan, o‘zining hamkorlari bilan ba'zan chet ellarda dam olib qaytishidan hasad qilishni boshladilar. Aslida Komiljonning bu darajaga osongina erishmaganligini nonko‘r aka-ukalar tushunishni ham xohlamas edilar.
Dam olish kunlarining birida uchrashgan aka-ukalar oxiri bir-birlari bilan «dardlashib», ularni qo‘llaridan yetaklab kelib ish bilan ta'minlagan, oyoqqa turib olishlari uchun sharoit yaratib bergan Komiljonning yurish-turishlarini muhokama qilishga tushadilar.
- Aslida Komil akam bizlarning mehnatimiz evaziga boyib ketyapti, bizlar bu yerda kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilsak-u, u mazza qilib har oyda bir marotaba dunyo kezsa, kunda savdodan tushgan pullarni bir tiyin qoldirmasdan olib ketsa, sizni bilmadim-u, menga juda alam qilyapti.
Sherzodning akasi Shuhratga aytgan bu gaplari «ko‘zini shira bosgan» akani o‘ylantirib qo‘ydi.
- To‘g‘ri aytasan ukam. Tunov kuni Komiljonning Sankt-Peterburg shahridan uch qavatli hovli sotib olganligini eshitib qoldim. Bizlarchi, uning har oyda beradigan 1000 dollar oylik maoshiga qanoat qilib o‘tiraveramizmi. Bugunoq Komiljonga savdo majmualarining aqalli bittasini o‘z nomimizga rasmiylashtirib berishini, o‘zimiz alohida faoliyat yuritishimiz vaqti kelganligini aytamiz...
...Ishongan jiyanlaridan bu gaplarni eshitgan Komiljon shuncha vaqt ichida qo‘ynida ilon saqlab yurganligini, yaxshilik hamisha ham g‘olib kelmasligini tushunib yetdi. «Tayyor oshga bakovul» bo‘lishni istayotgan aka-ukalarga savdo majmualarini berolmasligini, agar ular xohlasalar ishni shu tariqa davom ettirishlarini, agar berayotgan oylik maoshi ularni qanoatlantirmasa boshqa ish topib ketishlari mumkinligini aytganidan so‘ng, g‘azab otiga mingan noshukur aka-ukalar boshqa reja tuzishga kirishdilar.
Savdodan tushgan pullarni, sof daromadni Komiljondan yashirib, boylik yig‘ishning harom yo‘liga o‘tdilar. Oradan ikki oy o‘tgandan so‘ng, Komiljon yillar davomida o‘z mehnati bilan bunyod etgan biznesi kasod bo‘layotganligini payqab, jiyanlari boshqarayotgan savdo majmualaridagi faoliyatni tekshiruvdan o‘tkazib, boqimanda jiyanlarining qilmishlarini fosh qildi. Shunday bo‘lsada, Komiljon «jigarlari»ga yomon munosabatda bo‘lmadi, aksincha, ularga shuncha sharoit yaratib berganligini, boshqa bu kabi g‘arazli ishlarini qilmasliklarini, halol ishlasalar ularni yanada qo‘llab-quvatlashi mumkinligini aytadi.
Nobakor aka-ukalar shundan ham xulosa chiqarmasdan o‘z bilganlaricha ish tutib, Komiljondan minnatdor bo‘lish o‘rniga uning rejalarini barbod qilib, ishni orqaga tortaverdilar. Hafsalasi pir bo‘lgan Komiljon oxir-oqibat qarindoshlik rishtalari uzilayotganligini sezib, munosabatlar yanada jiddiylashmasdanoq ularni ishdan bo‘shatishni lozim topadi. Ko‘zlagan maqsadiga erisholmagan aka-ukalar o‘z qishloqlariga qaytishdan boshqa chora topolmaydilar. Cho‘ntaklarini qappaytirib, anchagina mo‘may daromadga ega bo‘lgan «uddaburonlar» uylariga qaytishdan oldin yana bir jirkanch rejalarini bir-birlari bilan o‘rtoqlashadilar.
- Aka, Komil bizlarni haydab solishiga qarab turaveramizmi, agar shu kechasi uning uyiga kira olsak, yig‘ib qo‘ygan «ko‘kat»larni o‘marib erta tongdan bu yerdan qochib ketamiz, Komil uyiga kech qaytadi, bu bizlar uchun juda qulay fursat, buning ustiga menda uyining bir nusxa kaliti ham bor.
Ukasining bu taklifidan Shuhrat bir muddat o‘yga sho‘ng‘iydida, va nihoyat birgalashib uyni o‘marishning rejasini tuzadilar.
Tun allamahal bo‘lganda Komiljonning uyiga eshik orqali kirishga muvaffaq bo‘lgan o‘g‘rilar uydagi seyfni topib uni sindirish orqali ichida bo‘lgan 37 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritadilar. Izlariga qaytishga ulgurmasdanoq Komiljonning uyga kirib kelishi ularni esankiratib qo‘yadi. Bu holatdan jahlini jilovlay olmagan Komiljon ular tomon vajohat bilan kela boshlaydi. Shu paytda sharmanda bo‘lib, uyatdan boshini ko‘tarolmagan Sherzod qo‘lida turgan, seyfni sindirish uchun foydalangan bolta bilan hech o‘ylamasdan Komiljonning boshidan uradi. Qattiq zarbadan hushini yo‘qotgan Komiljon polga yiqiladi va shu yerning o‘zida uning joni uziladi. Qotilga aylangan aka-ukalar sarosimaga tushib, qilmishlarini yashirish maqsadida Komiljonning jasadini oshxona pichog‘i bilan xuddi molni so‘ygandek bo‘laklarga bo‘ladilarda, uchta qopga solib, yarim tunda uning uyidan ancha olisda bo‘lgan o‘rmonga olib borib ko‘madilar. Qaytib kelib qotillik izlarini yo‘qotish maqsadida uyni obdon ko‘zdan kechirib, pichoqni axlatxonaga tashlab yuboradilar.
Erta tongda qotil aka-ukalar hech narsani ko‘rmagandek pullarni olib yo‘lga chiqadilar. Avtobus orqali yashirin yo‘llar bilan 3 kun ichida o‘z uylariga yetib olgan diyonatsiz kaltafaxmlar o‘z amakilarining qotili ekanliklaridan, pul, mol-dunyo orttirish maqsadida qabih ishga qo‘l urganliklaridan achinish, afsuslanish o‘rniga, qilmishlarini ikkovlon sir saqlab yuraverdilar.
Moskvada esa o‘z-o‘zidan izsiz yo‘qolib qolgan Komiljonni yaqinlari, hamkorlari qidirish bilan ovora. Kunora O‘zbekistonda yashovchi ota-onasi, singlisiga qo‘ng‘iroq qilib, ularning ahvolidan xabar olib turadigan Komiljon, mana uch oydirki na qo‘ng‘iroqlashadi, na xabarlashadi. Moskvada unga tegishli savdo majmualarida xizmat qiladigan ishchilar esa, «o‘tirib qolgan» savdoni tashlab, majmualarni batamom yopib qo‘yadilar...
...Komiljonning jasadi ko‘milgan o‘rmon daraxtlardan tozalanib, u yerda qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Quruvchilar tomonidan Komiljonning bo‘laklarga bo‘lingan jasadi topilgandan keyin, bu haqda Rossiya politsiyasiga xabar beriladi. Noma'lum jasad kim ekanligini aniqlash politsiya mahkamasi uchun juda oson kechdi. Aka-ukalar Komiljonni bo‘laklarga bo‘lganlarida, uning egnida bo‘lgan kiyimlarini ham o‘sha qoplarga solib ko‘mib yuborganlar. Buni qarangki, qopdan chiqqan kostyum cho‘ntagida Komiljonning shaxsini tasdiqlovchi, Rossiya Federatsiyasi tomonidan berilgan pasport hamda haydovchilik guvohnomalari butunligicha saqlanib qolgan...
...Olib borilgan tezkor-qidiruv hamda surishturuv tadbirlari davomida aka-uka Shuhrat va Sherzod Ortiqovlarning qilmishlari fosh etilib, ularning har biriga nisbatan sudning odilona hukmi o‘qildi. Endi ular qolgan umrlarini Komiljonning ko‘magida qurilgan dang‘illama, bahavo hovlilarda emas, balki, qalbida yovuzlik, razolat o‘rnashib olgan qabih kimsalar uchun maxsus qurilgan, panjaralar bilan o‘ralgan «shinam» xonalarda ro‘shnolik ko‘rmay o‘tkazadilar.
Shu o‘rinda, ularni bu manfur ishga nima yetakladi, degan bir savol tug‘iladi.
Bu - nafs balosi. Uning girdobiga tushib qolib, shukronalikni unutgan kishilarning taqdiri hech qachon yaxshilik bilan yakun topmagan. Aynan shu nafs tufayli, ayrim aka-ukalar bir-biriga dushmanga aylanadilar, ayrim ota-o‘g‘illar bir-birlari bilan o‘zaro «yuz-ko‘rmas» bo‘lib ketadilar.
Baxtiyor Raxmatov, kapitan
Buxoro viloyati
Mavzuga oid
11:12 / 29.10.2024
8 yilgacha qamoq jazosi – Jinoyat kodeksiga «lixoradchik»lar uchun alohida modda kiritildi
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
13:45 / 09.10.2024
Buxoroda bolalar o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga hukm o‘qildi
21:29 / 27.09.2024