15:32 / 23.05.2017
18637

Jizzax mehmonlarni kutmoqda - “Barkamol avlod-2017” sport o‘yinlariga tayyorgarlik avjida

Joriy yilning 25-27 may kunlari Jizzax vohasida “Barkamol avlod-2017” sport o‘yinlari o‘tkaziladi. Mazkur sport musobaqasiga Jizzaxda katta tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Jizzax mehmonlarni kutmoqda bu sport o‘yinlari O‘zbekistondagi ko‘plab sport turlariga yangi sportchilarni kashf etishi shubhasiz. 

Ilk bor 2001 yilda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasidagi "Barkamol avlod” musobaqalariga mezbonlik qilib, katta tajriba to‘plagan viloyat ahli navbatdagi sport bayramini ham yuqori saviyada o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xiyobonu maydonlar yanada ko‘rkam qiyofaga kirgan. Gulu gulzorlar ajoyib kentga o‘zgacha fayz bag‘ishlagan. Ko‘chalarda bellashuvlar ruhini aks ettiruvchi suratlar tushirilgan bannerlar, pannolar ko‘zga tashlanadi.

Bu galgi final bosqichida 901 nafar sportchi-o‘quvchi, 210 nafar murabbiy, 175 nafar hakam va ommaviy axborot vositalarining 100 nafar vakili qatnashishi kutilayapti. Bahslar 17 sport turi bo‘yicha 186 medallar jamlamasi uchun uyushtiriladi.

Musobaqalar Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji, Jizzax politexnika instituti, ushbu institut qoshidagi akademik litsey sport zallarida, futbol maydonlari, sport inshootlarida o‘tkaziladi. Qo‘l to‘pi, taekvondo, dzyudo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, stol tennisi, voleybol, badminton, tennis, og‘ir atletika bellashuvlariga mezbonlik qiladigan Jizzax olimpiya zaxiralari kollejining katta sport zali, suzish havzasi, gimnastika zali va oshxonasi zamon talablari darajasiga keltirildi.

Ishtirokchilar joylashtirilishi rejalashtirilgan kasb-hunar kollejlarining yotoqxona hamda oshxonalarini tayyorlash ishlari poyoniga yetmoqda.

— "Barkamol avlod — 2017” sport o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda bitta akademik litsey va beshta o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejida olib borilayotgan katta hajmdagi qurilish-ta'mirlash, obodonlashtirish yumushlari deyarli yakunlandi, — deydi Jizzax viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Bobur O‘sarov. — Musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan ta'lim muassasalariga 11 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, sport inshootlari moddiy-texnika bazasini bugungi kun talablariga mos darajaga keltirishga alohida e'tibor qaratilayapti. 

Darhaqiqat, "Barkamol avlod — 2017” final bosqichi dasturi faqat sport musobaqalaridan iborat emas. Qatnashchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan qiziqarli tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish, adiblar, xonandalar, aktyorlar, mashhur sportchilar bilan uchrashuvlar, shuningdek, madaniy-ma'rifiy kechalar tashkil etish rejalashtirilgan. Qisqasi, Jizzaxda yoshlarning katta sport bayrami har tomonlama munosib o‘tishi uchun barcha imkoniyat ishga solinayapti.

Jizzaxdan “Kun.uz” muxbiri Akmal Binokulov 

Mavzuga oid
Top