50 yil muqaddam Isroil Misrga havo orqali ogohlantiruvchi zarba berib, Olti kunlik urushni boshlagan edi.

Isroil zirhli mashinalari. Sinay yarimoroli. 1967 yil. Foto AP

1967 yilning 5 iyunida Isroil Misrga ogohlantiruvchi zarba berib, arab qo‘shnilariga qarshi Olti kunlik urushni boshlagan edi. Olti kun davom etgan harbiy harakatlarda Isroil G‘azo bo‘lgasi, O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili, Sharqiy Quds, Javlon tepaliklari va Sinay yarim oroli ustidan nazorat nazoratni qo‘lga oladi. Natijada, yarim millionga yaqin falastinlik o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishadi.

«Gazeta.Ru» arab-isroil mojarolarining burilish nuqtasi bo‘lgan Olti kunlik urushning borishi va oqibatlari haqida hikoya qiluvchi material e'lon qildi. 

Dushmanlar qurshovida

1967 yilning 5 iyunida Isroilning shu vaqtgacha turli hodisalar ro‘y berib turgan Misr va Suriya bilan chegaradosh hududlaridagi mojarolar qurolli qarshilik bosqichiga ko‘tarildi va Olti kunlik urush deb nomlandi. Uning oqibatlari Isroilning mintaqadagi o‘rnini butkul o‘zgartirib yubordi: urushgacha yahudiylar mamlakati hanuz mavjud bo‘lib turganining o‘zini ko‘pchilik mo‘'jiza hisoblab kelayotgan edi.

Isroil mustaqil yahudiylar davlati bir tomonlama tartibda 1948 yilning 15 mayiga o‘tar kechasi e'lon qilingan. O‘shandan beri mamlakat faktik jihatdan qurshov holatida yashab kelgan: uni qo‘shnilari bo‘lmish arab davlatlari o‘rab turar va ularning umumiy maqsadi — Isroilni yo‘q qilish edi. Isroil mustaqilligi e'lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, qo‘shnilar — Livan, Suriya, Iordaniya va Misrning qo‘shinlari uning to‘rt tarafidan bostirib kirib, birinchi arab-isroil urushini (1948–1949) boshlab berishadi.

1967 yilning yoziga kelib Isroilning arab qo‘shinlari har jabhada undan ustun edilar: ularning harbiy askarlari soni ham ko‘p edi, qurol-yarog‘i ham, xorijdagilarning qo‘llovi ham. Arab bloki davlatlarida qurol-yarog‘ soni tezda o‘sa boshladi: bunga ayniqsa Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga milliardlab dollarga qurol yetkazib turgan SSSR sababchi edi. Bularning fonida Isroil tashqi qo‘llovni yo‘qotayotgan edi: yahudiylar davlatiga qurol sotishning uning eng yirik hamkori — AQSh ham rad etadi. Vashingtonning bu qarorga kelishiga sabab, Isroilning 1956 yilgi, «Suvaysh krizisi» deb nom olgan ikkinchi arab-isroil urushida ishtiroki edi.