Jahon | 10:54 / 10.06.2017
16093
11 daqiqa o‘qiladi

Ostonadagi EKSPO-2017. Kim qanday loyihalar bilan qatnashadi?

Ostona shahrida “kelajakdagi energiya”ga bag‘ishlangan EKSPO-2017 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Qozog‘iston sobiq ittifoq davlatlari orasida bunday ko‘rgazmani o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan ilk mamlakatga aylandi.

EKSPO-2017 10 iyun-10 sentabr kunlari mobaynida bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar “yashil energetika” sohasidagi eng yaxshi ishlanmalarni namoyish qilishga va'da berishgan. Ko‘rgazmada poyga elektromobili, quyoshli batareyalardagi samolyot, rassom-robotlar taqdim etiladi. 

 

Ko‘rgazmada 100 dan ortiq davlatlar ishtirok etishi, 3 mingga yaqin amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kutilishicha, EKSPOga 2 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi, ularning taxminan 15 foizi xorijliklar bo‘ladi, birinchi navbatda – MDH davlatlari va Xitoy fuqarolari.

Tashkilotchilarning taxminicha, Ostonadagi Butunjahon ko‘rgazmasiga Yevrokomissiyaning energoittifoq bo‘yicha vitse-prezidenti Marosh Shefchovich, Xitoy yetakchisi Si Tszinpin va boshqa qator davlat rahbarlari tashrif buyuradi.

EKSPO – eng yangi ilmiy-texnik ixtirolarga bag‘ishlangan yirik xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, 1851 yildan beri o‘tkazib kelinadi va har yili alohida mavzuga bag‘ishlangan bo‘ladi.

Tayyorgarlik

Qozog‘iston Xalqaro ko‘rgazmalar byurosiga 1997 yildan beri a'zo va EKSPOda 2005 yildan qatnashib keladi.

Mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonda xalqaro ko‘rgazma o‘tkazish niyati borligi haqida ilk bor 2008 yilda Ispaniyaning Saragosa shahrida bo‘lib o‘tgan EKSPOga tashrifi davomida aytib o‘tgandi.

2011 yilda mamlakat EKSPO-2017ni o‘tkazish uchun murojaat yubordi, hamda keyingi yilning noyabrida Xalqaro ko‘rgazmalar byurosining 152-Bosh assambleyasida Ostona ko‘pchilik ovozni olib, Belgiyaning Lej shahrini ortda qoldirdi va EKSPO-2017 o‘tkaziladigan joy, deb e'lon qilindi.

Butunjahon universal ko‘rgazmasidan farqli ravishda ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmadagi barcha inshootlar qabul qiluvchi tomon tarafidan quriladi.

Ko‘rgazma timsollari

EKSPO timsollariga kichik odamchalarning turli rangdagi shakllari aylandi: biri – Saule ismlisi (“yog‘du”) quyoshni anglatsa, ikkinchisi - Kuat ("kuch") – yer kuchini bildiradi, uchinchisi – Moldir esa ("shaffoflik") – toza havo va suvni gavdalantiradi.

2017 yilning qishida timsollar shakli poytaxtda o‘rnatildi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi – foydalanuvchilarning ularning tashqi qiyofasidan norozi ekanliklarini bildirishdi. Tashkilotchilar tanqidni to‘g‘ri qabul qilib, timsollar qiyofasini o‘zgartirishga va'da berishdi. Ostona aholisi mart oyidayoq ko‘rgazmaning yangilangan timsollari bilan tanishishdi.

Shu bilan birga, EKSPO-2017 logotipi bo‘lgan bayroqlar xalqaro ko‘rgazmalar tarixida ilk bor koinotga olib ketildi. Qozog‘istonlik fazogir Aydin Aimbetov ularni Xalqaro fazo stansiyasiga yetkazdi.

Infratuzilma – “aqlli shahar”

EKSPOning umumiy maydoni 170 gektardan ortiqni tashkil etadi, 25 gektar yerda ko‘rgazma majmuasi joylashdi.

"Kelajak energiyasi” mavzusi ixtisoslashtirilgan yo‘nalish orqali ochib beriladi, u to‘rtta asosiy maydonchani qamrab oladi", - dedi EKSPO-2017ning arxitektura bo‘yicha departamenti direktori Zaure Aytayeva.

Birinchi hududda bor bo‘lgan texnologiyalar loyihalari taqdim etiladi. Yana ikkita pavilonlarda energiyani maishiy va sanoat darajalarida tejash haqida hikoya qilinadi.

Korporativ pavilonda energosamaradorlik ustida ishlayotgan yirik kompaniyalar stendlari taqdim etiladi.

Xalqaro pavilonlar zonasi – bu 14 ta bino bo‘lib, ularning har birida 4-5 davlat joylashadi.

"Eng asosiy obekt – ko‘rgazmaning arxitektura nuqtai nazaridan timsoli Gumbazdir. Bu noyob arxitektura inshootining umumiy uzunligi 100 metrdan ortiq bo‘lib, diametri 80 metr keladi. U sakkiz qavatdan iborat, so‘nggi qavatda tomosha maydoni joylashgan", - degan Aytayeva. Gumbazda shuningdek kelajak energiyasi muzeyi ham bo‘ladi.

Ko‘rgazma hududida “aqlli shahar” texnologiyasi bo‘yicha yaratilgan obektlardan foydalaniladi. Ulardan biri – “Aqlli energotarmoqlar” bo‘lib, u tarmoqlarda elektr quvvatini yetkazib berishdagi yo‘qotishlar hajmini 30 foizga kamaytirish imkonini beradi.

EKSPO-2017 pavilonlari va ofislarida “Aqlli bino” texnologiyasi joriy etilmoqda. Bino yoki xona ichida qancha kishi borligiga qarab, havo almashtirish tizimi havoni yetkazib berishni avtomatik nazorat qiladi.

Ko‘rgazmada Art-markaz ham ochiladi, u yerda 13 davlatdan bo‘lgan 17 nafar zamonaviy rassomlar ishtirokidagi Artists&Robots ko‘rgazmasi taqdim etiladi. Unda surat chizayotgan robot va robot-haykaltaroshni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Ibtidodan “yashil samolyot”ga qadar

EKSPO-2017da 100 dan ortiq davlatlar, shuningdek, 17 ta xalqaro tashkilot ishtirok etadi. Ularning orasida BMTning yetti tashkiloti bor.

Britaniya paviloni dizayni Olam paydo bo‘lishidan boshlab energiyaning yaralishini tadqiq qilish mavzusiga bag‘ishlangan. Tashrif buyuruvchilar energiyaning quyoshdan harakatlanishi va uning yer yuzasi bo‘ylab yo‘nalish orqali transformatsiyasi, turli iqlim sharoitlari va insoniyat sivilizatsiyasini kuzatishlari mumkin.

Pavilon markazida Olamning 360 darajali ko‘rish burchagiga ega noyob maketi o‘rnatilgan bo‘lib, u eng zamonaviy kompyuter texnologiyalari orqali yaratilgan. Pavilon ming kvadrat metrdan oshiqroq joyni egallagan. Eng asosiy voqealik esa grafendir – bu kelajak materiali hisoblanib, u energiyani ishlab chiqarish va iste'mol qilish jarayonini radikal tarzda o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Germaniya ko‘rgazmada "Formula Ye" poyga elektromobilini taqdim etadi.

"Elektr tirkamadagi va qayta tiklanuvchi manbalardan quvvat oluvchi harakatlanish vositasi – yangi transportni yaratishga bo‘lgan kalitdir, u iqlimga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Bizning pavilonlarda limuzin, "Formula Ye" poyga elektromobili, ikki g‘ildirakli elektr uzatmali transport taqdim etiladi", - deya xabar berdi kreativlik bo‘yicha direktor Andreas Xorbelt.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya paviloni “kelajakdagi shahar”ga nazar solish imkonini beradi. U yerda esa quvvatni sarflaganidan ko‘ra ko‘proq ishlab chiqaruvchi “aqlli uylar”, shuningdek, energiya olish uchun suv o‘tlariga ega fasad panellari taqdim etiladi.

EKSPO-2017da “kelajak transporti”ning boshqa bir varianti ham namoyish etiladi. Xususan, Monako pavilonida quyosh batareyalaridagi velosiped taqdim etiladi. 

Shveytsariya o‘z paviloniga taxminan 3,8 million yevro ajratdi, shu bilan birga, stendni yaratishga ushbu summaning yarmi ketdi. Mamlakat quyosh panellaridagi samolyotni taqdim etadi.

"Osmon chegarasiz. Limit – bu yoqilg‘i, bizning samolyot esa yoqilg‘ida uchmaydi. Bizning maqsad – yoqilg‘isiz stratosferaga qadar uchib borish, oddiy samolyotlar uzoqroq masofaga parvoz qilish", - deya aytib o‘tgan samolyot uchuvchisi Rafael Domjan.

Singapur pavilon devorlarida yashillik yaratishga qaror qildi, bundan tashqari unga 250 ta terrarium joylashtiriladi.

Niderlandiya ko‘rgazmada golografik va lazer shou taqdim etadi, bunda quvvatning muqobil manbalarining rivojlanishi ko‘rsatiladi – shamol tegirmonlaridan tortib, zamonaviy shamol haydagichlargacha.

Koreya pavilonga tashrif buyurganlarni kelajakka animatsiya va qo‘shimcha reallik texnologiyasi orqali olib o‘tishga va'da bergan, Tailand – esa qishloq xo‘jalik chiqindilaridan yaratilgan bioyoqilg‘i haqida ma'lumot berishga ahd qildi.

Ko‘rgazmaning Italiyadan bo‘lgan komissari Stefano Ravanyanning xabar berishicha, mamlakat pavilonida qayta tiklanuvchi energiyani neft manbalari kamaygan davrda ishlatish haqida ma'lumot berishadi. "Shuningdek, biz o‘tgan davrlardagi mavzularga murojaat qilmoqchimiz. Umuman olganda pavilon to‘rtta maydoncha orqali taqdim etiladi, ularning biri ixtirochi Leonardo Da Vinchi nomi bilan ataladi, u yerda Italiyaning turli kompaniyalari va yosh tadqiqotchilar startaplari namoyish etiladi", - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Rossiya pavilonida esa energetika bilan bog‘liq bo‘lgan barcha yo‘nalishlar taqdim etiladi. Eng asosiysiga atom energetikasi va qayta tiklanuvchi quvvat manbalari bo‘ladi: quyoshli, shamolli va gidroenergetika. Pavilonda kelajakdagi atom muzyorarini, qutb yarim sharini ko‘rish mumkin bo‘ladi, zal o‘rtasidan esa haqiqiy muzlik (aysberg) joy oladi.

Ruminiya ko‘rgazmada dunyodagi eng tez lazerni taqdim etishni maqsad qilgan.

Qozog‘iston milliy paviloni maydoni esa taxminan 5 ming kvadrat metrdan iborat bo‘ladi. U ikki asosiy zonaga bo‘lingan: “Qozog‘iston bilan tanishuv” va “Yaratuvchi energiya”. Birinchi qismda Qozog‘istonning boy madaniyati va tarixi, shuningdek, hozirgi vaqti va kelajagi haqida ma'lumot berilsa, ikkinchisi qozoq olimlarining EKSPO-2017 mavzusidagi eng yaxshi loyihalarini qamrab oladi. 

Xavfsizlik

EKSPO-2017da tartibni 9 mingdan ortiq kishi ta'minlaydi, ularning orasidan mingdan ortig‘i ko‘rgazma sabab ingliz tilini maxsus o‘rgandi.

Ko‘rgazmaga xizmat itlariga ega 63 nafar kinolog va 16 nafar portlatish ishlari bo‘yicha texniklar jalb etiladi. Bundan tashqari, ko‘rgazma majmualariga kirish qismlari metall buyumlarni qidirish va rentgen-televizion uskunalari bilan jihozlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid