Babayan orkestri konsertga tayyormi?
“Dirijyor” Samvel Babayan frak kiyib olganicha, forsiy ohanglarga qarshi doira usullarini qo‘llab ko‘rish istagida Eron tomon mas'uliyat yuki bilan yo‘l oldi. To‘g‘ri tushunish kerak, axir bugungi dastur muvaffaqiyatli chiqsa, keyingi yili Rossiyada bo‘ladigan karnaval sari qadam qo‘yiladi.
Ansambl boshqaruvchisi fikricha, tarixda eng zo‘r sozlangan, muxlislar fikri bo‘yicha esa mashqi past ansambl uni imosiga mahtal. U mashshoqlarni yig‘ishda doim o‘z prinsipida qoladiganlardan. Ishqibozlarga Sergeyev va Andreyev dueti nolalari yoqmasligi tayin, axir konsert kulminatsiyasida “avj” pardalar bo‘lmasa kimni ham lol qoldirasan? Sergeyev Hitoyga borib ham, o‘zimizda ham “beavj” qo‘shiqlar aytdi, xolos. Suriya bilan bo‘lgan “aytishuvda” esa qovun tushirdik. Xalqaro maydon fonogrammani tan olmasligi shunda bilindi. Bu xatolar sababi, yo sozandalarning kuylarni yaxshi ishlamaganligi, yoki dirijyorning ikkita VIA guruhidangina sozandalarni ko‘p tanlaganidan bo‘lsa kerak. To‘g‘risi, musiqa tili bilan aytganda ansambl endi tugatish, ya'ni “koda”ni yaxshi ishlamasa bo‘lmas... Yomon tomoni – katta sahna ko‘rgan Denisov dasturda yo‘q.
Eronliklar musiqasida xuddi bizning “Shashmaqom” singari “Dastgoho” turkumi bor. Uslubi ma'lum – og‘ir va vazmin, lekin raqibni o‘z nog‘orasiga o‘ynatadigan yo‘l. Ular jahon sahnalarida o‘z uslubini “yedirganlardan”. Fors musiqasi jahon karnavalida besh marotaba yangragan. Biz esa bor-yo‘g‘i bir marta (1994 yil) Osiyo karnavalida gran-pri olganmiz. O‘shanda Azamat Abduraimov, Mirjalol Qosimov singari davra ko‘rgan mashshoqlarimiz bor edi-da!
Fikrimizcha, hammasi dasturdagi asarlarning qayta-qayta ishlanishida. Eronliklar tayyorgarlik jarayonida Yevropa vakillari bo‘lgan Chernogoriyani ham o‘z raqsiga o‘ynatdilar. Qo‘hna qit'a konservatoriyalarida ta'lim olgan artistlar bilan bellashish tajriba oshiradi. Biz esa kamtargina, “pentotonika” kuylari bilan hali nom qozonmagan Tailand bilan bahslashdik.
Sobiq dirijyorlar Abramov va Qosimov asar tanlashda ispancha ohanglarga ko‘proq e'tibor berardi. Bu sho‘h ritmlar o‘zini oqlamadi. Chunki ispan kuylarini chalish uchun hali bizning yigitlarda yetarlicha saviya yo‘q edi. Biznikilarga o‘zimizni musiqa “metr”lari Muxtor Ashrafiy yoki Manas Leviyev asarlari, xalqona ohanglardan tuzilgan “popuri”lar mos keladi. Aslida, jahon sahnasida hammani o‘zgacha ohangi bo‘lgani ma'qul.
“Ozodiy” sahnasida orkestrimiz tarkibi quyidagicha bo‘lsa kerak – urma asbob, kontrabaslarda Lobanov, Ismoilov, Krimets, Shorahmedov, Andreyev kabi musiqachilar. Skripkachilar guruhi esa eng tajribali – Server, Odil, Aziz, Masharipov va Sardorlardan tashkil topadi. Puflama asbobda “solo” chalish Sergeyevga yuklatilsa kerak. Asosiy skripkada aniq Odil Ahmedov bo‘ladi. Menimcha “solo”lar ko‘ngildagidek chiqmasa, Geynrix chalib ko‘radi. Shomurodov va Abduholiqovlarga asosiy partiyalarni berish payti kelgan bo‘lsa-da, ular tor sozlash bilan band bo‘lsa kerak.
Yana muxlislar dastur davomida doira usullari bilan Masharipovni va Qo‘qonda katta ashulani “qiyib” yuborayotgan Holmuhamedovni ko‘rsalar ajab emas. Bizga qolsa, Hitoyda kuy chalish o‘rniga asbob ko‘tarib yurgan Krimets va o‘zimizni laparchi Sergeyevlar asosiy partituralarni chalmagani ma'qul.
Urma asbob egalari bugun zarbani qattiq bermasa forslarning Sardor Azmuni “qochirim” qilib ketishi mumkin.
Eron dirijyori Keyrush xotirjam. Sababi, Rossiya-2018 karnavali chiptasi deyarli uning cho‘ntagida. Hujjatlarga viza urdirish qoldi, xolos.
Biz muxlislar esa konsert yakunida Babayan orkestridan “bis”, “bravo” degan olqishlar bilan sahnaga qayta chiqib, “Dilxiroj”ni chalishini kutib qolamiz. Ishqilib, “haydalish” kuyi begona bo‘lsin. Ko‘ngil sho‘h musiqa istaydi. E-e, chaling doimgidek - “Andijon polkasiga”…
Elmurod ERMATOV
Mavzuga oid
14:32 / 29.06.2024
Rasman: «Navbahor» va Babayan o‘zaro kelishuvga asosan shartnomani bekor qilishdi
13:00 / 12.11.2022
Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etadimi? Toshkentda derbi, Kapadze – Berdiyev, Qosimov Babayanga qarshi
19:03 / 14.09.2022
O‘FA jurnalistga tazyiq o‘tkazgan Samvel Babayanga chora ko‘rdi
16:54 / 12.09.2022