Futbolimiz bir narsaga yolchimagan — o‘yinlarni taktik jihatdan tahlil qilib beradigan mutaxassislarga. Balki bunday mutaxassislar bordur, lekin ular omma oldiga chiqib, yo hamkasbining noshud taktikasini fosh qilishdan andisha qiladi, yoki shunchaki cho‘chishadi.

Milliy terma jamoamiz necha yillardan beri mazmunsiz o‘yin ko‘rsatib keladi. Lekin birorta mutaxassis chiqib, videosharhlar, maqolalar, suhbatlar orqali jamoa o‘yinini tahlil qilib bermaydi. Jurnalistlar esa Babayan va uning shtabini qanchalik tanqid qilmasin, jamoasining nursiz o‘yinlarini muntazam gapirmasin, ular shunchaki «senlar futbolni tushunarmidinglar» qabilida kulib qo‘yishdan nariga o‘tishmaydi. Agar mutaxassislarimiz ham tahlil qila boshlashganida, balki terma jamoa shtabi o‘z xatolarini ertaroq tan olishni boshlagan bo‘larmidi?! 

Har safar bir xil xatolar, ortidan muxlislar va jurnalistlardan keskin tanqidlar. Lekin bunga reaksiya yo‘q. Guruhimizda qoniqarsiz o‘yin va natija ko‘rsatayotgan deyarli barcha terma jamoalar o‘z murabbiylarini o‘zgartirdi. Federatsiyamiz esa Babayan shtabiga oxirigacha imkon berishga qaror qildi. Xuddi hammasi binoyidek. Asosiy tarkib futbolchilarimiz JChga chiqish imkoniyatimiz yo‘qligiga o‘zini va boshqalarni ishontirib boryapti. Bu ularning murabbiylar shtabiga, ular tuzgan jamoaga ishonchsizligidan darak emasmi? Demak, ular ham jamoada ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini, tarkib va taktika to‘g‘ri tanlanmayotganini juda yaxshi bilishadi. Faqat baralla ayta olishmaydi. Xuddi shunday mutaxassislarimiz ham, mutasaddilar ham bilib turishipti. Ammo ular jim. 

Futbol mutaxassisi emasman. Bu sohada nazariy yoki amaliy bilimga ham ega emasman. Biroq bu — terma jamoamiz o‘yini noto‘g‘ri qurilayotgani, tarkib va uslubdagi xatolarni ko‘rishimga xalaqit qilmaydi. Oxirgi o‘yin misolida ularning ayrimlarini sanab o‘taman. Agar xato qilayotgan bo‘lsam, janob murabbiylar isbotlab berishsin bunday emasligini.

Eron bilan o‘yinda meni hayron qoldirgan birinchi holat — Sergeyevning chap qanotga qo‘yilishi bo‘ldi. To‘g‘ri, bu pozitsiya u uchun begona emas. Yaxshi o‘yin namoyish etib berishi ham mumkin edi. Deylik, murabbiylar uning himoyaga ham yordam bera olishi, jismoniy faolligini nazarda tutib asosiy tarkibda maydonga tushirishgandir. Eron qanotlarda kuchliligini hisobga olishgan. Shuning uchun Masharipov-Rashidov emas, himoyaga ko‘proq yordam bera oladigan Sergeyev-Shomurodov variantida to‘xtalingan. Ammo o‘yinning dastlabki daqiqalaridan to oxirigacha Sergeyevning maydonda olib qolinishi yuqoridagi farazlarimni yo‘qqa chiqarib yubordi. Igorning o‘yinini alohida kuzatdim va u maydonda nima qilayotganini tushuna olgani ham yo‘q ko‘p holatlarda. Uning chap qanotni shunchaki egallab turishi Shomurodovning bu qanotda samaraliroq o‘ynashi faktoriniyam yo‘qqa chiqarib yubordi. Bu — bir emas, birato‘la ikki futbolchimizni «o‘yindan chiqib» qolganini anglatadi. Jiddiy nuqson bu.