Jamiyat | 20:42 / 19.06.2017
31149
13 daqiqa o‘qiladi

Sotiluvchi pasportlar: Qanday qilib fuqarolik xaridorgir tovarga aylandi?

Borgan sari yangi mamlakatga ko‘chib o‘tishni istovchi kishilar soni ko‘paymoqda. Kimdir ochilajak yangi imkoniyatlar ketidan quvsa, boshqa birov barqarorlik izlaydi - barchaning yo‘lidan esa migratsiyaga qarshi siyosat va ko‘plab mamlakatlarning o‘z chegaralarini yopishga urinishi kabi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda. Bularning bari "pul evaziga fuqarolik"ka bo‘lgan barqaror talabni keltirib chiqarmoqda. InsiderPro shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Ko‘plab jurnal va saytlar "sizning bo‘lg‘usi farovonligingiz va xavfsizligingiz himoyasining noyob strategiyasi"ni va'da qiluvchi reklama e'lonlariga to‘la. 

Gap "sarmoyalar evaziga fuqarolik" haqida bormoqda. 

Shunisi diqqatga sazovorki, reklama nafaqat soliqni optimallashtirish niyatida fuqaroligini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan badavlat kishilarga, balki oddiy ommaga ham yo‘naltirilgan. Muammo nimada?

"Butun dunyoda alohida jamiyatlarni yaratishga urinayotgan populistik harakatlar avj olmoqda va bu tezkorlik bilan o‘zgarayotgan dunyoning o‘ziga xosligiga hissa qo‘shmoqda", - deya izoh beriladi e'lonlarda. 

Borgan sari o‘z chegaralarini mustahkamlab, immigratsiya imkoniyatlarini cheklovchi mamlakatlar soni ko‘paymoqda va mana shu cheklovlarni chetlab o‘tish maqsadida mo‘maygina pul evaziga butun boshli yangi soha paydo bo‘lmoqda. 

Dunyo fuqarosi bo‘lish istagi

Mana bir necha o‘n yillardan beri turli mamlakatlarda investitsiyalar evaziga fuqarolikka ega bo‘lish dasturlari amalda qo‘llanmoqda. Bu mamlakatlarning o‘zi uchun esa ular eng avvalo qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi. Kanada, Sent-Kits va Nevis 80-yillardayoq bunday dasturlarni ishga tushirgan, keyingi o‘n yillikda esa AQSh va Buyuk Britaniya ham ularning qatoriga qo‘shilgan. 

Aniq bir dastur spetsifikasi davlatga bog‘liq. Qoidaga ko‘ra, xorijliklarga pasport va u yerda yashash huquqini berish evaziga biznesni investitsiyalash yoki mamlakat hukumatiga mablag‘ kiritish taklif qilinadi. 

Sent-Kits va Nevis 1984 yilda, mamlakat mustaqillikni qo‘lga kiritganidan atigi bir yil keyin investitsiya evaziga fuqarolik dasturini ishga tushirgan. Maqsad aniq bo‘lgan: ishbilarmonlarga tropik sohillar va past soliqlar taklif qilib, ulardan imkon qadar ko‘proq pul olish. 

Dastlab bu taklifdan faqatgina bir necha yuz kishi foydalangan. Ammo 2009 yilga borib - asosan keng marketing kampaniyasi natijasida - orol davlat pasporti egalari Shengen zonasining 26 mamlakatiga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lishdi, shundan keyin talab keskin oshib ketdi. 

So‘nggi yillarda sohada noodatiy tezkor o‘sish kuzatilmoqda. 2014 yilda AQShda birinchi marta moliyaviy yil yakuniga yetmasdan investorlar uchun viza kvotasi tugab qoldi. 

Ixtisoslashtirilgan konsalting kompaniyalari sarmoyachilarni investitsiyalar evaziga fuqarolikni qo‘lga kiritishga doir yuridik ma'lumotlar bilan tanishtirishadi. Londonning CS Global Partners kompaniyasining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yil ichida uning xizmatlariga qiziqish bildiruvchilar  soni to‘rt karra oshgan.

"Biz katta o‘zgarishlarni kuzatyapmiz. An'anaviy bozor avvalgidek faoliyat yuritmoqda va u juda faol, ammo endi bizga hech qachon investitsiya evaziga ikkinchi fuqarolikka qiziqish bildirmagan mamlakatlar fuqarolari ham onlayn murojaat qilishmoqda. Masalan, mart oyida Turkiyadan murojaatlar soni 400 foizga oshdi", - deydi kompaniya bosh direktori Misha Emmet.

Bunday qiziqish ko‘pgina omillarga asoslangan, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishga doir qarori va 2016 yildagi AQSh prezidentlik saylovlari shular jumlasidandir. 

"Buyuk Britaniya fuqarolari "B rejasi" haqida jiddiy o‘ylanib qolishdi. Britaniya Brexit referendumi natijalarini e'lon qilgan kuni telefon qo‘ng‘iroqlari tinmadi. Odamlar ko‘chalarda ham menga murojaat qila boshlashdi! Haqiqiy vahima boshlandi", - deydi Emmet. 

Boshqa mijozlar

Xalqaro valyuta fondi ma'lumotlariga ko‘ra, "zahira"dagi fuqarolik bilan, birinchi navbatda, takomillashgan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlardan badavlat xususiy investorlar qiziqishadi. 

Biroq xorijliklarga grin-karta evaziga ko‘chmas mulk sohasi loyihalarini sarmoyalash imkonini beruvchi EB-5 - Amerika viza dasturi ma'lumotlarining ko‘rsatishicha, bozorga mutlaqo boshqa mijozlar ham kelmoqda. 

Dastur bilan hamkorlik qiluvchi Invest In USA sanoat savdo tashkilotining ijrochi direktori Piter Jozef shunday deydi: 

"Biz ba'zi mamlakatlar mijozlaridan ko‘proq murojaatlar bo‘layotganiga guvoh bo‘layapmiz. Taxminan 80 foiz murojaat Xitoydan kelib tushmoqda, lekin so‘nggi bir necha yilda o‘sish asosan Vetnam, Hindiston va Braziliya kabi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda". 

La Vida Golden Visas'dan Pol Uilyams Yevropada yashash huquqini qo‘lga kiritish va  ikkinchi fuqarolikni olish ishlari bilan shug‘ullanadi. U 50 dan ortiq mamlakat mijozlari bilan ishlaydi. Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra, u Brexit'ga doir referendumdan keyin birinchi marta Buyuk Britaniya fuqarolarining qiziqishi oshganiga guvoh bo‘lgan.

Fuqarolik xaridorgir tovar kabi 

Karib dengizi atrofidagi mamlakatlarda investorlarga oq qumli sohillar, past sarmoyaviy minimumlar, mamlakatda yashash uchun talablarning yo‘qligi va murojaatlarning tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi kabi qulayliklarni taklif qiluvchi fuqarolikni qo‘lga kiritish dasturlari juda mashhur. 

Masalan, Gvadelupa va Martinika o‘rtasida joylashgan Dominika orol davlati pasportini olish uchun sizga 100 ming dollar kerak bo‘ladi. Siz hatto orolda vaqt o‘tkazishga majbur ham emassiz, murojaatlar esa darhol ko‘rib chiqiladi. 

Bunday dasturlar ushbu mamlakatlar uchun muhim daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi. Sent-Kits va Nevisda pasportlar eng yirik eksport manbai hisoblanadi. Jalb qilishga muvaffaq bo‘linadigan pullar davlat qarzlarini qoplash va qurilishlarni moliyalashtirishga sarflanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, investitsiyalar evaziga fuqarolikka ega bo‘lish dasturi 2014 yilda Sent-Kits YaIMning 14 foizini ta'minlagan. Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra esa, 2015 yilda hukumat daromadining 30 foizi ushbu dastur ulushiga to‘g‘ri kelgan. 

Biroq endilikda nisbatan boy mamlakatlar ham sarmoya evaziga fuqarolik dasturlarini taklif etishmoqda. Kremniy vodiysi elitasi orasida mashhur bo‘lib borayotgan Yangi Zelandiyaning shunday dasturida ishtirok etish sizga 1,5 million Yangi Zelandiya dollari (1,06 million AQSh dollari)ga tushadi. Buyuk Britaniyada yashash huquqi uchun 2 million funt sterling (2,58 million dollar), AQSh grin-kartasi uchun esa - 500 ming dollar kiritishga to‘g‘ri keladi. 

Jozefning aytishicha, EB-5 dasturi AQShga har chorakda 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ keltiradi. 

"Biz 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin eksponentsial o‘sishni kuzatmoqdamiz. Bugunga kelib talab 1200 foizdan ziyodga o‘sdi", - deya ta'kidlamoqda u.

Amerika dasturiga yuqori qiziqish qisman nisbatan barqaror iqtisodiyot va xavfsiz investitsiya muhiti, shuningdek sarmoyalarning minimal darajasi bilan izohlanadi. EB-5 dasturi ishchi o‘rinlar va pul vositalarining yetishmovchiligi kuzatilayotgan hududlarda 500 ming dollarlik investitsiya kiritishni talab qiladi. 

AQShda har yili dastur bo‘yicha ko‘pi bilan 10 ming viza beriladi, murojaatlar cheklovlarsiz qabul qilinadi va aftidan, investorlar qiziqishi ham chegaralanmagan. "Hozirga qadar 23 mingdan ziyod sarmoyachi ariza topshirgan", - deydi Jozef. 

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda 23 mamlakat, shu jumladan Kipr va Singapur ham shunday dasturlarni taklif qilmoqda. Butun Yevropa bo‘ylab bunday takliflar soni oshib bormoqda. Hozirda Yevroittifoqqa a'zo mamlakatlarning deyarli yarmi investitsiya evaziga fuqarolik olish shaklini taklif qiladi. 

Mobillik — hamma narsaning kaliti

Xorij fuqarolari 50 mingdan (Latviyada) 10 million dollargacha (Fransiyada) summaga yashash, ishlash va yangi yurisdiksiyada bank xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi yuridik maqomga ega bo‘lishi mumkin. Boz ustiga ular ko‘pincha turli mamlakatlarga vizasiz borib kelish huquqiga ega bo‘lishadi - ba'zan shunisi muhimroq hatto. 

Eng talabgor pasportlarning norasmiy reytingi ham mavjud.

"Ba'zi ekspertlar pasport qadrini vizasiz sayohat qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni bilan belgilashadi", - deydi Emmet. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rin Germaniya pasportiga tegishli. Kutilmaganda siyosiy izolyatsionizm gullab-yashnayotgan globallashgan dunyoda harakatlanish erkinligi muhim investitsion qadriyatga aylandi. 

Amerikalik ishbilarmon va Nomad Capitalist asoschisi Endryu Xen­der­son to‘rt pasportga ega bo‘lib, beshinchisini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. Xendersonning so‘zlariga ko‘ra, bunday xilma-xillik uning ishbilarmonlik faoliyatiga ko‘proq imkoniyatlar yaratadi. Masalan, Komor orollari va Sent-Lyusiya dasturlaridagi investitsiyalar unga nisbatan kamroq soliq to‘lashda yordam beradi. 

U investitsiya evaziga fuqarolik bozorida taklif va talab o‘sishda davom etadi, deb hisoblaydi. 

"O‘ylashimcha, dunyo ko‘chmanchi hayot tarziga qaytmoqda. Odamlar bir joyda yashashni xohlashmayapti. Ular turli yoqimli maskanlarda bir, ikki yoki uch bazaga ega bo‘lishni hamda kamroq soliq to‘lashni istashmoqda. Biz aynan shunday holatni kuzatyapmiz". 

Uilyamsning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolik bozoridagi talabning o‘sishi dunyodagi tartibsizliklar darajasining bilvosita ko‘rsatkichi sifatida xizmat qiladi. Uning aytishicha, sarmoyachilarning asksariyati uchun bu dasturlar muayyan xavflardan o‘ziga xos sug‘urtalanish usulidir.

"Mijozlarimizning aksariyati sarmoya kiritgan mamlakatga ko‘chib o‘tish niyatida bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ular himoyalanishga to‘g‘ri kelgan taqdirda zahira variant borligini bilishadi", - deydi u. 

Chakanaga vatan xaridi

Bunday dasturlar atrofida qarama-qarshiliklarga to‘la bahslar avj oladi, albatta. Oxir-oqibat, fuqarolik savdo obektiga aylanishi kerakmi? Kimlardir bu savolga qat'iy "yo‘q" javobini beradi. 

Yil boshida amerikalik ikki senator - Day­enn Fayn­stayn va Chak Grass­li EB-5 dasturini bekor qilishga doir qonun loyihasini taqdim etishdi. 

"Millionlab odamlar vizaga navbat kutayotgan bir paytda badavlat kishilarga fuqarolikka ega bo‘lishning alohida yo‘llarini taklif qilish to‘g‘ri emas", - dedi Faynstayn.

Shuningdek tanqidchilar pul o‘marish, jinoiy faoliyatga  doir muammolarga ham asoslanishmoqda.

Darhaqiqat, yirik pullar va xalqaro ko‘chmas mulk haqida gap boradigan joylarda firibgarlikning avj olishi tabiiy. Birgina shu oyning o‘zida FRB xitoy investorlari ishtirokida EB-5 vizalariga doir 50 million dollarlik firibgarlik operatsiyalarini fosh qildi. 

Ekspertlarning aytishlaricha, chegaralar birin-ketin yopilayotgan bugungi dunyoda bunday xizmatlarga bo‘lgan talab oshaveradi. 

Pol Ui­lyam Brexit'dan xavotir olayotgan Buyuk Britaniya fuqarolariga qanday maslahat berishi mumkin? 

"Kelajak noaniq, lekin hozircha ular buni hech nima qila olishmaydi, zero ular hali-hanuz yevropaliklar. Ikki yildan keyin, agar Britaniya YeIga ta'sir qilishning aytaylik Amerikadek darajasiga chiqsa, ko‘pchilik buni nimadir qilishni istab qoladi", - deydi u.

Mavzuga oid