Jamiyat | 21:26 / 31.07.2017
9632
6 daqiqa o‘qiladi

Test sinovlariga ota-onaning birga borishiga ne hojat?..

Ming istihola bilan yozilgan maqolam mana shu bo‘lsa kerak. Chunki, hali birovga maslahat beradigan yoshda emasman. Yon-atrofdagilar esa urf-odatga aylanib qolayotgan qandaydir harakat to‘g‘risida gapirsangiz, noto‘g‘ri qabul qilishi mumkin.

Har yili avgustning birinchi sanasi ilmi tolib bo‘lishni istagan yoshlar oliy o‘quv dargohlarida test imtihonlarini topshirishadi. Shu kuni poytaxt va viloyat markazlari, ya'ni oliy o‘quv yurtlari joylashgan joylar katta ommaviy sayilga aylanadi, go‘yo. Xursand bo‘ladigan tomoni yildan-yilga oliy ta'limda o‘qib, biror bir kasbni mukammal egallashni, shu orqali jamiyatga ko‘proq foydam tegsin, deydigan yoshlarning ko‘payib borayotganidir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bu yil O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga 720 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshiribdi. Hazilakam raqam emas, to‘g‘rimi?

Ana endi, ertaga 1 avgust kuni shaharlarimizda bo‘ladigan, gavjum tadbirni kutavering.  Test imtihoniga keladigan abituriyentlar hayajondan butun tunni uxlamay o‘tkazishadi. Qop-qorong‘i tun - soat ikki-uchlardan boshlab, ko‘chalarda harakat boshlanadi. Chunki, barcha bo‘lg‘usi student bo‘lishni orzu qilgan yigit-qizlar belgilangan vaqt - 6:30da tegishli joyda bo‘lishlari lozim. Agar ertaroq chiqishmasa, odamlarning katta oqimiga moslashmagan jamoat transporti pand berib qo‘yishi ham mumkin. Ko‘pchilik bir kun avval taksiga buyurtma berib, sinovga vaqtida yetib borish uchun ko‘nglini to‘q qilgan. Viloyatlardan borib, shahri azim Toshkentda o‘qishni ixtiyor etganlar allaqachon yo‘lga chiqib, mehmonxonalarni to‘ldirgan bo‘lsalar kerak.

25 iyul kuni test imtihonlarini namunali tashkil etish masalasi davlat miqiyosida Bosh vazir boshchiligidagi videoselektorda ko‘rib chiqildi. Bunday e'tibordan so‘ng, muhim tadbirga tayyorgarlik ishlari risoladagidek o‘tishi tayin.

Meni hayratga solgani viloyat mutasaddilarini imtihonga tashrif buyuruvchi ota-onalarga alohida joylar tashkil qilinishi to‘g‘risidagi axboroti bo‘ldi. Ayniqsa, Toshkent shahridan tashqari, nisbatan oliy o‘quv yurtlari ko‘proq bo‘lgan Samarqand va Andijon shaharlarida bu muammo ko‘proq ekan. Tasavvur qiling! Shaharga 100 minglik abituriyentlar oqimi bilan bir vaqtda xuddi shuncha ota-onalar ham kirib kelishadi.

Majlisda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov test sinovlari o‘tadigan 28ta oliy, 61ta umummaktab, 31ta akademik litseyda 142 ta bino va 5832 ta auditoriya belgilab olingani haqida ma'lumot berdi. Endi mana shu joylardan 100 metr uzoqlikda ota-onalar uchun alohida joylar tashkil etilar ekan. Ular uchun salqin ichimliklar savdosi, tibbiyot xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ota-onalarning o‘z farzandlari bilan imtihonga birga borishidan ne naf bor? Men shu savolni imtihonga o‘g‘li bilan birga borishni rejalashtirayotgan tanishimga aytsam u: “Dalda bo‘lib turamizda!”, dedi. Qiziq... Axir, abituriyent turli tekshiruvlardan o‘tib, auditoriyaga yakka o‘zi kirib ketadi-ku! Mabodo, o‘sha kuni imtihondan o‘ta olmay, o‘zimizni tilda “yiqilib” qolganda ham ko‘nglini ko‘tarish uchun borib turish joiz bo‘lardi. Natijalar ham o‘sha kuni chiqmasligi tayin. 

“Sizga ne qayg‘u, ota-onalar niyat qilgan bo‘lsa, boraversin!”, dedingizmi?  Men esa bu fikrga qo‘shila olmayman. Chunki, minglab abituriyentlar, kuzatuvchilar bor diqqatini jamlab ma'suliyatli vazifani bajargani otlangan mahal, ota-onalarning ham ma'lum joyga borib olishi, o‘sha kuni jamoat transporti harakatiga halaqit beradi. Yana jamoat tartibini saqlovchi idora xodimlari uchun qo‘shimcha tashvish. 1 avgust ish kuni. Demak, abituriyentlarning yaqinlari o‘sha kuni ish joyida ham bo‘lmaydilar. 

- Bir haftadan beri test sinovlariga tayorgarlik ko‘rish bilan birgalikda, ota-onalarga joy tayyorlash bilan ham bandmiz, - deydi nufuzli dargoh qabul komissiyasi raisi. – Bilasiz, hozir yoz oyi issiq, jazirama. Yana ba'zi yosh kelinlar qo‘lida go‘dagi bilan ham kelib olishadi. Bitta abituriyent orqasidan uch-to‘rt kishi bo‘lib keladiganlar ham bor. Bu biz uchun qo‘shimcha noqulaylik, xolos.

Shunaqa paytda: “O‘zing o‘ylab chiqargan, urf-odatlaringdan aylanay, xalqim!”, deyishdan boshqa iloj yo‘q.

Deylik, farzandingiz boshqa shahardagi institutga hujjat topshirdi. Mana shu vaziyatda borgan ma'qulroq bo‘lsa kerak. Dars qilib, miyasi charchagan farzandingiz charchab, uxlab qolmasligi, imtihonga vaqtida yetib borishi uchun, albatta, kimdir yonida bo‘lgani yaxshi. Lekin, o‘z shahringiz o‘quv dargohiga kirayotgan bo‘lsa, ovoragarchilikka ne hojat. 

Bilamiz, ota-ona uchun dunyoda o‘z farzandi kamolini ko‘rishdan ortiqroq baxt yo‘q. Shunday ekan, kelajagingiz davomchisini, tong sahar uyg‘otib, kerakli hujjatlarni olganini nazorat qilgach, qo‘lni ochib chin dildan duo qiling.  Ongu-shuuri o‘tkir bo‘lishi, omadini tilab, chin dildan samimiy duo qilib, test sinovlariga kuzating.

Farzandlar esa o‘z bilimiga ishonib, imtihondan halol va pokiza o‘tib olsin. Barcha abituriyentlarga esa omadlar tilaymiz!

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid