Jahon | 09:26 / 01.08.2017
18378
9 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Xalq-ozodlik armiyasi tashkil topganiga 90 yil to‘ldi

Foto: Reuters

Dunyodagi eng yirik qurolli kuchlar – Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilganiga 90 yil to‘ldi. Armiya tarixi 1927 yilning 1 avgustidagi Nanchan qo‘zg‘oloniga borib taqaladi, o‘shanda Gomindan armiyasining Nanchan shahridagi qismlari partiya tomonidan amalga oshirilgan aksilkommunistik inqilobga qarshi chiqishgan.

Ushbu sana munosabati bilan mamlakat oliy harbiy rahbariyati Pekin markazidagi xalq yig‘ilishlari Uyida qabul tashkil etmoqda. Kutilishicha, unda XXR raisi, XKP MQ bosh kotibi, Markaziy harbiy kengash raisi Si Tszinpin chiqish qiladi.

Butun mamlakat bo‘ylab qurolli kuchlar tashkil etilgan kun sharafiga bayram konsertlari va mitinglar, faxriylar uchrashuvi, shuningdek, armiyaning rivojlanish bosqichlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar va ekspozitsiyalar bo‘lib o‘tadi.

Parad

30 iyul kuni Ichki Mo‘g‘uliston shimoliy muxtor tumanidagi Chjujixe poligonida harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Qo‘shinlarni bosh qo‘mondon, XXR Markaziy harbiy kengashi raisi Si Tszinpin shaxsan qabul qildi. Unda 12 ming harbiy xizmatchi va 600 ta texnika qatnashdi, ular orasida 100 dan ortiq samolyotlar bor edi. Xitoy Markaziy televideniyesining xabar berishicha, qurollarning taxminan 40 foizi ilk bora namoyish etildi.

Hukumat so‘nggi lahzaga qadar ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rilayotganini yashirib keldi – davlat OAV u haqda faqatgina shanba kuni kechqurun xabar berdi. Xorijiy matbuot paradni yoritishga kiritilmadi. Hodisa joyidan translyatsiyani Markaziy televideniye, Xitoy Xalqaro va Xalq radiosi olib bordi.

Paradning “texnik” qismini armiya aviatsiyasi ochib berdi. 17 va 24 ta Z-19 jangovar vertolyotlaridan iborat ikki guruh “81” (1 avgust – Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilgan kun) va “90” (90 yil to‘lishi munosabati bilan) sonlarini tashkil qildi.

Xitoy parad davomida DF-31AG eng yangi qit'alararo ballistik raketani birinchi marta ko‘rsatdi. Reportajda ta'kidlanishicha, bu majmuaning maksimal masofasi 10 ming kilometrdan oshiqni tashkil qiladi.

Mehmonlar va tomoshabinlar uchun paradning havo qismidagi eng kutilgan qatnashchiga beshinchi avloddagi J-20 qiruvchisi aylandi. U payqash mushkul bo‘lgan radiolokatsiya texnologiyasidan foydalanadi. Poligon uzra birdaniga uchta shunday mashina bitta safda uchib o‘tdi.

Keng ommaga havoda ustunlikni qo‘lga kiritish uchun mo‘ljallab yaratilgan J-16 qiruvchisi ham ilk bora ko‘rsatildi. Bundan tashqari, dasturning “havo” qismida palubali aviatsiya ham namoyish qilindi - "Lyaonin" aviatashuvchi aviaqanotidagi J-15 qiruvchilari.

XXR raisi parad yakunlangandan so‘ng harbiy xizmatchilarga Xitoy suvereniteti va milliy manfaatlarini himoya qilish uchun kuchli qurolli kuchlarni tashkil etishi lozimligi haqida ma'lum qildi.

Yubiley ekspozitsiyasi

Pekindagi xitoy xalq inqilobi harbiy muzeyi armiya tashkil etilganining 90 yilligiga bag‘ishlab ekspozitsiyani ochdi. Ochilishga qadar ko‘rgazmaga Si Tszinpin va mamlakatning boshqa rahbarlari tashrif buyurdi.

Ekspozitsiya xronologik jihatdan tashkil etilgan bo‘lib, 1927 yil 1 avgust voqealaridan boshlanadi. O‘shanda Gomindan armiyasining Nanchan shahridagi qismlari kommunistlar rahbarligida qo‘zg‘olon ko‘tarishgandi, u Gomindanga qarshi ilk qurolli chiqish sifatida baholanadi. Nanchan qo‘zg‘oloni bostirilganiga qaramay, aynan unda XXRning bo‘lajak harbiy-siyosiy rahbariyati paydo bo‘ldi. Xitoy xalq-ozodlik armiyasining bosh yaratuvchisi xitoy inqilobi yetakchisi Mao Tszedun hisoblanadi, uning obrazi – ekspozitsiya markazida.

Maydoni 5 kvadrat kilometrga teng ko‘rgazmada mingdan ortiq fotosuratlar va 1,3 ming boshqa eksponatlar taqdim etilgan, ulardan taxminan yuztasi ilk bora ko‘rsatilmoqda. Muzey hovlisida ham zamonaviy qurol namunalari bor: Tur-99A jangovar tanki, shuningdek, DF-31A mobil uchirish qurilmasi va boshqa texnikalar.

Ko‘rgazma Xitoy xalq-ozodlik armiyasi qurilishining asosiy bosqichlarini o‘zida mujassamlashtirgan: Xitoydagi fuqarolik urushi, Xitoy Kommunistik partiyasi rahbarligida doimiy armiyaning tashkil etilishi, Koreya urushida (1950-1953) “xitoylik ko‘ngillilarning” ishtirok etishi, raketa-yadro qurolining yaratilishi kabilar. Sobiq ittifoq bilan 1960-yillarning oxirida yuz bergan chegara mojarosi, Janubi-Xitoy dengizida qo‘shni davlatlar bilan to‘qnashuvlar ham eslab o‘tilgan.

Biroq ekspozitsiya mualliflarining eng muhim maqsadlaridan biri – qurolli kuchlar rivojlanib borayotgani hamda mamlakat ehtiyojlari va talablariga qarab o‘zgarayotganini ko‘rsatish edi. Bu XXR raisi Si Tszinpin keng ko‘lamli harbiy islohot tashabbusi bilan chiqqani fonida ayniqsa dolzarblik kasb etdi.

Qurolli kuchlar islohoti

2015 yilning oxirida mamlakat hukumati qurolli kuchlarda keng ko‘lamli islohotni boshladi. Qurolli kuchlar soni 300 ming kishiga qisqartirildi, Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tashkiliy-shtat tuzilmasi va qo‘shinlarni boshqarish tizimida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi.

2015 yilning dekabrida mamlakat rahbariyati armiyadagi Ikkinchi artilleriya korpusi Raketa qo‘shinlariga o‘zgartirilgani, shuningdek, Strategik qo‘llab-quvvatlov qo‘shinlari tashkil etilgani haqida ma'lum qildi.

Bosh shtab, Bosh siyosiy boshqarma, Zaxira bosh boshqarmasi, Qurol-yarog‘ va harbiy texnika bosh boshqarmasi 15 ta harbiy-ma'muriy birlikka aylantirildi, ular oliy harbiy organ – Markaziy harbiy kengashga buysunadi. Qurolli kuchlar boshqaruv organlari tarkibida Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi ham tashkil qilindi.

Yirik harbiy tuzilmalar tizimida o‘zgarishlar avvaldan kutilgandi. 1950-yillarda mamlakat hududi 13 ta harbiy okrugga ajratildi, 1960-yillarda ular 11 taga qisqardi, 1985-1988 yillardagi islohot paytida – yettiga qadar. 2014 yilda yangi o‘zgarishlar haqida ilk xabarlar paydo bo‘ldi, 2015 yilning noyabrida esa harbiy okruglar o‘rnida jangovar qo‘mondonlik zonalari paydo bo‘lishi borasida ma'lumotlar tarqaldi.

2016 yilning 1 fevral kuni Xitoy xalq-ozodlik armiyasi mintaqaviy boshqaruv tizimida o‘zgarish haqida e'lon qilindi: 7 ta harbiy okrug beshta jangovar qo‘mondonlik zonasiga aylantirildi – Shimoliy, Janubiy, G‘arbiy, Sharqiy va Markaziy – ularning boshqaruvida barcha birlashmalar, qismlar va quruqlikdagi qo‘shinlar kemalari, XXOAning HHK va HDKsi bo‘lishi aytildi.

Ushbu o‘zgarishlardan maqsad qo‘shinlarni boshqarishning uch pog‘onali tizimiga o‘tishdir: XXR Markaziy harbiy kengashi – operativ qo‘mondonlik – bo‘linmalar. Xususan, yangi tuzilma qo‘shinlarni boshqarish tizimi samaradorligi va turli qo‘shin turlari o‘rtasidagi o‘zaro harakatlar darajasini oshirishi ta'kidlangan.

Son

Xitoy qurolli kuchlari dunyodagi eng ko‘psonli armiya hisoblanadi. Xitoyda fuqarolik urushi tugagani va XXR tashkil etilganidan so‘ng faol xizmatda 5,5 mln harbiy xizmatchi bor edi (1949 yilning 1 oktabri). Keyinchalik bu raqam asta-sekin qisqarib bordi, biroq mintaqaviy va ichki siyosiy inqirozlar paytida yana oshgan: 1951 yilda Koreya urushi paytida 6,27 mln.ga yetdi, 1975 yildagi Madaniy inqilob davrida - 6,1 mln askar hamda zobitlar.

Ayni damda qurolli kuchlar soni 2,3 mln kishiga teng. 2015 yilning oxirida mamlakat hukumati keng ko‘lamli harbiy islohot haqida ma'lum qildi, uning doirasida XXOA yana 300 ming kishiga qisqartiriladi. 2017 yilning oxirida armiyaning soni taxminan 2 mln harbiy xizmatchiga teng bo‘lishi lozim.

Harbiy byudjyet 

XXOAdagi harbiy xizmatchilar sonining qisqartirilishiga qaramay, mamlakat hukumati o‘n yillar davomida qurolli kuchlar byudjyetini oshirib bormoqda. 2017 yilda Xitoy mudofaa byudjyeti 7 foizga o‘sib, taxminan 151,97 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu Xitoy YaIMdan 1,3 foizga teng.

XXR bu ko‘rsatkich bo‘yicha jahonda AQShdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Biroq qator tahlilchilarning fikricha, Xitoyning mudofaaga haqiqiy xarajatlari ancha ko‘proq summaga teng. Stokholm dunyo muammolarini tadqiq qilish xalqaro institutining baholashicha, 2016 yilda bu summa 215 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid