08:10 / 06.08.2017
61050

Markaziy Osiyodan AQShga borish istagida bo‘lganlar ichida O‘zbekiston birinchi o‘rinda

Kongress qarori bilan joriy etilgan "Turli millatlarga mansub immigrantlar viza dasturi –DV" har yili AQSh Davlat Departamenti tomonidan boshqariladi. Tarixan immigratsiya ko‘rsatkichi past davlatlardan bo‘lgan fuqarolarga loyihaga ajratilgan umumiy kvotaning 7 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda "yashil karta"lar tarqatiladi. Rasmiy raqamlarga e'tibor qilsak, AQSh hukumati taxminan yiliga besh yuz ming nafar migrantni u yoki bu davlat dasturlari, loyiha va tanlovlar orqali qabul qiladi. Quyidagi jadvaldan namoyon bo‘ladiki, Markaziy Osiyo davlatlaridan Amerikaga borishni xohlovchilar orasida o‘zbekistonliklar ko‘plab topiladi.

Nega O‘zbekiston fuqarolari qo‘shni mamlakat aholisidan yaqqol ajralib turibdi? Masalaning bir tomoni Markaziy Osiyodagi demografik ko‘rsatkichlarga bog‘liq, ya'ni ikki daryo oralig‘ida bu hududning eng ko‘p aholisi istiqomat etadi. (2016 yilgi ma'lumotlar: O‘zbekiston - 31,807,000; Turkmaniston - 5,663,000; Qirg‘iziston - 6,019,500; Tojikiston - 8,735,000; Qozog‘iston - 17,800,000) Mantiqan o‘ylab qaralsa ham ishtirokchilarning O‘zbekistondan ko‘proq bo‘lishi tabiiy holat.

E'tiborni tortadigan yana bir muhim omil shuki, lotereyada ishtirok etish talablari minimal darajada bo‘lib, amalda ish tajribasi yoki oliy ta'lim muassasada o‘qiganlik hujjatlarini talab qilmaydi. Demak, bu bandlar ham ishtirokchilar soni nega ko‘p ekanligini izohlab berishi mumkin.

Shu bilan birga Kun.uz ushbu masala bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazib, so‘nggi uch yil ichida tashkil qilingan dastur g‘oliblari orasida Samarqand viloyati fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etganiga e'tibor qaratdi. Muxbirimizga ma'lumotlar bergan suhbatdosh dastur ishtirokchilarining ayrim firibgarliklari haqida ham so‘zlab berdi.

"Aslida har bir xohlovchi arizani ingliz tilida to‘ldirib, internet orqali ma'lumotlarni shaxsan yuklashi kerak. Afsuski, til bilmaslik va shu kabi juz'iy kamchiliklar ayrimlarning konsultant-firmalar taklif etayotgan xizmatga murojaat etishiga sabab bo‘ladi. Ma'lum pul evaziga ariza to‘ldiriladi, ma'lumotlar internetga yuklanadi. Birinchi muammoning kaliti esa xizmat uchun tuzilgan shartnomada: agar arizachi dastur natijasiga ko‘ra g‘olib topilsa, firma ko‘rsatgan xizmati uchun EKIH yuz baravarida haq olishi mayda yozuvlar bilan ko‘rsatib o‘tilgan", - deydi u.

"Ikkinchi firibgarlik esa qonunbuzarlik yo‘li bilan "yashil kartaga" erishish, ya'ni arizachi ism-sharifidagi ayrim harflar ketma-ketligini o‘zgartirib, ko‘proq arizalarni to‘ldiradi. Agar g‘olib bo‘lsa, pasportdagi bitta harfni o‘zgartirib olish yoxud uni "yo‘qotib" qaytadan yangi sharif bilan "tug‘ilish" mumkin", - deb fikr bildiradi suhbatdosh.

Ochig‘ini aytganda firibgarliklarning yo‘li ko‘p ekan, AQSh Davlat Departamenti "bittadan ortiq kiritilgan arizalarni aniqlash uchun murakkab texnologiyalardan foydalanadi", degan ogohlantirishiga qaramay, hamyurtlarimiz yangi usullarni o‘ylab topishadi.

Mavzuga oid
Top