17:15 / 10.08.2017
48201

Fotojamlanma: O‘zbekiston harbiylari Xalqaro armiya o‘yinlarida

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi «Kun» nashriga O‘zbekiston harbiylarining Xalqaro armiya o‘yinlaridagi ishtirokiga doir suratlarni taqdim etdi.

Rossiya, Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22ta poligonida 28ta mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirokida uchinchi xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. 

«ARMI – 2017» doirasida o‘tkazilayotgan 29ta tanlovning 8tasida ya'ni Rossiya Federatsiyasi hududida kechgan «Qo‘shin razvedkasi a'lochilari», «Elbrus halqasi», «Sodiq do‘st», «Xavfsiz marshrut», «Yo‘l patruli», Qozog‘istonda o‘tkazilgan «Merganlik marrasi», Xitoyda bo‘lib o‘tgan «Qurolsoz usta», «Musaffo osmon» tanlovida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat 8ta jamoa ilk bor ishtirok etishdi. 15tasida esa, ya'ni «Tank biatloni», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Dala oshxonasi», «Osmon kaliti», «Avtobronetank texnikasi ustasi», «Harbiy ralli», «Muhandislik formulasi», «Rembat», «Hamdo‘stlik jangchisi», «Artilleriya ustasi», «UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) ekipajlari musobaqasi», «Suvorov shiddati», «Xavfsiz muhit», «Desantchilar vzvodi», «Aviadarts» kabi musobaqalarda o‘zbekistonlik harbiylar kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Rossiya Federatsiyasining Tyumen viloyatidagi dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan «Xavfsiz marshrut» musobaqasida podpolkovnik R. Baybekov yetakchiligidagi harbiy xizmatchilar jamoasi mamlakat sharafini munosib himoya qilishdi. Shu o‘rinda katta leytenant O. Quvondiqov, leytenant R. Ahmadov, serjantlar – V. Jumaqulov, Sh. Davronov, kichik serjantlar – D. Bekmatov, T. Haydarov, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askarlar – U. Musayev, E. Hasanovning uyushqoqlikda harakat qilganlarini alohida ta'kidlash lozim. Musobaqada vakillarimiz faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytishdi.

Harbiy muhandislar tanlovning muhandislik-razvedka dozorining suvli to‘siqlarni razvedka qilishdagi harakatlanishi, piyodalarga qarshi minalarni aniqlash va zararsizlantirish, mexanizatsiyalashtirilgan ko‘prik majmuasini yig‘ish, yo‘l o‘tkazish uchun mo‘ljallangan mashina bilan zararlangan yo‘lni tiklash hamda muhandislik mashinasi bilan yo‘l o‘tkazish kabi shartlarda bellashib, sovrinli o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

10 avgust erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida «Xavfsiz marshrut» tanlovi sovrindorlarini kutib olish tantanalari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilarning oila a'zolari hamda o‘quvchi-yoshlar qatnashdi.

Ishtirokchilar yurtimiz sharafini xalqaro arenada munosib himoya qila olgan harbiylarimizni qizg‘in qutlashdi.

 

Top