Jamiyat | 08:48 / 20.10.2017
35560
3 daqiqa o‘qiladi

Qadimgi Misrning halokati siri oshkor bo‘ldi

Foto: Reuters

Xalqaro tadqiqotchilar guruhining xulosasiga ko‘ra, qadimiy Misr sivilizatsiyasining halokatiga global iqlim o‘zgarishiga olib kelgan vulqon uyg‘onishi sabab bo‘lgan. Olimlarning maqolasi Nature Communications jurnalida e'lon qilindi.

Ta'kidlanishicha, Qadimiy Misrning antik madaniyat sifatida bo‘lishi Nil daryosining har yilgi toshishiga bog‘liq bo‘lgan. Mikroelementlar va organik moddalarga boy suv vaqti-vaqti bilan keng vodiyga toshgan hamda mahalliy tuproqning unumdorligiga ko‘mak berib turgan. Bu mintaqada ziroatchilikning rivojlanishiga turtki bergan.

Aynan shu sabab tufayli Misrning deyarli barcha yirik shaharlari daryo bo‘yida qurilgan.

«Nilning toshishi esa, o‘z navbatida, Efiopiya tog‘ligi hududidagi musson yomg‘irlariga bog‘liq bo‘lgan. Yomg‘irli mavsum iyunda boshlanadi hamda dekabrga qadar davom etadi, shu bilan birga, eng ko‘p yomg‘irlar yozgi mavsum hissasiga to‘g‘ri keladi. Qadimiy misrliklar ekishga oktabrda kirishishgan, bu vaqtda daryodagi suv sathi pasaygan hamda loyqa bilan qoplangan o‘tloq yerlar o‘zini ko‘rsatgan. Biroq ba'zi yillarda Nil vodiyga umuman toshmagan, bu esa hosilsizlik va iqtisodiyot hamda siyosatdagi jiddiy o‘zgarishlarga olib kelgan», - deyiladi maqolada.

Olimlarning aniqlashicha, vulqon uyg‘onishlari paytida havoda muallaq qolgan zarralarning ko‘p qismi Yer atmosferasiga kelib tushadi, hamda bu Nilda suv sathining pasayishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Quyosh nurining ko‘p qismi sayyoraning gaz qobig‘i tufayli koinotga qaytib ketishi hisobga olinsa, bu issiqlikning taqsimoti va butun Yer shari bo‘ylab yog‘ingarchilik miqdoriga ta'sir ko‘rsatadi.

Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra, Nil toshishi yuz bergan davrlardan biri Ptolemeylar avlodi hukmronligi vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Eramizdan avvalgi taxminan 44 yilda Yer sharining turli burchaklarida kuchli vulqon uyg‘onishlari kuzatilgan. Bu vaqtda Misrni Kleopatra boshqargan. Kul va issiq gazlar musson sikliga xalaqit bergan, Nildagi suv sathini pasaytirgan va jiddiy ocharchilikka olib kelgan.

Mavzuga oid