O‘zbekiston | 11:00 / 10.11.2017
59319
3 daqiqa o‘qiladi

«Markaziy Osiyo mustaqillik yillarida bundan ham ko‘proq rivojlanishi mumkin edi» - Shavkat Mirziyoyev

Foto: KUN.UZ

10 noyabr kuni Samarqand shahrida BMT shafeligida «Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va bir kelajak, barqaror rivojlanish va o‘zaro farovonlik uchun hamkorlik» nomli xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Tadbirni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kirish va tabrik so‘zi bilan boshlab berdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur forum Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash masalalariga qaratilgan. 

Anjumanda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, YeXHT, ShHT, MDH, YeTTB kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, taniqli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jami 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Konferentsiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

«Mintaqaning kelajagi qanday barpo etiladi? Ixtilof va ziddiyatlar ichra yo mustahkam hamkorlik va barqaror tinchlik bilanmi? Biz barchamiz Markaziy Osiyo kelajagi uchun mas'ulmiz. O‘zbekiston har doim o‘zaro anglashuv va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizning maqsadimiz mintaqani iqtisodiy rivojlangan va gullab-yashnagan makonga aylantirishdir», dedi prezident Shavkat Mirziyoyev. 

Foto: KUN.UZ

Prezident mamlakatning mintaqada ko‘zlagan tashqi siyosatini aniq ifodalar ekan, chegara, umumiy suv zaxiralaridan foydalanish, savdo sohasidagi nuqsonlarni sanab o‘tdi. 

Yuqoridagi masalalarni konstruktiv yechimga ega ekanligini ta'kidlagan prezident, birinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sharoitini yaxshilash lozimligini bildirdi. «Biz buning uchun «Mintaqaviy iqtisodiy forum» tashkil etishni taklif qilamiz. Shuningdek, mahalliy hokimlar, tadbirkorlar doirasidan tashkil topgan «Rahbarlar assotsiatsiyasi» tuzilishi taklif qilindi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillik yillarida bundan ham yaxshiroq rivojlanishi mumkin edi. Gap, tadbirkorlar va rasmiy vakillar ishtirokida yangi investitsion, savdo-iqtisodiy loyihalarni ochiq maydonda muhokama etish haqida ketmoqda. Turli darajadagi ishlab chiqarish korxona rahbarlari bilan uchrashuvlarimiz, yaqindan hamkorlik qilish o‘z natijasini berdi. Yil boshidan beri O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlashi 20 foizga oshdi. Alohida davlatlar bilan esa 70 foizgacha oshgan. BMT ekspertlarining hisobotiga ko‘ra, mamlakatlarimizning samarali hamkorligi orqali so‘nggi o‘n yilda mintaqadagi YaIM hajmi ikki barobarga oshishi mumkin edi», deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyev beshta mamlakatning o‘zaro anglashuvi va iqtisodiy hamkorligi istiqboldagidan past ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid