O‘zbekiston | 11:00 / 06.12.2017
11389
12 daqiqa o‘qiladi

Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 3 noyabrdagi PF-5215-son Farmoni ijrosini ta'minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 3 noyabrdagi PF-5215-son Farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti 2017 yilning 10 noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoniga 1-ilovaga kiritilgan maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash ishlarini amalga oshirayotgani ma'lumot uchun qabul qilinadi.

2. Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

3. Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun ilgari berilgan litsenziyalar ularning muddati tugagungacha amal qiladi.

4. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S.Otajonov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjatlari yoki qarorlari asosida maxsus turdagi tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, ammo bir yildan oshmaydigan muddatga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda beriladi.

Lisenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, litsenziyani bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tomonidan qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentining tashqi savdo faoliyatini rivojlantirish masalalari sho‘'basi litsenziyalarni rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish va berish, litsenziyalar reyestrini yuritishni amalga oshiradi. Lisenziyani va litsenziya bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilishda quyidagilar ruxsat berish talablari hamda shartlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga albatta rioya etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorining mavjud bo‘lishi.

Ariza beruvchi litsenziya olish uchun vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

litsenziya berish to‘g‘risida quyidagilar ko‘rsatilgan ariza: ariza beruvchi - yuridik shaxsning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli; ariza beruvchi - jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma'lumotlari, ariza beruvchi amalga oshirishni mo‘ljallayotgan faoliyat turi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorining nusxasi;

tuzilgan hamda xaridor va sotuvchi imzolagan shartnomaning nusxasi.

Lisenziya berish to‘g‘risidagi arizada ariza beruvchining elektron manzili ham ko‘rsatilishi mumkin. Lisenziya berish to‘g‘risidagi arizada ariza beruvchi elektron manzilining ko‘rsatilishi uning arizasi bo‘yicha qaror qabul qilingani haqidagi bildirish xatini elektron axborot tizimi orqali olishga rozi ekanini bildiradi.

Vakolatli organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlardagi zarur hujjatlar va axborotni, jumladan, elektron axborot almashinuvi tizimi orqali belgilangan tartibda mustaqil oladi. Ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va axborot bundan mustasno.

Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ariza beruvchi litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni ularning olingani to‘g‘risidagi bildirish xatini olish orqali vakolatli organga bevosita pochta aloqa vositalari yoki elektron shaklda taqdim etadi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar ariza beruvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Lisenziya olish uchun vakolatli organga taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi va ushbu ro‘yxat vakolatli organ hujjatlarni qabul qilgan sana belgisi qo‘yilgan holda zudlik bilan ariza beruvchiga taqdim etiladi (yuboriladi). Vakolatli organ ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlarni ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida tegishli xulosa tayyorlash uchun ish organga yuboradi. Ariza beruvchi litsenziya olish uchun taqdim etgan zarur hujjatlar vakolatli organ ularning aksini tasdiqlamagunicha barcha holatlarda ishonchli hisoblanadi. Lisenziya berish to‘g‘risidagi arizada ko‘rsatilgan ma'lumotlarning to‘g‘riligi uchun javobgarlik ariza beruvchining zimmasida bo‘ladi.

Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab, besh ish kunidan oshmaydigan muddatda arizani ko‘rib chiqadi, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida tegishli xulosa tayyorlaydi. Vakolatli organ ishchi organ xulosasini ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari, shuningdek zarur bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda ishchi organdan xulosa olingan kundan boshlab, to‘rt ish kunidan oshmaydigan muddatda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Lisenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

Quyidagilar litsenziya berish haqida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi:

ushbu Nizomning 8-bandida qayd etilgan zarur hujjatlar bo‘lishi;

taqdim etilgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya berish nazarda tutilgan tegishli hujjati yoki qarorida ko‘rsatilgan ma'lumotlarga mos kelishi.

Lisenziyalar maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi va vakolatli organ mudiri tomonidan imzolanadi. Lisenziya berish uchun yig‘im undirilmaydi. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingan sanadan boshlab bir ish kunidan kechiktirmasdan, ariza beruvchiga litsenziya berishi (yuborishi) yoki uni litsenziya berish rad etilgani haqida jumladan, elektron axborot tizimi orqali yozma ravishda xabardor qilishi shart. Agar ishchi organ arizani ko‘rib chiqish, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish muddati davomida ariza beruvchiga litsenziya bermasa yoxud uni litsenziya berish rad etilgani haqida xabardor qilmasa, ariza beruvchi ushbu Nizomda belgilangan muddatlar tugagandan so‘ng vakolatli organni yozma ravishda xabardor qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida nazarda tutilgan maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish huquqiga ega.

Shartnomaning asosiy shartlari o‘zgartirilganda (xaridor va (yoki) sotuvchi, narxlar, yetkazib berish muddatlari, to‘lov turlari o‘zgartirilganda, yangi turdagi tovar qo‘shilganda), berilgan litsenziyalar tegishli hujjatlar ilova qilingan holda lisenziat arizasiga muvofiq qayta rasmiylashtiriladi. Lisenziat - yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda, lisenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta rasmiylashtirishdan o‘tgandan so‘ng yetti ish kuni davomida vakolatli organga qayd etilgan ma'lumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish haqida ariza taqdim etishi shart. Lisenziat - jismoniy shaxsning unga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida berilgan guvohnomada ko‘rsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat ko‘rsatish joyi o‘zgargan taqdirda, ariza beruvchi qayta rasmiylashtirishdan o‘tgandan so‘ng yetti ish kuni davomida vakolatli organga qayd etilgan ma'lumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza taqdim etishi shart.

Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada bir xil maxsus turdagi tovarlarni eksport yoki import qilish litsenziyasiga ega bo‘lgan lisenziatlar - yuridik shaxslar qo‘shilgan taqdirda, litsenziyani ushbu Nizomning 30-bandi birinchi xatboshida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi. Lisenziat hujjatlarni ularning olingani to‘g‘risidagi bildirish xatini olish orqali vakolatli organga bevosita pochta aloqasi vositalari yoki elektron shaklda taqdim etadi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar lisenziatning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Lisenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza taqdim etgan lisenziat yoki uning huquqiy vorisi (merosxo‘ri) litsenziya qayta rasmiylashtirilgunicha, litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida taqdim etilgan hamda vakolatli organning arizani qabul qilgan sanasi qayd etilgan ariza asosida maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qiladi.

Ishchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Lisenziya litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida tegishli hujjatlar ilova qilingan ariza olingan sanadan boshlab uch ish kuni davomida qayta rasmiylashtiriladi va beriladi.

Maxsus turdagi tovarlar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan litsenziya olingandan so‘ng olib o‘tiladi. Ariza beruvchida litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingunicha tuzilgan shartnomaning borligi litsenziya berish va tovarlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish uchun asos bo‘la olmaydi. Olingan litsenziyaning nusxasi bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova qilinadi va maxsus turdagi litsenziyalangan tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

 

Mavzuga oid