Jamiyat | 17:20 / 28.12.2017
59331
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zini «jabrdiyda ona» sifatida ko‘rsatib, davlatdan uy so‘ragan ayolning kirdikorlari fosh bo‘ldi (video)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan yordam so‘rab murojaat qilgani «Ozodlik» radiosining internet sahifasida e'lon qilingan qumqo‘rg‘onlik hamshira Salima Norqulovaning dardu hasratlari yaqinda ko‘pgina muhokamalarga sababchi bo‘lgan edi.

«Ozodlik»ka videomurojaat yo‘llagan Salima Norqulova o‘z hikoyasini so‘zlab berib, prezidentdan yordam so‘ragan. Salimaning iddao qilishicha, u ikki yetim bolani boqib olgan. Videoda o‘zi ta'kidlashicha, hozir u yolg‘iz onadir. Ayni paytda Salima moddiy qiyinchiliklar tufayli achinarli holatga tushib qolganini ta'kidlab o‘tgan.

«Iltimos sizdan, yordam bering bizga! Boshqa imkoniyatim yo‘q meni. «Hozirgi kunda biz uysiz, joysiz, judayam qiyin ahvoldamiz. Sizning marhamatingiz keng. Yig‘layverib, yig‘layverib, tamom bo‘lib qoldim».

43 yoshar Salima Norqulova ikki yetimni asrab olganini ta'kidlab o‘tadi:

«Hamshira bo‘lib ishlaganim bilan 400 ming oylikka men bularni kiyintirib, yedirolmayman. Uy-joy ham qilib bera olmayman».

U birovlarga ishonib uysiz qolganini aytadi:

«O‘ta mehribonchiligim mening boshimni yedi. Uysiz-joysiz qolishga majbur bo‘ldim. Hozirgi kunda Majburiy ijro byurosiga 105 million so‘m undirish tartibi belgilangan. Lekin ijrochilar ham shu pulni undirib bermayapti. Uyimni-joyimni sotib, Toshkent shahriga borib bolamni, qizimni yaxshi, o‘qimishli farzandlar qilib yetishtiraman degan edim. Meni aldab, pulimni olib qo‘yishdi».

«Bularni tashlab Rossiyaga (ishlashga) ketolmayman. Ota-onam yo‘q. Qachon, qayerga, kimga uchrashsam «tashlang-da, Rossiyaga borib ishlab keling», deydi. Kimga tashlab ketaman? Menga bugun davlat yordam bersin, deb davlatdan so‘ramayman. Axir ularning imkoniyati yetadi har bir narsaga. Nahotki, shu ikki farzand uchun uy-joy qilib berish, yordam berish shunchalik og‘ir bo‘lsa?» — deya yig‘lab-siqtab murojaat yuborgan «Ozodlik»ka Salima Norqulova.

Ha, bir qarashda, yurakni ezib yuboradigan hikoya. Surxondaryodagi «Ishonch» teleradiokompaniyasi muxbiri Elyor Go‘ro‘g‘liyev Qumqo‘rg‘onga borib, Salima Norqulova va vaziyatga daxldor kishilar bilan uchrashib, xolis jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

«Toshkent shahridagi ijaraga olgan kvartiramning ijara haqini 10 oydan beri berolganim yo‘q. To‘g‘ri, uy-joyimni sotib ketgan edim. Uni iltimos qilgani uchun, odamgarchilik yuzasidan qarzga qo‘shnimga beruvdim. Pullarimni qaytarib bermadi. FIB Qumqo‘rg‘on tuman sudi undirib berish haqida hal qiluv qarori chiqarib berdi, lekin to‘laydigan odamning o‘zi yo‘q…» — deydi S.Norqulova.

S.Norqulova qo‘shnisidan qarz ekanligi haqida tilxat yozdirib olganini aytib o‘tadi. Ma'lum bo‘lishicha, S.Norqulova avvalroq Qumqo‘rg‘on tuman «Neftchilar» mahallasida istiqomat qilib kelgan Elvira Aglidullinaga qarzga uyini bergan ekan, lekin ularning o‘rtasidagi oldi-berdi shunchaki mehribonlik yuzasidan tuzilgan bitimga o‘xshamadi.

Berilgan qarz summasi S.Norqulova ta'kidlaganidek, 105 million so‘m bo‘lmagan. Sudxo‘rlik, ya'ni ma'lum bir foiz evaziga kelishilgan pul vaqt o‘tishi natijasida ana shunday katta mablag‘ ko‘rinishini olgan. Kun sayin sudxo‘r belgilagan foizning girdobiga g‘arq bo‘lib borgan Elvira ham ilojsiz qolgan va xorijga qochib ketishga majbur bo‘lgan. Uning onasi Lutsiya Aglidullina esa qizining turmushi buzilishi, uch nafar farzandi tirik yetim bo‘lib qolishiga faqat va faqat S.Norqulovani aybdor deb biladi:

«Haqiqat yo‘q bu narsa. Bo‘lmagan narsa. Shantaj qilib, qizimni «podstava» qildi. Uchta nevaram mana oldimda yuribdi, kichigi 3 yoshda. Hozir qayerlarda yuribdi qizim? O‘zi qanday bo‘lgan bo‘lsa, qizimni ham battar qildi. Qizim shu foizni to‘layman deb hattoki uyiniyam sotdi. «Spark» mashinasini ham sotdi», — deydi L.Aglidullina.

Ochig‘i, mushtipar bo‘lib ko‘ringan, «jabrdiyda» S.Norqulovaning qilmishlari va kechmishlari oldida xorijning manaman degan detektiv filmlari ham hech narsa bo‘lmay qolgan ekan. U Elvirani qarz botqog‘iga botirib tashlagani yetmaganidek, oilasining ham parokanda bo‘lishiga sababchidir. Xususan, yuqori turuvchi idoralarga Elviraning turmush o‘rtog‘i Elbek Norxidirovning ustidan xotini nomidan bo‘htonga asoslangan shikoyat arizani o‘zi yozib, uyidan qayta ko‘chib chiqishga majbur etadi. Turmush o‘rtog‘idan bunday bo‘htonni kutmagan er ajralishga qaror qiladi.

Elvira Salima Norqulovadan olgan qarzining bir qismini qaytaradi. Ammo buni isbotlay olmaydi. Kuchli bosim ostida yozdirib olingan tilxat bilan sudda g‘olib chiqqan Salima Norqulova esa qonuniy yechim bilan ham kifoyalanmabdi. U Elviraga hattoki yaqin tanishlarini o‘rtaga solib, suiqasd qilish bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng qahri qattiq sudxo‘rdan zada bo‘lib qolgan Elvira Aglidullina xorijga qochib ketishga majbur bo‘ladi.

MIB Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limining televideniyega ma'lum qilishicha, E.Aglidullinaning qarzini undirish bugungi kunda uning onasi L.Aglidullina pensiyasining 50 foiziga qaratilgan. Ya'ni, MIB qonun doirasida undirish mumkin bo‘lgan daromaddan qarzni undirib bermoqda.

Asrab olingan farzandlar borasida S.Norqulovaning o‘zi shunday deydi:

— Birinchi o‘g‘limni 2004 yil avgust oyida asrab oldik. Qizimni esa 2009 yil yanvar oyida asrab olganmiz. Yaxshi yashab kelayotgandik, turmushimizga kutilmaganda darz ketdi. Ajrashishga majbur bo‘ldik...

Lekin S.Norqulova farzand asrab olish borasidagi vasiylik va homiylik talablarini qo‘pol tarzda buzgan.

«Vasiylik kengashi sizga farzandlarni rasmiylashtirib berayotganda qasamyod qabul qilinadi va bu sirni hech qachon oshkor etmayman, degan tilxat olinadi. Nega o‘sha talabni buzdingiz?» deb berilgan savolga S.Norqulova quyidagicha javob berdi:

— Birinchidan, farzandlarimni darhol o‘z nomimga tug‘ruqxonadan rasmiylashtirib olganman. Vasiylik va homiylik kengashi orqali emas.

S.Norqulova farzandlarini oldindan tanish bo‘lgan shifokorlar bilan til biriktirgan holda jinoiy yo‘l bilan, «o‘zi dunyoga keltirdi» degan soxta ma'lumotnomalar orqali o‘ziga rasmiylashtirib olgani oydinlashdi. (Albatta, viloyatdagi prokuratura organlari ushbu holatni chuqurroq o‘rganishlari va jinoyatga qo‘l urganlarga qonuniy jazo berishlari lozim bo‘ladi endi).

— O‘g‘limni Termiz shahridagi tug‘ruqxonadan, rasmiylashtirib olib chiqib ketganman. O‘zimga tug‘di deb ma'lumotnoma berishgan, keyin (FHDYoda) rasmiylashtirib olib chiqib ketganman. Qumqo‘rg‘ondagisi ham xuddi shunday bo‘lgan. Yosh qizcha tug‘ib tashlab ketgan chaqaloqni vrachlar bilan gaplashib, olganman.

S.Norqulovaning sobiq turmush o‘rtog‘i ismi-sharifini sir tutilishi sharti bilan yaqin-yaqingacha farzandlarining asrab olinganidan bexabar bo‘lgani, xabar topganida esa juda kech bo‘lganligini, sobiq xotinining makru-hiylasi oldida ojiz qolganligini aytib o‘tgan.

Salima Norqulova ikki oydan buyon Qumqo‘rg‘on tumanida qizi bilan yashab kelmoqda. Lekin o‘g‘li qayerda, kimning qaramog‘ida ekanligi haqida hech qanday izoh bermadi.

«Ishonch-TV» «jabrdiyda» niqobi ostidagi ayolning «boshpanasiz qolganman» degan vaj-karsoniga ham oydinlik kiritgan.

Qumqo‘rg‘on tumani «Yangishahar» mahallasi, O‘zbekiston shohko‘chasidagi 4-uyning 1-qavatidagi xonadonda «vaqtincha ijarada turibman, ijara puli ham to‘lanmagan», degan S.Norqulova jurnalistlar u yashayotgan xonadonda bo‘lganida.

Ammo, bu uy tumanda istiqomat qiluvchi Nizomiddin Karimqulov nomiga yuridik jihatdan ipoteka krediti asosida rasmiylashtirilgan va S.Norqulovaga 20 mln. so‘mga og‘zaki kelishuv asosida sotilgan ekan.

— Ko‘p qavatli uyga ehtiyojim bo‘lmaganligi sababli, men uyni sotishga qaror qildim. Hozir uy menim nomimda bo‘lsa-da, S.Norqulovadan kelishilgan 20 million so‘mning 18 millionini olganman. 2 millioni hali turibdi. Uy 20 yilga kreditga berilgan. Shu muddat o‘tgach, men uni S.Norqulovaga rasmiylashtirib beraman. 2017 yil aprelda uyni bo‘shatganman, shundan beri S.Norqulova u yerda yashab kelmoqda, — deydi N.Karimqulov.

«Bundan tashqari, Qumqo‘rg‘on tumani, «Do‘stlik» mahallasi Hamza ko‘chasida joylashgan 38-uy, 3-xonadon ham Salima Norqulovaning nomiga rasmiylashtirilgan. Uning bu uyga egalik huquqi mavjud bo‘lib, istalgan payti kirib yashashga haqli.

Yashash uchun ikkita uyi bo‘la turib, kamera qarshisida yig‘lab-siqtab yordam so‘rashga uni nima majbur qilgan? Bunisi bizga qorong‘u. Lekin mol-dunyo ilinjida tuzilgan makkor hiyla tufayli shuncha ko‘z yosh to‘kish uchun ko‘zda jo‘mrak bo‘lishi kerak, nazarimizda.

Baxt o‘zi nima? Halol mehnat, pokiza rizq. Bundan ortig‘i hali biror bir inson bolasiga ro‘shnolik keltirmagan. Soxta jabrdiydalik, tama ilinjidagi yolg‘on S.Norqulovaga ham biror bir naf bermasligi tayin», — deb yakunlaydi jurnalist o‘z xulosasini.

Mavzuga oid