Fransiya AQShning Erondagi hodisalarni baholashiga qo‘shilmasligini ma'lum qildi
Parij Vashingtonning Erondagi hodisalarni baholashiga qo‘shilmaydi. Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Fransua Delattr AQShni Erondagi vaziyatni o‘z foydasiga qo‘llashdan ogohlantirdi.
BMT Xavfsizlik kengashi AQSh tashabbusi bilan 5 yanvarda Eronda yuz bergan oxirgi hodisalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 4 yanvarda AQShning BMTdagi vakili Nikki Xeyli Erondagi vaziyat Suriya ssenariysi bo‘yicha ketishi xavfidan ogohlantirgandi.
“Eronda oxirgi kunlarda yuz berayotgan hodisalar qanchalik xavotirli bo‘lmasin, mohiyatan ular xalqaro tinchlik va xavfsizlikka xavf solmaydi. Biz yuz berayotgan hodisalarga tegishli tarzda munosabat bildirishimiz kerak, boshqacha aytganda, biz vaziyatni kuzatishimiz va osoyishta namoyishlar doirasida yuz berayotgan hodisalar borasida ogoh bo‘lishimiz lozim”, deb aytgan Delattr.
Uning aytishicha, “bu inqirozni o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun qo‘llashga istalgan urinishlardan qochish” lozim. “Bu diametral qarama-qarshi natijalarga olib kelishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi fransiyalik diplomat.
“Erondagi o‘zgarishlar tashqaridan emas, balki Eron xalqining o‘zidan kelib chiqishi kerak”, deb aytgan Delattr.
Eronda 28 dekabrdan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari o‘tib kelmoqda.
Fransiyaning pozitsiyasini Xavfsizlik kengashining qolgan a'zolari ham qo‘llab-quvvatlashgan. Jumladan, Xitoyning BMTdagi vakili U Xaytao “Erondagi vaziyat xalqaro tinchlikka tahdid qilmasligini” aytgan. “Erondagi ichki vaziyatni muhokama qilish Kengashning BMT nizomida yozilgan majburiyatlariga mos kelmaydi. Bu Erondagi ichki muammolarni hal qilishga yordam bermaydi”, deb aytgan Xaytao.
Biroq Buyuk Britaniyaning BMTdagi vakili Mettyu Raykroft Londonda Tehronga nafaqat oxirgi hodisalar bilan bog‘liq holda e'tirozlar borligini aytgan. “Birlashgan qirollik Erondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda va bu nafaqat namoyishchilarga taalluqli. O‘lim jazolarining ijrosi davom etishi, zaif huquqiy tizim, fikrni bildirish va diniy erkinliklarning cheklanishi – bularning barchasi bizni tashvishlantirmoqda”, deb aytgan Raykroft.