Jamiyat | 20:00 / 12.01.2018
9412
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar o‘z huquqlari himoyasida sud hokimiyati imkoniyatlaridan foydalana olmayapti

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda fuqarolar o‘z huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishlarida sud hokimiyati imkoniyataridan to‘liq foydalana olmayapti. Taraqqiyot strategiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ishtirok etgan Oliy sud sudyasi Abdil To‘xtashev shunday fikrni bildirdi.

“Sud-huquq tizimidagi islohotlar bosh vazifaga qaratilgan. Bosh vazifa nimadan iborat? Bosh vazifa – inson huquqlari, erkinligi va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroga munosib turmush tarzini ta'minlash, har bir fuqaroga o‘z huquqlarini himoya qilish va ruyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni barpo etishdir. 

E'tirof etish kerakki, bizda hozirgacha fuqarolar o‘zlarining huquqlarini himoya qilishda sud hokimiyati vositalaridan yetarli darajada foydalana olmayapti”, - dedi Abdil To‘xtashev. 

Uning fikricha, buning asosiy sabablari jamiyatda huquqiy madaniyat va ongning yetarli darajada rivojlanamagani, sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlashda ma'lum muammolar mavjudligi hamda sud kadrlarining prezident tomonidan qo‘yilayotgan talablarga javob bera olmayotganidir. 

To‘xtashevning ta'kidlashicha, sudyalarning mustaqilligini ta'minlashda jamoatchilik fikri muhim o‘rin tutadi. 

“Sudya qanchalik halol bo‘lmasin, o‘z vazifasiga qanchalik mas'uliyat bilan yondashmasin, agar unga xalq ishonmasa bu sudda adolat tantana qilishi qiyinlashadi. Shu sababli Davlat dasturida kelajakda sudyalarni tayinlash, saylash tartibini o‘zgartirish, takomillashtirish, jumladan sudyalikka nomzodlarni joylarda muhokama qilish va mahalliy kengashlaridan nomzodlar xususida fikr va tavsiyalarini olish hamda bu takliflarni sudyalarni saylashda e'tiborga olish belgilanmoqda”, - deya To‘xtashev davlat dasturida sud-huquq tizimidagi islohotlarga doir takliflarni izohladi. 

Uning ma'lum qilishicha, so‘nggi yillarda sud amaliyotida rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan holda “Habeas korpus” institutini yanada kengaytirish doirasida surishtiruv va dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning qiynoqqa solinishi yoki boshqacha tarzda qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqlardan himoyalash kafolatlarini yanada kuchaytirishga jiddiy e'tibor berilmoqda.

Mavzuga oid