Jahon | 00:16 / 24.01.2018
5971
4 daqiqa o‘qiladi

Tsunami yuz berishi holatiga suzuvchi elektromobil ishlab chiqildi

Foto: screenshot

Motosport sohasidagi havaskor Xideo Tsurumaki Yaponiyada 2011 yil martida yuz bergan vayronkor sunami oqibatlari, mashinalarida omon qolmoqchi bo‘lganlar dengizga olib ketilganlarining guvohi bo‘lgan. Shunda u Toyota kompaniyasidan bo‘shab, suza oluvchi elektromobil yaratishga ahd qildi. U bu g‘oyasi ustida bir necha yillar ishladi va hozirda uni ro‘yobga chiqarishga yaqin turibdi.

Tsurumaki ustav kapitali 1800 dollar bo‘lgan kompaniyaga asos solib, o‘z tajribalarini garajda boshlagan. U o‘sha yerda ovqatlanib, o‘sha yerda uxlagan. U tez orada kundalik qo‘llash uchun bunday suzuvchi elektromobilni yaratish murakkab vazifa ekanligini anglagan. Biroq shunga qaramay, u ikki yil ichida ommaviy ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan kichik o‘lchamli Fomm suzuvchi elektrokarini yaratishga, mablag‘ topishga va Tailandda fabrikani ijaraga olishga muvaffaq bo‘lgan. U fabrikada yiliga 10 mingta amfibiya-elektromobil ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.

Ixtirochining aytishicha, uning maqsadi shaharlik oila uchun ikkinchi mashinaga aylanadigan to‘laqonli suzuvchi elektromobil yaratmoqchi. Uning bu yaratgan mashinasi ehtimol qachondir uning oilasi a'zolarining hayotini qutqarib qolar. “Men bu mashinadan bittasi uyimda bo‘lishini istayman. O‘ylaymanki, ko‘pchilik shunday o‘ylaydi”, deb aytgan Tsurumaki. U yaratgan elektrokar bir quvvatlanishda 160 km masofa bosib o‘ta oladi va tezligi 80 km/soatgachani tashkil qiladi. 

Joriy elektrokar ixtirochi yaratgan 4-prototipdir. U elektromobil shunchaki o‘z-o‘zicha suzib yuruvchi emas, balki suvda to‘laqonli boshqarilishi uchun bir qator muammolarni hal qilishiga to‘g‘ri keldi. Bunda unga Tokio universiteti muhandislari ko‘maklashishgan. Elektrokarning g‘ildirak disklari o‘zgacha shaklda bo‘lib, uning evaziga g‘ildiraklar suvda parraklar kabi ishlay oladi. Ular yordamida avtomobil suvda burila oladi. 

Fomm suza boshlaganda, sarmoyachilar ham topildi. Tailandning Trinex qurilish kompaniyasi kvartiralar xarid qiluvchi mijozlariga ushbu avtomobilni taklif qilmoqchi. Mashina Tailandda ijaraga olingan zavodda ishlab chiqarila boshlanishi kerak. 

Hozirda ixtirochi oldida turgan vazifa – mashina tannarxini arzonlashtirish. Elektromobillar ishlab chiqarish o‘zi shundoq ham qimmat turadi, suzadigani esa yanada qimmatroq. “Bu tovuq va tuxum voqeasiga o‘xshaydi. Arzon bo‘lishi uchun, ko‘proq ishlab chiqarish kerak, biroq bundan oldin arzonroq qilish kerak”, deydi ixtirochi. Ilk Fomm qimmatga tushadi: Tailandda uning narxi 18 ming dollardan oshadi. 

Carnorama kompaniyasi mutaxassisi Ken Miyaoning aytishicha, bu g‘oyaning muvaffaqiyatga erishishi narxga bog‘liq bo‘ladi. “Ular mashinalarini an'anaviy mashinalar kabi arzonlashtirishlari kerak. O‘ylaymanki, hech kim hayotda bir marta uchrashi mumkin bo‘ladigan holat uchun 2 barobar qimmat pul to‘lamaydi”, deb aytgan mutaxassis.