Toshkent shahridagi qator bog‘chalarda sifatsiz taomlar berilayotgani oshkor bo‘ldi
Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin va yana bir qator mas'ullar 23 yanvar kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan 206-maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lishdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mehmonlar ushbu maktabgacha ta'lim muassasasining tayyorlov guruhidagi o‘quv-tarbiya jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Vazir boshchiligidagi mas'ullar o‘z e'tiborlarini bog‘chaning tayyorlov guruhi tarbiyachisi Dilyara Egamberdiyeva o‘tkazayotgan navbatdagi mashg‘ulotlarga qaratishdi. Bolalar shu qadar mashg‘ulotlarga qiziqib ketishgandi-ki, hatto mehmonlarning guruhga kirib kelganligini ham sezmay qolishdi. Kuzatuv davomida tarbiyachi Dilyara Egamberdiyeva o‘zining o‘n sakkiz yillik pedagogik tajribasidan kelib chiqib bolalarga zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ta'lim berishi ma'lum bo‘ldi.
Afsuski, oshxonadagi holat kutilgan natijani bermadi. Soat 12:20 bo‘lishiga qaramay, bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun tushlik tashkil etilmaganligi ayon bo‘ldi. Taomnoma bo‘yicha qaylali no‘xatli bo‘tqa pishish arafasida bo‘lsada, uning ichida xozirgina solingan xom go‘sht borligi hammani hayratga soldi. Aniqlanishicha, oshpaz E.Mamedova taomnoma bo‘yicha tushlikdagi 2-ovqatga berilishi lozim bo‘lgan 35,22 kg go‘sht o‘rniga 31kg go‘sht ishlatgan ekan. Mehmonlarning kutilmagan tashrifi uni esankiratgani bois, pishib turgan no‘xatli bo‘tqaga yana 4 kg xom go‘shtni solgan va shu bois tushlik berish bog‘chada kechiktirilgan ekan.
Albatta, bu manzara yuqoridagi xushkayfiyatdan asar ham qoldirmadi. Bir so‘z bilan aytganda, Yunusobod tumanidagi 206-maktabgacha ta'lim muassasasining oshxona faoliyati talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi bilan birga bog‘chada kun tartibi buzilganligi ham aniqlandi. Shuningdek, mazkur bog‘chaning quvvati 540 nafar bolaga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, 2018 yilning 1 yanvar xolatiga ko‘ra, tarbiyalanuvchilar soni 740 nafarni tashkil qilayotganligini qanday baholash mumkin? Ustiga-ustak bolalar bog‘chasi binosining birinchi blogi tuman xokimiyati tomonidan Fuqarolar yig‘iniga berilgan. Yo‘l qo‘yilgan ana shu kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanmasligining oldini olish maqsadida 206-maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi V.Muxammedova, oshpaz E.Mamayedova, ombor mudiri D.Dadaxodjayevalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, bog‘cha hamshirasi Sh.Tashtayevaga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Kunning ikkinchi yarmida Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin va yana bir qator mas'ullar M.Ulug‘bek tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim muassasasida ham bo‘lishdi. Bu yerdagi holat ham yuqoridagi bog‘chadan qolishmaydi. Bog‘cha 1980 yilda qurilgan bo‘lib, uning quvvati 320 o‘ringa mo‘ljallanganligiga qaramay, bugungi kunda ushbu bog‘chada 551 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 14-maktabgacha ta'lim muassasasining oshxona faoliyati talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi yana ko‘ngilni xira qildi. Xususan, maktabgacha ta'lim muassasiga Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan MChJ “Ibragimova” tomonidan yetkazib berilgan go‘shtning bir qismi sifatsiz holatda ekanligi va yaroqsiz go‘sht mahsulotlari oshxona muzlatgichida saqlanganligiga qanday izoh berish mumkin? Albatta, kamchilikka chora ko‘rish muqarrarligi bois, mazkur bog‘cha ombor mudiri D.Baxromova, bosh oshpazi D.Davirova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi vazifasini bajaruvchi F.Usmanbekovaga hamda hamshira G.Xo‘jamkulovalarga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Qolaversa, 14-maktabgacha ta'lim muassasasi hamda MChJ “Ibragimova” o‘rtasida tuzilgan shartnoma ham bekor qilingan.
Maktabgacha ta'lim vaziri A.Shin o‘rganish davridagi holatlarni zudlik bilan bartaraf etish va ularni takrorlamaslik maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va ijroga qaratish yuzasidan mutassadilarga topshiriq berdi.
Bolalar bog‘chalaridagi ishlarning haqiqiy holati va ularning faoliyati samaradorligini o‘rganish tadbirlari barcha hududlar bo‘yicha muntazam ravishda amalga oshirilishini yana bir bor ta'kidlash joiz. Demak, keyingi o‘rganish Sizning bog‘changizda ham bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
08:08 / 08.11.2024
Yunusobodda bir kunda ikkita YTH sodir bo‘ldi
13:40 / 20.08.2024
Toshkentda qalbaki AQSh dollarini sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi
13:02 / 23.07.2024
Yunusobod tumanida yangi qurilayotgan binoda yong‘in sodir bo‘ldi
21:47 / 03.07.2024