18:10 / 01.03.2018
22694

«Bunyodkor» Doston Hamdamov bilan bog‘liq mojaroli vaziyatga izoh berdi

Toshkentning «Bunyodkor» klubi bosh direktori Murod Aliyev va klub bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida jamoa futbolchisi, ayni vaqtda Rossiyaning «Anji» klubi yig‘inida bo‘lib turgan Doston Hamdamov bilan bog‘liq mojaroli vaziyatga izoh berdi.

— Doston Hamdamov bilan bog‘liq vaziyatga izoh bersangiz. Jamoa akademiyasidan yaxshi futbolchilarni yetishtirib chiqmoqda. Ammo ularning jamoani tark etishi qandaydir mojaroli vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Klub bunga qanday izoh beradi?
— Hamma ko‘rib-bilib turibdiki, Hamdamov mashg‘ulotlarimizda ishtirok etmayapti. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, u Rossiyaning «Anji» klubida. To‘g‘ri, «Anji»dan xat kelgani rost. Mendan oldin ishlagan rahbarlar Hamdamov bilan tuzgan bitimda, uning shartnomani istalgan vaqtda bekor qilish summasi sifatida 300 ming yevro tovon puli yozib qo‘yilgan. Futbolchi qachon mustaqil boshqa jamoa bilan o‘tkazishi mumkin? Shartnoma tugashiga 6 oy vaqt qolgan bo‘lsa, to‘g‘rimi. Hamdamovning esa «Bunyodkor» bilan bir yillik shartnomasi bor edi. 

Rossiya klubidan xat kelganidan keyin, «Bunyodkor» klubi prezidenti Ulug‘bek Ashurov bilan bu masalani muhokama qildik. Rahbar Hamdamov jamoada qolishini istadi va futbolchi uchun so‘ralayotgan summa kamligini ham ta'kidladi. Shundan so‘ng, «Anji»ga javob xati yozib o‘z shartlarimizni ma'lum qildik. FIFA qoidalari bo‘yicha bilsangiz kerak, futbolchi 23 yoshgacha boshqa jamoaga ketadigan bo‘lsa, u tarbiya topgan akademiyasi uchun ham ma'lum miqdorda kompensatsiya to‘lanishi kerak bo‘ladi. Doston klub akademiyasida 13 yoshidan buyon tarbiyalanib kelmoqda. Javob xatida tovon pulidan tashqari FIFA talabi bo‘yicha kompensatsiya mablag‘ini o‘tkazib berishlarini kerakligini bildirdik. Bu yerda birinchi navbatda klubning sha'nini o‘yladik. Ikkinchidan, Hamdamov uchun olingan pulidan tushadigan mablag‘ni ham klubning xarajatlari, hozir eng zarur bo‘lib turgan qarzlarni yopishga sarflashni ko‘zlagandik. Hozircha bu borada hech qanday javob bo‘lgani yo‘q. Bu borada O‘FAga ham PFLga ham murojaat qilib chiqdik. Vaziyatdan ularning ham xabari bor. Agar «Anji» belgilangan talablarni bajarishini kutmoqdamiz.

Hamdamov bu yerda noto‘g‘ri yo‘l tutdi deb o‘ylayman. Jamoa uchun birinchi navbatda fidoyi bo‘lishi kerak. Bir futbolchini tarbiyalab yetishtirib, u professional futbolchiga aylanishi uchun qancha mehnat, qancha vaqt talab qilinadi. 50-100 tarbiyalanuvchidan bu kabi futbolchi bitta yoki ikkita chiqishi mumkin. Afsuski, Hamdamovning agentlari uning boshini turlicha yo‘llar bilan, fikrlar bilan to‘ldirib aynitishgan. 

May oyidan buyon jamoada ishlayotgan bo‘lsak, Qosimov ham, men ham doim aytib kelamiz. Futbolchi ma'lum mavqega erishish uchun ko‘p mehnat qilishi kerak, sovrinlar yutishi kerak. Futbolchi kelajagini chet el klubi bilan bog‘lamoqchi bo‘lsa, unda tanlov imkoniyati bo‘lishi kerak. Qosimov futbolchilarga doim uqtiradi: «Senga bitta emas, bir nechta klublardan taklif tushsin. Senda tanlov imkoniyati bo‘lsin. «Ash-Shabob»ning taklifi ma'qulmi, yoki Rossiya klubiningmi? Ana shunda sen haqiqiy, o‘zingni hurmat qilgan futbolchi bo‘lasan». 

Futbolchini hech kim ushlab qola olmaydi. Birinchi navbatda uning xohishi. Lekin shu jamoadan chiqdingmi, shu jamoa bilan shartnomang bormi, ketayotganingga yarasha, seni yetishtirib chiqargan jamoaga foyda keltiradigan ishni ham qilish kerak. Rossiya tomoni biz so‘ragan pulni to‘lab bersa, boshqasiga e'tirozimiz yo‘q», deya gapirib o‘tdi Aliyev KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida.

Top