Jamiyat | 23:40 / 21.04.2018
13650
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda bir kunda to‘rtta inshoot foydalanishga topshirildi

20 aprel kuni Navoiy viloyati, Navoiy shahrining “Janubiy” mahallasida “Yangi davr farzandlari” nomli davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi turdagi 14-nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Profi edicition” mas'uliyati cheklangan jamiyati raisi, tadbirkor Bektosh Hotamov tomonidan foydalanishga topshirilgan ushbu muassasa 360 bolajonga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda kelajagimiz egalarining har tomonlama sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Ayniqsa, kichkintoylarga o‘z ona tilidan tashqari rus va ingliz tillarining o‘rgatilishi ota-onalarni xursand qilmoqda.

Xuddi ana shunday yana bir majmua – barcha qulayliklarga ega 100 o‘rinli “Qaldirg‘och” nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi esa Karmana tumanining “Sardoba” mahallasi hududida ochildi. Tuman hokimligi qo‘llovi bilan tadbirkor Mavluda Muinova tomonidan rekonstruksiya qilingan maskanning foydalanishga topshirilishi hududdagi ota-onalar uchun quvonchli shodiyonaga aylanib ketdi.

E'tirof etish joizki, bugungi kunda viloyatda tibbiyot sohasida xususiy sektorni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tarmoq davlatimiz tomonidan ma'naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlanayotgani ushbu yo‘nalishda o‘z imkoniyat va tajribalarini ishga solishni niyat qilgan soha fidoyilarini ihomlantirmoqda.

Shu kunning o‘zida Navoiy shahrida ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan “Vagus” xususiy tibbiyot markazi fikrimiz dalilidir. Eng so‘nggi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu markazda bankning moliyaviy ko‘magi bilan 7 yil muddatga 2 milliard 400 million so‘m kredit evaziga zamonaviy jarrohlik bo‘limi qad rostladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan tuzilgan nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan esa 155 ming AQSh dollariga xorijdan eng zamonaviy so‘nggi rusumdagi tibbiy jihozlar olib kelib o‘rnatildi.

Buning natijasida qo‘shimcha 54 ta ish o‘rni yaratilib, barcha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani voha aholisi uchun o‘ziga xos qulaylik yaratishi tabiiy. Ayniqsa, tibbiyot markaziga malakali mutaxassislarning jalb etilgani, xususan, xorijlik mutaxassislar va poytaxtimizdagi malakali shifokorlar o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani aholi salomatligi yo‘lida muhim omil bo‘ladi. Ayni paytda bu yerda ikki nafar hindistonlik jarroh faoliyat yuritmoqda.

Qadimiy va nurafshon Nurota tumanida, xususan o‘zining uzoq yillik boy tarixiy merosi bilan ma'naviyat sarchashmasi sifatida nom taratgan “Chashma” tarixiy majmuasi hududida zamonaviy mehmonxona foydalanishga topshirilishi ham xalqimiz bunyodkorligining amaliy namunasi sifatida qad rostlagani bilan e'tiborlidir.

Bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yuksak arxitektura va me'morchilik an'analarini o‘zida mujassam etib, 9 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan 60 o‘rinli ushbu zamonaviy mehmonxona hudud ahli uchun munosib tuhfa bo‘ldi.

Mavzuga oid