Jamiyat | 20:29 / 21.04.2018
50133
6 daqiqa o‘qiladi

To‘y va biznes. Vizasiz rejim tojiklar va o‘zbeklarga nima berdi?

Joriy yilning 16 martidan e'tiboran Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari bir-birlarining hududida bir oy mobaynida vizasiz qolishlari mumkin. «Do‘stiy» nazorat o‘tkazish punkti Dushanbega eng yaqini, u Tojikiston poytaxtidan bor-yo‘g‘i 70 km narida joylashgan.

Foto: theopenasia.net

«Ochiq Osiyo onlayn» muxbirlari NO‘Pda bo‘lib, chegaralarning ochilishi nafaqat qarindoshchilik aloqalarining tiklanishi, shuningdek biznes rivojiga ham ta'sir qilganini aniqlashdi.

O‘zbekiston bilan chegaradosh Tursunzoda shahriga borayotgan mashinalar uchun terminalda chegaragacha mijozni eltib qo‘yuvchi taksichilar paydo bo‘lgan. Bir o‘rin uchun ular 20 somoniy (2,2 dollar) so‘rashmoqda.

Foto: theopenasia.net

— Kuniga men uch marta chegaragacha kelaman va qaytaman. Bundan ortig‘iga kuchim ham xohishim ham yetmaydi, lekin kunning istalgan vaqtida har ikki tarafdan kelib ketuvchilar ko‘p, — deydi jurnalistlarga haydovchi Abdurahmon Samiyev. Uning aytishicha, mijozlari asosan Sariosiyo tuman aholisi bo‘lib, ular qo‘shni davlat poytaxtini aylanib, kechqurun uylariga — O‘zbekistonga qaytishadi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, «Do‘stiy» NO‘Pni har ikki tomondan kuniga 2 minggacha har ikki davlat fuqarolari kesib o‘tmoqda.

Palapartish bozor

NO‘P oldida odamlar izdihomi ko‘zga tashlanadi. Aniqlanishicha, mahalliy aholi O‘zbekistondan keltirilgan mahsulotlar sotiladigan bozorcha ochishibdi.

Savdo qilayotganlarining aytishlaricha, Denovdagi markaziy bozorgacha borish 11 somoniy (1,2 dollar) ga tushadi. Bu yerdagi narxlar esa Tursunzodadagidan arzonroq va undan bular foydalanishmoqda. Denovdan mahsulotlarini olib kelib, chegarada sotishmoqda.

O‘zbekistonlik 30 yoshli Samandar Qodirov har tong singillari bilan Tojikistonga keladi va kechqurun qaytadi.

Foto: theopenasia.net

Ular no‘xatning bir kilosini 12,5 somoniy (1,4 dollar) ga pullashadi. Regarning o‘zida no‘xatning bir kilosi 17 somoniy (1,9 dollar), Dushanbeda esa 18 somoniy (2 dollar) turadi.

— Biz bu yerda kuniga 300 kilogacha no‘xat sotamiz. Ba'zan Qo‘rg‘ontepadan xaridorlar keladi va barcha qoplarimizni sotib olishadi. Mana, hozir sotayotgan qopim tugasa, akam yana ikki qop keltirib tashlab ketadi, — deydi Qodirov.

Har ikki tomondagi chegarachilar oziq-ovqat mahsulotlari olib o‘tilishiga to‘sqinlik qilishmayapti. Asosiysi — sifat sertifikati bo‘lsa bas.

53 yoshli Akramboy Mamadov har kuni O‘zbekistonga konfet, shirinlik va bolalar o‘yinchog‘i keltirish uchun o‘tadi. U biznes qilishga qaror qilgan, chunki uyda o‘tirish zerikarli. Bu erkak butun umr mehnat migranti sifatida pul topgan.

Bir yilcha avval u qandli diabetga chalingan, endi Akramboy aka og‘ir ishlarni qila olmaydi.— Chegara ochilgach, men biznesni yo‘lga qo‘yishga qaror qildim. Endi oilamga, bolalarimga foyda keltiryapman. Dori-darmonlarimga ham yetayapti, — deydi u.

Foto: theopenasia.net

Uning barcha tovarlari 15 somoniy (1,6 dollar) turadi. Dushanbeda ularning narxi 30 somoniy (3,4 dollar)ga teng. O‘zbek savdogarlari poytaxt yoki boshqa shaharlarda savdo qilishmaydi. Yo‘l xarajatlari mahsulotlar narxining oshishiga olib keladi.

Made in Tajikistan

O‘zbekistonliklar ham Tojikistonda xarid qilishmoqda. Masalan, alyuminiy buyumlar: mantiqozon, qozonlar va h.k. LG televizorlarini ham sotib olishmoqda.

Jo‘rabek Aliyev 100 somoniy (11 dollar) dan 10 ta mantiqozon sotib olibdi. Aytishicha, o‘zlari uchun olibdi, onasi qarindoshlariga sovg‘a qilar ekan.

— Agar qarindoshlarimizga Tojikistonning mantiqozonlari yoqsa, uni bozorlarda ham sotish mumkin bo‘ladi. Asosiysi — qarindoshlarning ma'qullovi, — deya kuladi Aliyev.

Foto: theopenasia.net

Dushanbe bozorlariga ta'sir

Biz bozorchada bo‘lib turganimizda, Dushanbedan mashinalar kelib, uning yo‘lovchilari turli mahsulotlar — tuxum, meva, o‘yinchoqlar va no‘xatni ulgurji xarid qila boshlashdi. O‘z ismini Sirojiddin deb atagan haydovchilardan biri sotish uchun emas, o‘zi uchun xarid qilayotganini ta'kidladi.

— Chegaradan mashinada o‘tish uchun 50 dollarga yaqin boj to‘lash kerak. Odamlar esa sotishdan oldin ustiga qandaydir narx qo‘yishgan bo‘lishi mumkin, lekin baribir bu yerdagi narx-navo Dushanbedagidan ancha arzon, — deydi Sirojiddin.

Foto: theopenasia.net

Aytish kerakki, chegaralar ochilgach, O‘zbekistondan mahsulotlar importi Dushanbe bozorlaridagi narxlarga jiddiy ta'sir o‘tkazdi. Aytaylik, endi bir qop un avvalgi 180 somoniy (20 dollar) o‘rniga 140 somoniy (15 dollar), bir quti tuxum avvalgi 27 somoniy (3 dollar) o‘rniga 18 somoniy (2 dollar), mayiz 35 somoniy (4 dollar) o‘rniga 20 somoniy (2,2 dollar), shakar 8 somoniy (0,8 dollar o‘rniga 6 somoniy (0,6 dollar)  sotilmoqda.