«Ovozsiz» partiyalar va mazmunsiz matbuot sharoitida siyosiy savodxonlikni qanday oshirish mumkin?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqlari, gapirayotgan gaplari ko‘pchilik vatandoshlarim kabi menda ham ertangi kunga umid uyg‘otib faol harakat qilishga chorlayapti. Shuning uchun yana qo‘limga «qalam» olib, o‘zim bilgan sohada navbatdagi taklifni yozishga o‘tirdim. Bu taklifning tug‘ilishiga 4ta voqea (hodisa, ahvol, holat...) sabab bo‘ldi.
Birinchisi — ish faoliyatimda talabalar, hamkasblarim, ko‘chada qo‘shnilarim bilan suhbatlar, oliy o‘quv yurtlarining talabalariga o‘qilayotgan ba'zi gumanitar fanlarning dasturlari, darsliklari va boshqa o‘quv adabiyotlari bilan tanishuvim, O‘zbekiston matbuoti va televideniyesining siyosiy mavzulardagi materiallarini o‘qib va eshitib qilayotgan xulosalarim va taassurotlarim.
Ikkinchisi — Prezidentning 7 mart kuni respublika xotin-qizlarining vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda boshqa davlatlarda ishlab, o‘qib yurgan savodli, malakali vatandoshlarimizni mamlakatga chaqirish ko‘lamini kengaytirish haqida aytgan gapi.
Uchinchisi — «Amerika ovozi» radio va telekanaliniing yetakchi jurnalisti, siyosiy sharhlovchi Navbahor Imomovaning jurnalist Jasur Hamroyev bilan suhbatdagi «Sizni mamlakatga chaqirsa, borasizmi?» degan savoliga bergan javobi.
To‘rtinchisi — 3 yil oldin Amerikaga va bu yil Germaniyaga safar qilib, u yerlarda ta'lim olib ishlayotgan va nisbatan uzoq muddatlardan beri yashayotgan vatandoshlarim bilan qilgan suhbatlarim.
Ertaga oliy ma'lumot oladigan bugungi talabalarning siyosiy (iqtisodiy, ma'naviy, diniy...) savodxonlik darajasi qanday? Buni birinchi yaqinlashishda aniqlashning qiyinchiligi yo‘q.
Xalqimizda «qush inida ko‘rganini qiladi», degan purhikmat maqol bor. Shunga amal qilsak, bu daraja birinchi navbatda, bu sohalarga tegishli fanlarni o‘qiyotgan professor-o‘qituvchilarning bilimi va malakasiga, o‘qish uchun tavsiya qilingan materiallarning mazmuniga (sifatiga) bog‘liq.
Sovet davrida bunday bilimlarning asosini Marks, Engels, Lenin asarlari, KPSS s'yezdlari va Plenumlarining materiallari, Bosh Sekretar va Siyosiy Byuro a'zolarining nutqlari va kitoblari tashkil qilardi. Mustaqillik davrida esa, bu adabiyotlar Islom Karimovning asarlari, nutqlari va ular asosida yozilgan o‘quv adabiyotari bilan almashtirildi.
Oxirgi 1,5 yidan beri bu siyosatdan keskin ijobiy burilish bo‘lishiga qaramasdan, gumanitar fanlarning dasturlari, kitoblarida va ma'ruzalarida tanqid qilinayotgan g‘oyalar, siyosat, afsuski davom etayapti. Eng yomoni, biz ularni kelgusida yetuk mutaxassis, rahbar, jamiyatga, xalqqa ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan talabalarning ongiga singdirayapmiz, o‘qishga majbur qilayapmiz, imtihon olayapmiz. Siyosatni o‘rgatadigan asosiy fan («siyosatshunoslik») esa o‘quv rejasidan chiqarib tashlangan. Islohotlar boshlanganiga 1,5 yil bo‘lishiga qaramasdan, ushbu fan «o‘quv reja»ga qaytarilgani yo‘q.
Matbuot va televideniyedagi siyosiy eshittirishlarni aytmasak ham bo‘ladi. Ular bir tomonlama, tor va mazmunsiz. Bu masalada aytishga arziydigan o‘zgarish yo‘q.
Demokratik mamlakatlarda xalqning siyosiy savodini oshirishda erkin matbuot va siyosiy partiyalar faol qatnashadi. Masalan, GFRning asosiy qonuni 21-moddasining 1-bandida «Partiyalar xalqning siyosiy irodasini shakllantirishga yordam beradi», deb yozilgan. Bizda esa hozircha ularning «ovozi» eshitilmaydi. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: shunday muhitda xalqning siyosiy savodxonlik darajasi qanday bo‘ladi?
Prezident o‘zining nutqlarida va katta majlislardagi chiqishlarida mamlakatda hamma sohada yetuk mutaxassislar yetishmayotganligini aytib keladi. Afsuski, biz o‘zimizning yoshlarni ilg‘or chet davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib mutaxassis tayyorlamadik. Lekin baxtimizga boshqa davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarini tugatib, o‘sha yerlarda yaxshi ishlarga joylashib ishlab tajriba va malaka orttirgan vatandoshlarimiz bor. Buni yaxshi bilgan Prezident ularga murojaat qilayapti. Respublika xotin-qizlarining vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda, nafaqat AQShdagi balki boshqa davlatlarda ishlab, o‘qib yurgan savodli, malakali vatandoshlarimizni ham mamlakatga chaqirishni aytdi. Demak, chaqirish masalasi hal bo‘ldi, deb hisoblasa bo‘ladi.
Mamlakatga taklif qilinayotgan mutaxassislarga zarur sharoitlar yaratib berilgan taqdirda, ularning qanchasi qaytib kelishi mumkin? Buni ularning o‘zlaridan boshqa hech kim bilmaydi.
Zarur shart-sharoitlarga nimalar kiradi: yashash uchun yaxshigina uy-joy, ishiga yarasha munosib maosh va erkin ishlashi uchun kafolat. Oxir-oqibat bular qiyin emas, buni davlat qilsa kerak, chunki busiz ularning birortasi kelmaydi. Ularning ko‘pchiligi (ayniqsa, Amerikada) o‘zi yashaydigan davlatning fuqaroligini olgan. Bu masalani ularning foydasiga, ya'ni ikki fuqarolikka ruxsat berish qonun bilan hal qilinmasa, ularning aksariyati kelmaydi. Kelsa ham fuqarolikdan chiqmasdan vaqtincha keladi. Ularning har birining ortida oilasi turibdi. Turmush o‘rtoqlari, farzandlari u yerga o‘rgangan, bolalarining yaxshi bilim olishi uchun u yerdagi sharoit biznikiga qaraganda, ancha yuqori. Har bir ota-ona farzandlarining ertasini o‘ylagani kabi, ular ham birinchi navbatda oilasini o‘ylaydi.
Men o‘zimni oladigan bo‘lsam, Prezidentga juda ishonaman, shuning uchun ham qo‘limdan kelganini qilishga harakat qilayapman, lekin men ishongan Prezident ham 10 yil rahbarlik qiladi. Keyin nima bo‘ladi? Vatan deb o‘zining «issiq» joyini tashlab kelayotgan ularning har biri aynan shuni o‘ylaydi. Chunki, ular demokratik mamlakatlarda yashaydi va demokratiyaning nima ekanligini va kelajakda ularning farzandlari uchun qanday imkoniyatlar yaratishini juda yaxshi bilishadi.
Shunday vatandoshlarimizdan biri «Amerika ovozi» radio va televideniyesining o‘zbek tilidagi eshittirishlar bo‘limining siyosiy sharhlovchisi, Navbahor Imomova. Navbahor yaqinda AQShga borgan jurnalist Jasur Hamroyev bilan suhbatida o‘zi qariyb 20 yildan beri AQShda yashab kelayotganini aytgan. Shuningdek, suhbatdan ma'lum bo‘layaptiki, u Amerikada o‘qib, Indiana va Harvard universitetlarining magistrlik diplomlarini olgan.
Youtube kanaliga qo‘yilgan videomateriallardan uning turli mavzulardagi chiqishlarini, diplomatlar, mutaxassislar va turli kasb egalari bilan qilgan suhbatlarini eshitib, yangi-yangi ma'lumotlar, bilimlar olaman. Shunday aqlli, savodli, go‘zal qiz oddiy o‘zbek oilasining farzandi ekanidan cheksiz quvonaman. Shunday jurnalist bilan butun O‘zbekiston faxrlansa arziydi.
Amerikaning va jahonning boshqa nufuzli axborot agentliklari ingliz tilini ona tilidek biladigan bunday malakali mutaxassisni jon deb ishga oladi. Lekin Navbahor o‘zi aytganiday O‘zbekistonga foydam tegsin, deb «Amerika ovozi»ning o‘zbek bo‘limida ishlab turibdi. Hozir O‘zbekistonga ishlab chiqarish, oliy ta'lim, fan sohasidagi mutaxassislar qatori xalqning siyosiy savodini chiqarish uchun Navbahor kabi yetuk jurnalistlar, siyosiy sharhlovchilar ham kerak. Jasur Hamroyevning agar «Sizga ham O‘zbekistonga qaytish haqida taklif bo‘lsa, qaytasizmi?», deb bergan savoliga, u «Men hozirgi sharoitda u yerga borib emas, balki shu yerda (ya'ni Amerikada) turib mamlakatimga ko‘proq foyda keltiraman, chunki bu yerda erkin ijod qilishim uchun sharoit u yerdagiga qaraganda juda katta», deb javob berdi.
Haqiqatan ham shunday, hozircha O‘zbekistonda jurnalistning erkin aytgan fikri, davlatning yuqori lavozimda o‘tirgan mulozimiga yoqmasa, uning dasturi yopilib, o‘zining ishdan haydalmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Ishlagan taqdirda, asosan, televideniyening mas'ul xodimlari va «kurator»lari chizib bergan qolipdan chiqmasligi kerak, erkin ijod, fikr erkinligi haqida gapirishga hali ancha erta ko‘rinadi.
Endi maqolaning qariyb 90 foiz hajmini egallagan «kirish» dan keyin aytiladigan taklif quyidagidan iborat: Agar O‘zbekiston rahbariyati o‘z xalqining siyosiy (shuningdek, iqtisodiy, ma'naviy, diniy va h.k.) savodini chiqarishni xohlasa, bu ishni zamonaviy texnik imkoniyatlardan foydalanib ham amalga oshirsa bo‘ladi. Buning uchun O‘zbekiston televideniyesining asosiy kanallaridan birining bir soat vaqtini Navbahor kabi jurnalistlarga berish kerak. Navbahor xalqqa bu masalada nimani aytish, nimani aytmaslik kerakligini televideniyening rahbarlari va «kurator»laridan bir necha barobar yaxshi biladi. O‘zbekistondagi qiziqishga, zaruratga, ehtiyojga qarab mavzular tanlaydi va ularga tegishli materiallar tayyorlaydi, kerak bo‘lganda AQSh va boshqa mamlakatlardagi mutaxassislar bilan suhbatlar uyushtiradi hamda ularni o‘zbek tiliga tarjima qiladi. O‘zi lozim topgan axborotlarni beradi. Axborot bozorini, berilayotgan materiallarning ta'sir doirasini, auditoriyasini turli usullar, vositalar orqali monitoring qilib boradi.
Ba'zi vaqtlarda televideniye mas'ullari, o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda dasturlar tayyorlash uchun buyurtma berishi ham mumkin. Lekin ular tayyorlagan materiallarning mazmuniga O‘zbekiston tomoni aralashmasligi va tayyorlab yuborilgan materialni «qaychilamasligi» kerak. Chunki birinchidan, yuqorida aytganimday, ularning bilimi, malakasi, tajribasi televideniye «nazoratchilari»nikidan yuqori, ikkinchidan, ular O‘zbekistonni bizdan ko‘ra ko‘proq «sevadi», lekin aslo kam emas. Oxir-oqibat siyqasi chiqqan bu «sevgi»ning me'yori hech kimning peshonasiga yozilmagan, aslida har birimizning qilgan ishimiz buning o‘lchovi bo‘ladi. Shuning uchun ularning aksariyati O‘zbekistonga siz «o‘ylagan» yomonlikni ravo ko‘rmaydi.
Buning uchun ularni ham oldin «qora ro‘yxat»dan chiqarish kerak, chunki 7 martdagi majlisda prezident aytganidek, «bu insonlar ham bizning vatandoshlarimiz, O‘zbekiston fuqarolaridir».
Agar shunday qilinsa, bu, dunyoning ilg‘or demokratik mamlakatlari tomon ochilgan «darcha», ular bilan bizni yaqinlashtiruvchi «ko‘prik» bo‘ladi. Erkin dunyoni ko‘rgan, yaxshi bilgan ilg‘or fikrli vatandoshlarimiz va chet ellik mutaxassislarning suhbatlari aynan shu darcha orqali «kirib keladi» va biz ulardan bahramand bo‘lamiz. Dunyoqarashimiz kengayib, chuqurlashadi, bilimimiz esa ko‘payadi
Eshittirishlarning mavzusi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, qishloq xo‘jaligi, biznes, ta'lim, sog‘liqni saqlash, tarix, adabiyot va hokazo masalalarda bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston radio, televideniye va matbuoti turli sabablarga ko‘ra chet ellarda ishlayotgan talantli, til biladigan, malakali jurnalistlar bilan hamkorlik qilsa, bu birinchidan — ularning dasturlarini boyitib muxlislari sonini ko‘paytiradi, ikkinchidan — yuqorida aytganimdek, kattayu-kichikning har tomonlama savodini, bilimini oshirib butun xalqimizning manfaati uchun xizmat qiladi.
Demokratiyaning darajasi, jamiyatning rivojlanishi va mustahkamligi xalqning siyosiy savodxonligiga bog‘liq. Aynan shuning uchun demokratiya rivojlangan mamlakatlarda, hokimiyat tepasiga kimning yoki qaysi siyosiy guruhning kelishidan qat'i nazar erkin matbuot, erkin fikrning rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit doim yaratiladi.
Abdulla Quvvatov,
Samarqand davlat universitetining dotsenti