20:00 / 25.04.2018
29141

O‘zbekistondagi mehnatga majburlash muammolari (I qism)

Kim kimni kimdan himoya qiladi?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda majburiy mehnat muammolari faol muhokama etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida majburlashtirilgan mehnatni tubdan yo‘q qilish fursati yetganligini ta'kidladi.

Bu haqda prezidentimiz 2017 yilnig 19 sentabrida Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ham gapirgan edi. Prezident Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda bolalar mehnati va majburiy mehnatni yo‘q qilish borasida ta'sirli choralar ko‘rilganini ta'kidlagan edi.

Foto: O‘zA

Shu yilning 17 aprelida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasida ta'lim va tibbiyot sohasi xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha xodimlarini dala va obodonlashtirish ishlariga jalb qilishni taqiqlash masalalariga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ayrim amaldorlarga ogohlantirish va hayfsan e'lon qilindi.

Keling, majburiy mehnat o‘zi nima ekanligini aniqlashtirib olaylik:

1930 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 29-raqamli «Majburlashtirilgan va majburiy mehnat haqida»gi Konventsiyani qabul qiladi. Mazkur konvensiyada «majburlashtirilgan va majburiy mehnat» termini qaysidir shaxsdan qandaydir jazo tahdidi ostida talab qilinuvchi va bu shaxs o‘z xohishi bilan qilishni istamaydigan ish yoki xizmatni bildiradi.

Darvoqe, O‘zbekiston XMT a'zosi hisoblanadi va Xalqaro mehnat tashkilotining 14 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgan, jumladan, 29-raqamlisini ham.

Milliy qonunchiligimizda «majburiy mehnat» deganda biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash tushuniladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasida so‘z boradi.

Bu holda, Mehnat kodeksiga ko‘ra bajarilishi uchun quyidagi ishlar majburiy mehnat hisoblanmasligi belgilab qo‘yilgan:

  • harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida;
  • favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
  • sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
  • qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

«Boshqa hollar» deganda nimalar nazarda tutilishini biz bilmaymiz, lekin davom etamiz.

Garchi qonunchiligimizda insonlar tez-tez to‘qnash keladigan majburiy mehnat shakllari tilga olib o‘tilmagan esa-da, biz ulardan ayrimlarini keltirishga jazm qildik:

  • qishloq xo‘jaligi;
  • qurilish ishlari;
  • obodonlashtirish;
  • kommunal xizmatlar va h.k.

De-yure: O‘zbekistonda majburiy mehnat Konstitutsiya bilan taqiqlangan

De-fakto: 2017/18 o‘quv yilida ko‘chalarni tozalash ishlariga — 17 ming kishi, ariqlarni tozalashga — 4 ming, qurilish ishlariga — 7 ming, dala ishlari: chopiq, chekanka, hosilni yig‘ib olishga — 23 ming nafar talabalar va o‘qituvchilar jalb qilingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda — 9 mingdan ortiq, Andijon viloyatida — 8,5 ming, Jizzax viloyatida — 5 ming, Namangan viloyatida — 2,6 ming, Toshkent viloyatida — 5,5 ming nafar talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb qilingan. Bu Vazirlar Mahkamasi statistikasi.

Mehnatga majburlash uchun jazo bormi?

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasida mehnatga majburiy tarzda majburlov uchun ma'muriy jazo belgilangan.

Qayd qilinishicha,qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash —eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa —eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kimlar jarimaga tortilgan?

Biz mavjud ma'lumotlarning barchasini o‘rganib chiqdik. Hech narsa topa olmadik. O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilida hech kim jarimaga tortilmagan ekan. Eng kamida, biz qo‘lga kiritgan statistika bo‘yicha. Qiziq joyi shundaki, mehnatga majburlash haqidagi faktlar tiqilib yotibdi, lekin tumanlar, shaharlar va viloyatlar kesimida mas'ullar jazosiz qolaverishgan.

Yana bir savol ochiq qolmoqda. Kim jarimaga tortiladi?Prokuratura organlari, IIV, kasaba uyushmasimi yoki hokimliklar?

Tuman prokurori hokimni jarimaga tortishiga ishonasizmi? Axir ular kechagina choyxonada birga osh yeyishgan-ku?..

Foto: ASN

Ha-ya, maktab direktorlarini unutibmiz. Bechora direktorlar. Uni aniq jarimaga tortish yoki kamida tushuntirish xati olish mumkin. Agarda uning o‘g‘li… Toshkentda qandaydir maxsus bo‘linmada ishlamasa… Unda, bo‘pti, o‘qituvchi bo‘lsa-o‘qituvchi-da. Amallar...

Ko‘rib turibsizki, himoyalash va jazolashning tayinli bir huquqiy mexanizmi yo‘q.

Ha, biz ko‘p gapiramiz, lekin amalda hech vaqoni qoyillatmaymiz.

Mobodo mexanizm ishlab chiqilgan taqdirda ham ishga vijdonan yondashish, huquqlilik va odil sud munosabatlari o‘rnatiladimi? Bu endi boshqa masala.

Jinoiy javobgarlik

O‘zbekistonda mehnatga majburlash uchun tegishli jinoiy javobgarlik yo‘q. 2008 yilda O‘zbekiston Jinoyat kodeksi insonlarni ekspluatatsiya qilish termini bilan to‘ldirildi.

Qonunchilikka ko‘ra, insonlarni ekspluatatsiya qilish deganda boshqa shaxslarni fohishabozlikka yoki seksual ekspluatatsiya, majburiy mehnat yoki xizmatning boshqa shakllariga majburlash, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlar, tutqunlikda saqlash yoxud ison a'zolari va to‘qimalarini olish tushuniladi.

«Odamdan foydalanish» termini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi — «Odam savdosi»da keladi. Ta'kidlanishicha, odam savdosi, ya'ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish demakdir.

Foto: Fotolia

Ko‘chalarni supurib-sidirish yoki paxta terish «odam savdosi» toifasiga kirmaydi.

Demak, mehnatga majburlash uchun jinoiy javobgarlik yo‘q ekan.

Taqqoslash uchun:

Ukraina Jinoyat kodeksining 173-moddasi:

Mulkchilik shaklidan qat'i nazar idora, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslari, shuningdek alohida bir fuqaro yoki ular tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan aldov yoki ishonchni suiiste'mol qilish yoki bitim bilan shart qilinmagan ishni bajarishga majburlash yo‘li bilan mehnat haqidagi bitimni qo‘pol ravishda buzish — fuqarolarning soliq solinmaydigan minimal daromadlarining 50 karrasi miqdorida jarima yoki ma'lum bir mansabni egallash yoki ma'lum bir faoliyat bilan shug‘ullanishni 5 yil muddatgacha cheklash yoki olti oy muddatgacha qamoq jazosi yoki ikki yil muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ko‘rinib turibdiki, ukrainalik qonunshunoslar mehnat shartnomasi va mehnatga majburlash uchun ish beruvchi ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligini hisobga olishgan.

Nima bo‘lganda ham, qonunchilarimiz va ijrochilarimiz mehnat qonunchiligini muntazam buzayotgan va insonlarning turli ishlarga majburlayotganlarni jazolay boshlashlaridan umid qilamiz.

Jinoiy javobgarlik haqida gapirar ekanmiz, bir narsani takrorlaymiz: fursat yetib keldi. Amaldorlarimiz buni 27 yil ichida tushunishmagan ekan, jinoiy javobgarlikka tortila boshlashgach tushunib, muammoni hal qila boshlashar.

Ulug‘bek Akbarov,

Kun.uz eksperti.

Top