BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslikning eng yuqori darajasini qayd etdi — u Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va qo‘shni davlat aholisining har uch nafaridan bittasi to‘yib ovqatlana olmas ekan, deb yozmoqda news.tj.

Tojikistonda 2014–2016 yillarda aholining 30,1 foizi yoki 2,6 million kishi to‘yib ovqatlana olmagan, deyiladi FAO’ning «Yevropa va Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sohasidagi ishlarning ahvoli» hisobotida.

Boz ustiga, ushbu ko‘rsatkichning pasaygani qayd etilgan: 2005–2007 yillarda uning darajasi 40,2 foiz bo‘lgan. Ya'ni to‘yib ovqatlanmaslikning tarqalganlik darajasi yiliga o‘rtacha 1 foizdan kamayib bormoqda.

Foto: RIA "Novosti"

Shu o‘rinda, YeMA (Yevropa va Markaziy Osiyo) mintaqasi davlatlari ichra aholi jon boshiga YaIM Tojikistonda eng past bo‘lib qolmoqda. 2015 yilda u 993 dollarni tashkil etgan. Butunjahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 1857 dollarni tashkil etgan. (Qozog‘istonda — 10617$, Turkmanistonda — 6933$, Qirg‘izistonda — 1017$).

FAO tahlilchilariga ko‘ra umuman olganda, YeMA davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslikning tarqalganlik darajasi u qadar katta emas. «1990 yildan 2015 yilgacha mintaqa ham foiz ulushini, ham och qolayotganlarining absolyut sonini kamaytirish yuzasidan juda katta yutuqlarga erishgan. Lekin YeMAning bir necha davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Bu ko‘rsatkichning eng yuqori darajasi Tojikistonda qayd etilgan», —deyiladi hisobotda.

Shuningdek, to‘yib ovqatlanmaslikning Moldova (8,5 foiz), Gurjiston (7 foiz), Qirg‘iziston (6,4 foiz), O‘zbekiston (6,3 foiz), Serbiya (5,6 foiz) va Turkmaniston (5,5 foiz) da tarqalganligi yuzasidan xavotir bildirildi.

O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2005–2007 yillardagi 12,4 foizdan 2014–2016 yillarda 6,3 foizga tushgan va 1,9 million nafarni tashkil etmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligining yo‘qligi

Hisobotda aytilishicha, 2014, 2015 va 2016 yillarda oziq-ovqat xavfsizligining og‘ir darajada yo‘qligini YeMA mintaqasida 14,3 million nafar yoshi katta aholi o‘z boshidan kechirgan.