Islom nuri turkumidan: Ramazon odoblari
KUN.UZ tahririyati muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan turli diniy-ma'rifiy mavzularda suhbat yuritiluvchi “Islom nuri” dasturini taqdim etib boradi. Dasturning bugungi mehmoni poytaxtimizda joylashgan Shayx Ziyovuddinxon jome masjidi imom xatibi Erdon Esonov bo‘ldi. U kishi bilan suhbatda Ramazon oyi odoblari, unda ro‘za tutish farzligi va Ramazon yaxshiliklari haqida so‘z boradi.
Youtube'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish
- Alloh taolo Qur'oni karimda Ramazon ro‘zasini farz qilgan oyati karimaning xotimasida “Sizdan oldingi ummatga ro‘za ibodati farz qilingani kabi sizlarga ham farz qilindi”, deydi. Nima maqsadda farz qilindi deganda, Alloh aytadiki: “Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz”. Demak, kishi ro‘za tutsa taqvodor bo‘ladi. Ya'ni, buning uchun ro‘zaning barcha talablariga amal qilsangiz, ro‘zadan ko‘zlangan maqsadni inobatga olsangiz va uning kim tomonidan buyurilayotganiga ahamiyat bersangiz taqvodor bo‘lasiz, - deydi E.Esonov.
- Ana shunda kishida ruhiy poklanish, yengillik shakllanadi. Ro‘zada boshlangan kayfiyat ro‘za tugagach, susayishni boshlaydi. Bu kishi ro‘zaning asl mohiyatini anglab yetmasligidan paydo bo‘ladi. Inson biror bir odatga ko‘nikma hosil qilishi, o‘sha odatning hayotiga singib, turmush tarziga aylanib ketishi uchun o‘ttiz kun kifoya qilarkan. Agar shu amalni ishonch bilan, muhabbat bilan bajarsa, qolgan 11 oy vaqt davomida o‘sha yaxshi amallarni bajarishlikka yetarli bo‘ladi.
Erdon Esonov ro‘zaning mukammalligi haqida fikr bildirar ekan, shularni gapirib berdi.
- Saharlikdan to iftorlikka qadar yemay, ichmay va jinsiy yaqinlik qilmagan odam ro‘zador hisoblanadi, ammo bu mukammal ro‘za bo‘lmaydi. Insonda taqvo hissini hosil qiladigan, insonni jannatning “Rayyon” deb nomlanuvchisiga kirishga sababchi bo‘ladigan, Allohga yaqinlik paydo qiladigan va yil davomida qilingan barcha gunohlarini kuydirib yuborishlikka sababchi bo‘ladigan ro‘za mukammal hisoblanadi.
Ro‘zador ro‘za davomida shariat qaytargan ishlardan qaytishi kerak. Ko‘zini, tilini, qo‘lini, oyoqlarini va butun jismini harom ishlardan saqlashi lozim bo‘ladi. Keyin imkon qadar Ramazon kunlari ro‘zadorlar fursatlari bo‘lsa Qur'on o‘qishlari kerak bo‘ladi. Chunki bu oy – Qur'on oyi. Qur'on o‘qishni bilmaydigan vatandoshlarimiz, mo‘min-musulmonlarimiz zikr bilan, tasbeh bilan yoki diniy-ma'rifiy yaxshi kitoblarni mutolaa qilish bilan kunlarini o‘tkazsalar a'lo bo‘ladi.
Ramazonda e'tibor beradigan yana bir muhim jihatlardan bittasi – iftorlik masalasi. O‘sha saharlik vaqti juda ko‘p ovqat yeyilmaydigandek, iftorlik vaqtida ham ko‘p ovqatlanilmaydi. Iftorlik bilan bo‘ladigan marosimlarda ham isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmasligiga ahamiyat qaratish lozim, - deydi E.Esonov.
Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
08:38 / 05.03.2024
Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi
00:08 / 19.04.2023
Ramazon hayiti shanba kuni boshlanishi mumkin – astronomlar
19:03 / 18.04.2023
Ramazon oyi 29 kun ham bo‘lishi mumkin - G‘ulomiddin Xolboyev
22:23 / 04.04.2023