Transport vositalari haydovchilari bo‘lmaganda to‘xtab turish qoidalarini buzish holatlari qayd etilayotgan yangi tartib Norma tomonidan ko‘rib chiqildi.
 
Yaqinda (17.05.2018 yil) ko‘pgina OAV Toshkent shahar YHXB xodimlari transport vositalarining to‘xtab turish qoidalarini buzish holatlarini foto va video orqali qayd etib, avtomobilning old oynasida maxsus eslatma qoldirayotganliklari haqida xabar tarqatdilar. Unda huquqbuzarlikni belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 3 kun muddatda DYHXX organiga kelish talab etiladi. Kelmagan taqdirda transport vositasi ushlab turilishi (jarima maydonchasida) haqida ogohlantirmoqdalar.

 Yangilik – Toshkent shahar YHXBning «o‘zboshimchaligimi»?
 
Yo‘q, bu «o‘zboshimchalik» emas. Fevralda (14.02.2018 yil) Prezidentning «Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi PQ–3528-son qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatning 25-bandida IIVga 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga poytaxtimizda transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to‘g‘risida takliflar kiritish vazifasi topshirilgan. Takliflarda haydovchisi bo‘lmaganda ham noto‘g‘ri to‘xtab turish holatini qayd etish va bayonnomalar tuzilishi nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.
 
Biroq Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga hozircha hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmadi. Binobarin, Toshkent shahar YHXB ushbu g‘oyani mavjud qonunchilik normalari doirasida amalga oshirishga urinmoqda. 
 
Eslatma qanday yuridik kuchga ega?
 
Bugungi kunda to‘xtab turish qoidalari buzilganligi (MJTKning 128-6-moddasi) haqida ma'muriy bayonnoma tuzish majburiyligicha qolmoqda va hujjat ilgarigidek huquqbuzar tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak (Yo‘riqnomaning 5 va 10-bandlariga qarang). Bunda bayonnoma, qoida tariqasida, joyning o‘zida tuzilishi lozim.