Jamiyat | 00:42 / 30.05.2018
16975
5 daqiqa o‘qiladi

Nogiron go‘daklar hamon tug‘ilmoqda... Nega?

Foto: iStock

Maxsus bog‘chadagi bolalar namoyish etgan sahna ko‘rinishini tayyorlash uchun nafaqat bolalar, balki tarbiyachilar ham ancha mehnat qilganligi sezilib turardi.

Sahna ko‘rinishi murakkab emas: bolalar uchun mo‘ljallangan kuy-qo‘shiq, she'r va raqs. Ammo… Safda tizilgan bolalarning biri qatordan chiqib ketadi, biri o‘tirib oladi, yana biri onasiga qarab qo‘l silkiydi. Ular — imkoniyati cheklangan bolalar. Shuning uchun ham biz uchun juda oddiy ko‘ringan sahna ko‘rinishlarini bajarishi ming mashaqqat bilan amalga oshirilmoqda. Tengdoshlaridan ko‘ra aqliy, jismoniy rivojlanishdan ortda qolgan bolalar…

Biroq ularning harakatlariga qarab tasanno aytasan. Ayniqsa, Asadbek ismli bolakay shunchalik yoqimtoyki, xatti-harakatlari, gap-so‘zlari bilan sizni darrov o‘ziga qaratadi-qo‘yadi. Quvnoqligi, hayotsevarligi, so‘zamolligidan zavqlanasiz. To‘g‘ri, u so‘zlarning barchasini ifodalab berolmaydi, ammo gaplarini eshitib, zavqlanmay bo‘lmaydi. Unga mehringiz tushishi barobarida nahotki shunday mehrli, hayotga chanqoq, ziyrak bolakay bu hayotdan nimanidir tushunib-tushunmay o‘tsa, degan og‘riqli savol paydo bo‘ladi xayolingizda.

Olti yoshlardagi bu bolakay tug‘ilgan paytda mamlakatimizda barcha homilador ayollar skrining tekshiruvidan o‘tishi lozim edi-ku, nega Asadbek bolalar tserebral paralichi bilan tug‘ilgan, degan savol menga tinchlik bermadi. Qo‘llarini o‘pib, tomoshabin ayollardan biriga jo‘natayotgan bolakayning onasi hoynahoy shu ayol bo‘lsa kerak, degan fikrda unga yaqinlashdim. Oilasi, Asadbek haqida so‘radim. Turmush o‘rtog‘i bilan qarindosh emas ekan. Ammo homilador payti xastalikka chalinganda e'tiborsizlik qilibdi.

— Homilador paytingiz skrining tekshiruvidan o‘tmaganmidingiz?

— O‘tgandim.

— Tekshiruv natijalari ijobiy edimi?

— Yo‘q, do‘xtirlar farzandingiz nogiron tug‘iladi, deb ochiqchasiga aytgandi. Lekin men ishonmagandim. O‘g‘il farzand kutayotgandik. Turmush o‘rtog‘im ham homilani oldirishga rozi bo‘lmadi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilgandik. Ammo do‘xtirlarning gapi to‘g‘ri chiqdi.

Boshqa onalar bilan suhbatlashaman. Ular ham shunga o‘xshash javoblarni aytishdi. Onalarning ko‘zi mungli, biroq shunday bo‘lsa-da, pushaymonman, deb aytolmaydi. Axir qanday aytsin?! Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, farzandi tirik, yonida. Faqat har ko‘rganda yuragi tilka-pora bo‘ladi. «Nahotki meni farzandim bir umr shunday yashasa», — deya azoblanadi.

Yaqinda tug‘ruqxonalardan biriga homilador ayolni keltirishdi. Ayol tibbiy kartasini olib kelmagani ma'lum bo‘ldi. Do‘xtirlar ayolga shoshilinch yordam berishi, farzand dunyoga kelishi kerak. Ikki dunyo oralig‘idagi ayol hadikda, do‘xtirning qo‘llarini ushlab olgan. «Hammasi yaxshi bo‘ladi-a», — deydi tinmay. Ming azobda farzand tug‘ildi. Tug‘ildi-yu, do‘xtirlar chaqaloqni ko‘rib, bir-biriga xavotir bilan nazar tashladi. Garchi hali madorsiz bo‘lsa-da, hozirgina farzandli bo‘lgan ayol buni sezdi. Tug‘ruq paytida bor-yo‘g‘i ingrab qo‘ygan bo‘lsa, farzandini ko‘rib, dodlab yubordi. Ma'lum bo‘lishicha, ayol skrining natijalarini yo‘q qilib yuborgan ekan.

Bular yaqin yillarda, shu kunlardagi hayotimizdan olingan misollar, xolos. Ularga guvoh bo‘lganimdan so‘ng Samarqand viloyat skrining markazi tomonidan aytilgan «15 ming nafar homilador ayollar skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ularning 300 ga yaqinida turli xastaliklar aniqlandi» kabi so‘zlarni eshitarkanman, ishqilib, bu homilador ayollarning orasida Asadbekning onasi singari yo‘l tutganlar bo‘lmasin-da, deb qo‘yaman.

Gulruh MO‘MINOVA,
jurnalist.