18:39 / 04.06.2018
25881

Xayriya: 9 yil sport bilan shug‘ullangan Eldor ikki buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda

Ramazoni sharifda mehr-muruvvat, yordamga muhtoj yurtdoshlarimizning holidan xabar olish amaliyotimizni ko‘paytirib, yana bir xayrli maqsad ila izlayotgan manzilimizni qidiramiz. Bu Chinoz tumanining Yallamasi, Qir mahallasi Niyozova ko‘chasi 22-uy. Bizni tan tuzilishidan bir vaqtlar jismonan baquvvat bo‘lgani ko‘rinib turgan, biroq kasallik tufayli rangini oldirib qo‘ygan vatandoshimiz kutib oldi. 

Ma'lum bo‘lishicha, 9 yil mobaynida sportning kikboksing va bodibilding turlari bilan shug‘ullangan Eldor 3 yildan buyon o‘tkir ikki buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib keladi. Ayni vaqtda Toshkent viloyatining Xonoboddagi tez yordam markazida gemodializ vositasida qonini tozalash bilan hayot kechirmoqda. Biz ahvoli qandayligini so‘rab, Eldorning so‘zlarini tinglaymiz.

“3 yil bo‘ldi buyragim ishdan chiqdi. Gemodializ olaman, 3 yil bo‘ldi. Menga buyrak bujmayishi, qurishi tashxisi qo‘yilgan. O‘zim 9 yil kikboksing va bodibilding bilan shug‘ullanganman. Alloh yo‘lida halol-pok hayot kechiraman, degan niyatlar bilan yurardim. Toshkent yuridik kollejini bitirganman. 

Bu buyrak yetishmovchiligi insonni asta-sekin qiynab, to‘kar ekan. Hozirda halovatim umuman yo‘q, 3-4 xil dori iste'mol qilaman doimiy ravishda. Kichik hojat umuman yo‘q. Qon bosimim baland bo‘lib ketadi. Tanam haddan ortiq qizib ketaveradi. Yoz mavsumida juda qiynalaman”, - deydi vatandoshimiz. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, gemodializ olish chog‘ida gepatit S virusini ham yuqtirib olgani bois, bu xastalikdan ham davolanmoqda. “Uning dorisi esa, faqat Hindiston keltiriladi”, deydi Eldor. 

Eldorning aytishicha, ayni vaqtda onasi buyragini berishga rozi bo‘lgan. Buning uchun ma'lum miqdorda (45-50 mln so‘m) atrofida mablag‘ talab etiladi. Buyrak ko‘chirish bo‘yicha jrrohlik amaliyotini Respublika jarrohlik ilmiy markazida o‘tkazish mumkin.

Azizlar, mehr-muruvvatli va xayr-ehsonni xush ko‘ruvchi vatandoshlar, shunday fazilatli ulug‘ kunlar ichida turibmiz. Nabiylar sarvari Muhammad sallollohu alayhi vasallam Ramazoni sharifda boshqa oylarga qaraganda yanada saxovatliroq bo‘lib ketar ekanlar. Biz u muborak kishining ummati sifatida turmush tarzimizda u kishidan har bir sohada o‘rnak olishimiz lozim. 

Shunday ekan, kelinglar, yaxshilar qulay fursatni boy bermaylik, saxovat qo‘llarimizni keng ochib, yordamga muhtoj, yaxshilik niyatida davolanib olish uchun ko‘mak so‘rayotgan vatandoshimiz umidini puchga chiqarmaylik. Uning shifo topib, oyoqqa turishiga imkon qadar ko‘maklashaylik!

Nazarov Eldor  +99897 768 76 40

PAYME, CLICK (Agrobank): 8600 0417 3304 6909

Hisob raqami: 2261 8000 6990 4580 1500

MFO: 00476

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top