19:00 / 28.06.2018
11835

Xushxabar: Shahrisabz tarixiy markazi YuNeSKO umumjahon merosi ro‘yxatida qoldirildi

YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqdi. KUN.UZ manbasining xabar berishicha, ushbu masala ijobiy hal bo‘ldi. 

 O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonga yana bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qiladi. Shahrisabz tarixiy markazini YuNeSKO jahon meroslari ro‘yxatida qoldirish nuqtai nazaridan ishlar davom ettiriladi. 

Ta'kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 9 iyun kuni “YuNeSKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarorni qabul qilgan edi. Unga muvofiq, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrining tarixiy markazida keng ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda Konventsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma qoidalariga rioya qilmasdan va ularning loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishilmagan holda olib borilgani uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Natijada, YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiyasi qarori bilan Shahrisabz tarixiy markazi 2016 yilda Umumjahon merosining xavf ostidagi obektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mazkur qaror bilan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi hududlarni muhofaza qilishni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida respublika idoralararo ishchi guruhi tuzildi.

Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi hududlarni muhofaza qilishni takomillashtirish va YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 26 ta banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan avval O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning YuNeSKO ro‘yxatidagi hududlar masalasi bo‘yicha Shahrisabz hamda Samarqandda bo‘lib qaytgani haqida xabar berilgan edi

Shuningdek, KUN.UZ'da O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Fransiyaga tashrifining so‘nggi kunida YuNeSKO bosh direktor o‘rinbosari Ernesto Ramirez bilan uchrashgani haqida ma'lum qilgan edik. U shuningdek YuNeSKO qoshidagi qator mamlakatlar elchilari  bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. 

Top