O‘zbekistonda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini boshqarish va monitoring tizimlarini ko‘zda tutuvchi Hospitality Contract dasturini tatbiq etishga doir ishlar boshlandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 16 avgustdagi "2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 3217-sonli qaroriga muvofiq, shuningdek O‘zbekistonning jahon miqyosidagi imidji va jozibadorligini oshirish, turistik infratuzilmalari obektlarida monitoring va xizmat ko‘rsatish sifatini boshqarish tizimlarini tatbiq qilish orqali turizmning tezkor rivojlanishi ta'minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Interactive System kompaniyasi bilan hamkorlikda Hospitality Contract dasturi loyihasini ishlab chiqish va tatbiq etishga doir ishlarga start berildi.

Hospitality Contract dasturini amalga oshirish loyihasi 2018 yilning 1 sentabriga rejalashtirilgan bo‘lib, kelgusida doimiy asosda amal qiladi.
Hospitality Contract dasturini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad - mijozlarning turistik obektlar (aeroportlar, mehmonxonalar, otellar, mehmon uylari)dan qoniqish darajasini oshirish; mazkur obektlarda xavfsizlikni ta'minlash, personal kompetentligini oshirish va tezkor munosabat bildiruvchi samarali kanalni yaratish.
Mijozlar munosabatini aks ettiruvchi Click Smile standart terminallari to‘rt smaylli tugmadan iborat bo‘lib, O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar ular yordamida taqdim etilayotgan xizmatlar sifatidan rozi yoki norozi ekanliklarini ko‘rsatishlari mumkin. Terminallar odamlarga to‘rt xil hissiyotni ifodalovchi smayldan birini bosishni taklif qiladi: "juda mamnunman" (tabassumli yashil tugma), "qoniqdim" (me'yoriy tabassumli och yashil tugma), "ko‘proq noroziman" (ma'yus smaylli pushti tugma) va "mutlaqo noroziman" (g‘azablangan smaylli qizil tugma).
Qo‘mitadan ma'lum qilinishicha, Hospitality Contract dasturi xorijiy sayyohlar va mamlakat aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlarda tatbiq etiladi - aeroportlar, temir yo‘llar, avtovokzallar, banklar, Retail tarmoqlari, muzeylar, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish joylari va h.k.







