O‘zbekiston | 10:56 / 09.08.2018
8028
4 daqiqa o‘qiladi

Mulkchilik va ijara bo‘yicha ikkita qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish taklif etildi

Foto: KUN.UZ

Adliya vazirligi ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni taklif etmoqda, sababi qonunlar havola qiluvchi normalar va eskirgan atamalar bilan to‘lgan, yanada dolzarb bo‘lgan qonun hujjatlariga zid keladi va amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, deb yozadi Norma.
 
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida salmoqli dalillar keltiriladi:
 
• ikkala qonun mustaqil davlat oyoqqa turayotgan va bozor munosabatlariga o‘tayotgan ilk davrda qabul qilingan: «O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi Qonun – 1990 yil oktabrda (ya'ni O‘zbekiston SSRda), «Ijara to‘g‘risida»gi Qonun – 1991 yil noyabrda;
 
• ularda havola qiluvchi normalar juda ko‘p, har birida 30 tadan ortiq, bu qonun hujjatlari ijrosini ancha qiyinlashtiradi. Ayrim hollarda o‘z kuchini yo‘qotgan «O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida»gi Qonunga havolalar uchraydi («Ijara to‘g‘risida»gi Qonunning 22-moddasiga qarang);
 
• qonunlarda ayni paytda qonun hujjatlarida qo‘llanilmayotgan tushunchalar va atamalarni topish mumkin. Masalan, «ajnabiy fuqarolar» va «jumhuriyat» («xorijiy fuqarolar» va «respublika» atamalarining eskirgan shakllari), «korxonalar va tashkilotlarning xo‘jalik birlashmalari», «kooperativ mulk», «kollektiv korxonasining mulki» va boshqalar;
 
• normalar takrorlanishi va boshqa qonun hujjatlariga zid kelishi holatlari ko‘zga tashlanadi:
 
a) «O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida»gi Qonun avvalgidek xususiy, shirkat (jamoa), davlat ma'muriy-hududiy tuzilma mulki (kommunal), aralash, boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari hamda xalqaro tashkilotlarning mulki singari mulkchilik shakllarini o‘z ichiga oladi. Bu Fuqarolik kodeksiga muvofiq kelmaydi, unda mulk atigi ikkita shaklga ega: xususiy va ommaviy (FKning 167-moddasi). Bundan tashqari, qonun normalarining asosiy qismi eskirgan, ularning ayrimlari Fuqarolik, Oila, Uy-joy kodekslari va boshqa hujjatlarda takrorlanadi;   
 
b) «Ijara to‘g‘risida»gi Qonun deyarli to‘laligicha Fuqarolik kodeksida aks etgan. Ijara – bitim turi. Kodeksda bitimlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar batafsil tartibga solingan (FKning 9-bobiga qarang), mulk ijarasiga alohida 34-bob bag‘ishlangan. Buning ustiga, uning ayrim normalari boshqa hujjatlarga zid. Misol uchun, ijara korxonalarini barpo etish tartibi («Ijara to‘g‘risida»gi Qonunning 26-moddasiga qarang) Fuqarolik kodeksining korxonani ijaraga berish to‘g‘risidagi normalariga (FKning 34-bobi 5-§) muvofiq kelmaydi.
 
Boshqacha aytganda, ko‘rsatilgan qonunlar hozirgi qonunchilik rivojlanishi holatiga va iqtisodiy tamoyillarga javob bermaydi. Mulkchilik va ijara munosabatlari sohasidagi munosabatlar tizimli ravishda va yaxlitligicha huquqiy tartibga solinishini ta'minlash, mavjud qarama-qarshiliklarni bartaraf etish uchun ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish kerak.  

Mavzuga oid