Inson umri shu qadar qisqa va kutilmagan vaziyatlarga boyki, erta bir kun nima bo‘lishi, qanday sinov yo mukofotlar kelishini bilib bo‘lmaydi. Hayot chig‘iriqlari Haq yo‘lini tanlagan, ziyoli insonlarni ham sinovdan o‘tkazadi, dard bilan siylaydi. Anvar qori Tursunov ham ko‘p sinovlarni boshdan o‘tkazdi. 51 yoshida ko‘ksiga qadalgan to‘qqiz tig‘ni mardonavor qarshiladi, Yaratganning inoyati ila oyoqqa turib, o‘z vazifasini davom ettirdi. U qarshi kuchlarning do‘q-po‘pisalaridan qo‘rqmadi. Shu bois ham xalq orasida obro‘-e'tibor topib, millionlab musulmonlarni Haq yo‘liga da'vat etdi. Qancha insonlarning hayotiga xotirjamlik olib kirgani, qalbini iymon nuri ila yoritgani faqat Yaratganga ayon.

Anvar qori Tursunovning zurriyodi Ziyovuddin Tursunov otasi bilan bog‘liq xotiralari haqida so‘zlab berdi.

– Ziyovuddin, bugungi suhbatimizga qimmatli vaqtingizni ayamay tashrif buyurganingiz uchun tashakkur. Oxirgi oylar siz va yaqinlaringiz uchun nihoyatda qayg‘uli bo‘ldi. Haq o‘lim padari buzrukvoringizni bu hayotdan olib ketdi. Eng yomoni, u inson og‘ir xastalikka chalinganda ham mish-mishlarning keti uzilmadi. Dadangiz bularni qanday qabul qildi?

– Bismillahir rahmonir rahiym! Dadamning o‘limlari biz va muxlislari uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Yaratganning irodasi ekan, kutilmaganda insultga chalinib, ikki oylik davolanishlardan so‘ng vafot etdilar. Ba'zi internet nashrlari yozganidek yoki ayrimlar aytganidek, dadam tilla soat haqidagi gap-so‘zlar tufayli xastalikka chalindi deb hisoblamayman. Bu gaplar ko‘ngillarini ranjitdi, ammo haqiqat raddiyada aytilgandek bo‘lgani uchun kuyib-pishmadilar.

Qon bosimlari avval ham ko‘p bezovta qilib turardi. Martda kutilmaganda toblari qochdi. Shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazib, insult tashxisini qo‘yishdi.

– Inson o‘limini oldindan his qiladi degan fikr diniy adabiyotlarda ham qayd etilgan. Dadangizda ham o‘limdan oldin biror o‘zgarishni payqadingizmi?

– Odamzod xom sut yemgan banda ekani ko‘p bor pand beradi. Rosti, o‘sha payt dadamdagi o‘zgarishlarni ko‘rgandim, ammo anglamagandim. Dadam rahmatli insultga chalinishdan avval ikki hissa ko‘p ishlaydigan, tezroq ulgurib qolay deydigan bo‘lib qolgandi. Hozir dadamning hayotlik chog‘larini eslasam, o‘sha oylardagi shiddatlari ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi.