Moliya va Xalq ta'limi vazirliklarining idoralararo delegatsiyasi joriy yilning 30 iyulidan 6 avgustiga qadar ishchi tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib qaytdi. Delegatsiya tarkibiga kirgan vazirlik va idoralar bo‘linma boshliqlariga Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov boshchilik qildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

Safardan ko‘zlangan maqsad ta'lim tizimini boshqarish va moliyalashtirish bo‘yicha dunyoda eng rivojlangan va muvaffaqiyatli davlatlardan biri bo‘lgan Koreya Respublikasining tajribasini o‘rganish edi.  

Shuni ta'kidlash kerakki, Koreyada o‘qituvchi kasbining mavqei mansabdor shaxs maqomiga tenglashtirilgan. Qolaversa, o‘qituvchilar barqaror, yaxshi va muntazam ravishda oshib boruvchi oylik maoshidan tashqari davlat mansabdor shaxslari bilan teng huquqli ko‘plab imtiyozlarga ega. Faqatgina ta'lim bo‘yicha hududiy qo‘mita o‘qituvchini ishga olish vakolatiga ega. Maktab direktori o‘qituvchini ishdan bo‘shatish yoki uning huquqlarini poymol etishga qaratilgan boshqa ta'sir o‘tkazish vakolatiga ega emas.  

Tashrifning ilk kuni delegatsiyani Koreya Respublikasi ta'lim vaziri o‘rinbosari Kim Jung Chul qabul qildi. Uchrashuv davomida janob Yung Chul Koreya Respublikasidagi ta'lim tizimining rivojlanish tarixi, 1940 yillardan boshlab Koreya ta'lim sohasi va umuman iqtisodiy rivojlanishda dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylanguniga qadar bo‘lgan davr bilan tanishtirdi. Bundan tashqari uchrashuvda maktab ta'lim tizimi mutaxassislari bilan o‘qituvchi va direktorlarni tanlash metodologiyasi, yangi maktablar qurilishi va moddiy-texnik ta'minotiga oid masalalar muhokama qilindi.

Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, maktab ta'limi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining xodimlariga masofadan turib Koreya Respublikasi ta'lim vazirligi tomonidan ekspert ko‘magini ko‘rsatish va maslahatlar berib borishga kelishildi.

Ikkinchi kun delegatsiya Tegu shahar hududiy qo‘mitasining Ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Kang Yon Xe bilan uchrashdi. Delegatsiyani Janubiy Koreyada ilg‘or sanalgan ta'lim qo‘mitasining faoliyati bilan tanishtirishdi. Muhokamalar jarayonida hududiy qo‘mita amalda ta'lim tizimini  to‘laqonli nazorat qilishi, ya'ni ta'lim sifati, o‘quv dasturi metodikasi, o‘qituvchilarni maktablarga taqsimlash, maktablarga byudjyet ajratishni qo‘mita nazorat qilishi ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek,  hududning iqtisodiy va demografik prognoziga ko‘ra, yangi maktablar ochish qarori ham qo‘mita vakolatiga kiradi.