Ko‘zlarni ishqalagandan keyin nima uchun «yulduzchalarni» ko‘ramiz?
Ko‘zlarni yaxshilab ishqalaganda harakatlanadigan «yulduzchalar» va kichik yorug‘ nuqtalarni ko‘rishimizni sezganmisiz? Hatto ko‘zlar yopiq holda ham ularni ko‘rishda davom etamiz. Bu nima uchun sodir bo‘ladi?
Ma'lumki, ko‘z – elektromagnit nurlanishni qabul qiladi. Ko‘z to‘r pardasiga tushadigan yorug‘lik elektrik impulslarga aylanib, miyaga tushadi va tasvir ko‘rinishida sharhlanadi. Biroq ko‘rish bilan bog‘liq tasvirlar ta'sir ko‘rsatishning nafaqat tashqi, balki ichki manbalariga ham bog‘liq. Ular uchun hatto maxsus atama ham bor – fosfenlar.
Fosfenlar bu – ko‘z oldimizda ba'zida paydo bo‘ladigan o‘sha yonuvchi yulduz, nuqta va shakllar. Fosfenlar ko‘rish tizimiga mexanik ta'sir yoki miyaning ko‘rish uchun javob beradigan qismi «kuchli uyg‘otilishi» natijasida sodir bo‘lishi mumkin.
Masalan, barmoqlar bilan ko‘zimizni bosganimizda nima yuz beradi? Biz ko‘z to‘r pardasida joylashgan retseptorlarga bevosita ta'sir ko‘rsatamiz. Bu esa ko‘rish fantomlari yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Retseptorlar miyaga noto‘g‘ri ma'lumot yetkazadi. Ko‘zlar ochiq bo‘lganida ham, yopiq holida ham ularni qabul qilishda davom etamiz.
Mexanik ta'sir orqali yuzaga kelgan fosfenlar zararsiz. Biroq «yulduzchalar» ko‘z oldingizda sababsiz paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish kerak. Bunday belgilar nafaqat ko‘z tizimi, balki miya kasalliklarida ham bo‘lishi mumkin.