O‘zbekiston | 12:05 / 29.08.2018
28452
5 daqiqa o‘qiladi

Gulnoza Said: “Jurnalistga tazyiq bo‘lsa, biz himoya qilamiz”

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi elektron ommaviy axborot vositalari bo‘lmish KUN.UZ, Xabar.uz va Daryo.uz xodimlari ijodiy safar bilan AQShda bo‘lib qaytdi. Safar davomida Qo‘shma Shtatlarning go‘zal tabiati, amerikaliklarning samimiy tabassumi, madaniyati va qadriyatlari, qiziqarli suhbatlar va muhim uchrashuvlar bizda chuqur taassurot qoldirdi. Shulardan biri Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha rahbari Gulnoza Said bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimizdir. Unda qo‘mita faoliyati va uning yutuqlari, O‘zbekiston matbuotidagi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi.

- Avvalambor, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi va Nyu-York shahriga xush kelibsiz. Bizning tashkilot 1981 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Biz butun dunyo bo‘ylab jurnalistlarni himoya qilamiz. Qizig‘i shundaki, bizning tashkilotga o‘zbekistonlik jurnalistlar ko‘p ham murojaat qilaverishmaydi. To‘g‘risini aytsam, qachon oxirgi marta o‘zbek jurnalistlarini menga murojaat qilishgani yodimda yo‘q. O‘zbekistonda matbuot erkinligi, jurnalistlar faoliyati borasida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Biz nohukumat-notijorat tashkilotmiz. O‘zimizning mustaqilligimiz, xolisligimizni saqlab qolish uchun hech qaysi hukumatdan bir tiyin ham mablag‘ olmaymiz. Shu bilan birga, xorijda o‘tadigan xalqaro konferensiyalarga ham o‘z mablag‘larimiz evaziga boramiz. Bizning Nyu-Yorkda joylashganimizni bilgan ayrimlar bizni Amerika tashkiloti, deb o‘ylashadi. Aslida, qo‘mita bir guruh jurnalistlar tashabbusi bilan tuzilgan va u mustaqildir. Turli xususiy korxonalarning, jismoniy shaxslarning bizga homiyligi evaziga moliyaviy jamg‘armamiz shakllanib boradi. AQSh va Yevropada agar kompaniyalar, korxonalar homiylikka pul ajratishsa, ularning soliq to‘lashlarida imtiyozlar bo‘ladi. Shu bilan birga ular homiylikka ajratgan mablag‘lari ustidan nazorat o‘rnatish huquqiga ega emaslar. Shu sabab biz mustaqilligimizni saqlab qolgan holda, o‘zimiz istagan voqeani, o‘zimiz istagan tarzda yoritamiz. Hech kim bizga bir maqolani unday yoki bunday ko‘rinishda chiqaringlar deya olmaydi. Qonunchilik shuni taqazo etadi.

Bizning qo‘mitada ishlayotgan xodimlarning aksariyati jurnalistika olamidan kirib kelishgan. Biz jurnalistika metodlaridan foydalangan holda mana shu kasb egalarini himoya qilamiz. Eng katta jamoamiz aynan Nyu-Yorkda joylashgan. Bundan tashqari, Vashington, Bryussel shaharlarida ham bor. Shu bilan birga turli mamlakatlarda o‘z muxbirlarimizga egamiz. Ular o‘sha davlatlardagi voqealarni bizga xabar tarzida yuborishadi va biz o‘sha xabarlarni jurnalistika tamoyillariga amal qilgan holda o‘rganib chiqamiz. Masalan, ikki mustaqil manbaga tayangan holda xabarlarni yoritish.

Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, biz axborot agentligi emasmiz. Faoliyatimiz davomida jurnalistlarning huquqlari va matbuot erkinligi uchun kurashamiz va shunga da'vat etamiz. Shu bilan biz jurnalistlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlari bilan ham shug‘ullanamiz. Jurnalistlar qamoqda bo‘lganida yoki sud ishiga jalb etilganida, ular aynan jurnalistika yo‘lida, yozgan maqolalari, tayyorlagan reportajlari uchun quvg‘inda bo‘lishsa va biz bunga ishonch hosil qilsak, ularga yordam beramiz.

O‘zbekistonda matbuot erkinligi va jurnalistik faoliyatda ildamlik kuzatilmoqda. Ammo baribir qilinishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Qo‘mitamizning olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekistonda qamoqqa olingan birorta ham jurnalist mavjud emas. So‘nggi ikki yilda qamoqda bo‘lganlari ham ozod etilgan, - dedi suhbatdoshimiz Gulnoza Said.  

Suhbat davomida jurnalistika faoliyati, bugungi jurnalistlar va matbuot erkinligi haqida qiziqarli fikr va mulohazalar bildirildi.

Mavzuga oid