Biznesni tekshirish: nazorat qilinishi kerak bo‘lgan 14 narsa
Biznes samarali ishlashi uchun bu ko‘rsatkichlarni kuzating.
Statistikaga ko‘ra, biznes uch yil yashaydi, biroq kichik biznes uch yildan uzoq yashashi kamdan-kam kuzatiladi. Yuztadan uchtasigina uzoqroq umr ko‘radi, qolganlari yopilib ketadi. Asosiy sabab – norentabellik. Bari joyida ekanini bilish uchun qo‘lingizni pulsda tuting: biznesni nazorat qilib, yangi ko‘rsatkichlarni kuzatib boring.
Bu maqolada aynan shu haqida so‘z yuritamiz: qayerga nazar solish lozim, raqamlar nima va biznesda bari joyida ekanini qanday tushunish mumkin?
Pul
Biznes bu – pul. Aniqrog‘i u olib kelayotgan pul miqdori. Shuning uchun rentabelligini kuzatish muhim. Murakkablik shundaki, moliyaviy ko‘rsatkichlar ko‘p: ROI, ROA, ROE, P&L, EBITDA. Barini hisoblash mushkul. Biroq bir qator ko‘rsatkichlarni nazorat qilish kerak.
1. EBITDA
EBITDA biznesingiz soliq, kredit bo‘yicha to‘lovlar va investitsion xarajatlar (uskuna, ta'mirlash, xodimlarni o‘qitish)ni hisobga olmaganda qancha pul keltirishini ko‘rsatadi. Xuddi bu xarajatlar mavjud bo‘lmagandek.
Agar EBITDA ijobiy bo‘lsa, biznes ishlaydi. Hatto qarzingiz bo‘lsa ham biznes baribir pul olib keladi, muammolarni esa hal qilsa bo‘ladi. Agar ko‘rsatkich nolga teng bo‘lsa, yoki minusga qarab ketsa, kompaniya zararga ishlamoqda va choralar ko‘rish kerak.
EBITDA dinamikasini kuzatish va ko‘rsatkichni oshirishga harakat qilish kerak: xarajatlarni qisqartirish, foyda va daromadni oshirish, ko‘proq mijozlarni jalb etish.
2. Alternativ xarajatlar
Ular mablag‘ni qay darajada samarali boshqarganingizni ko‘rsatadi: plyusda qoldingizmi yoki minusga ketdingizmi?
3.O‘rta chek, konversiya, chekdagi birliklar soni
Bu ma'lumotlar har qanday savdo nuqtasidagi savdolarni ko‘rsatadi. Biznes muvaffaqiyatli rivojlanmoqdami? U qanday ishlayotganini o‘rganing. Ko‘rsatkichni oshirib, biznes daromadini oshirish mumkin.
Chekdagi birliklar soni – bir mijoz o‘rtacha qancha mahsulot sotib olayotganini ko‘rsatadi. Agar ko‘rsatkich birga teng bo‘lsa, qo‘shimcha savdolar bilan ishlang: xodimlar uchun treninglar o‘tkazing, mahsulotlar joylashuvini o‘zgartiring.
Konversiyani kuzating – qancha odam qo‘shni qahvaxonaga ketmasdan sizga buyurtma berdi. Oydan oygacha ko‘rsatkichlarni taqqoslang va natijalarni tahlil qiling.
4. Mavsumiylik va «qora kun»ga moliyaviy yostiq
Daromad oydan oyga qanday o‘zgarishini kuzating va savdolar kam bo‘lgan vaqtda ijara haqini to‘lash, maosh berish uchun pul yig‘ib qo‘ying. Xavfsizlik yostig‘ini shakllantirsangiz yanada yaxshi. Zaxira fondi bo‘lmasa, biznesni yo‘qotish ehtimoli ortadi: yoki uni yopish, yoki qarzga botib qolish mumkin.
5. Xarajatlar
Ular operatsion va investitsion bo‘ladi. Investitsion bu – uskuna, xodimlar uchun forma, ta'mirlash. Operatsion – ijara, xarid, jamoa uchun maosh. Operatsion xarajatlarni bilish va rejalashtirish lozim. Aks holda minusga kirasiz va qarzga pul olishni boshlaysiz.
6. Reklama kampaniyasi ROI’si
Ko‘plab tadbirkorlar hech qanday ma'lumotlarga asoslanmay, pulni reklamaga sarflashadi. Katta mablag‘ xarajat qilinadi, biroq natija bo‘lmaydi. Buni chetlab o‘tish uchun kompaniya ROI’sini kuzatishi va mos keluvchi maydonchalarga joylashtirishi kerak. ROI bu – investitsiyalarning o‘zini o‘zi oqlashi. Ular har bir sarflangan bir so‘m qancha daromad keltirayotganini ko‘rsatadi.
Mijozlar
7. Mijozlar keladigan joy
Odamlar siz haqingizda qayerdan ma'lumot olishganini kuzating. Bu sizga reklamaning aynan qaysi turiga pul sarflash kerakligini ko‘rsatadi.
8. Mijozlarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikri
Agar ijtimoiy tarmoqlarda siz haqingizda salbiy fikr bildirishayotgan bo‘lsa, biznesning obro‘si yo‘qotishlarga uchramoqda. Shuning uchun mijozlarning shikoyatlariga tez va to‘g‘ri javob bering.
Hamkorlar va raqobatchilar
9. Yetkazib beruvchilar
Yetkazib beruvchilarni nazorat qiling: ular barini o‘z vaqtida, sifatli bajarishyaptimi? Doimiy ravishda yangi yetkazib beruvchilar va manfaatli shartlarni izlash kerak.
10. Raqobatchilar
Biznes bir maromda yurishi uchun raqobatchilarni kuzatish lozim. Ular qanday faoliyat yuritayotgani va mijozlarni olib ketmayotganini tushunish muhim. Bu foydali: raqobatchilar tajribasidan o‘rnak olish, ko‘zga yaqqol tashlanadigan xatolarini takrorlamaslik kerak.
Xodimlar
11. Xodimlarning layoqati
Biznesingiz qo‘lingizda ishlaydigan odamlarga bog‘liq. Bar ishchisi qahva tayyorlashni bilishi va mijozlar bilan xushmuomala bo‘lishi, savdolar bo‘yicha menejyer – ishontira olishi, ma'mur – mijozlar bilan muloqot qila olishi lozim. Shuning uchun xodimlarga o‘rgatish va ularni nazorat qilish muhim.
Mijoz buyurtma berishi uchun qo‘lingizdan kelganini qildingiz, biroq u xodimingizning layoqatsizligi va qo‘polligi sabab raqobatchingizga ketsa, juda achinarli bo‘ladi.
12. Xodimlarning bandligi
Xodimlar tez-tez almashmasligi uchun ularni o‘ta ishga ko‘mib tashlash yaramaydi. Ko‘pincha mana bunday bo‘ladi: xodim qanchalik malakali bo‘lsa, shunchalik ishi ko‘p bo‘lgan holatlar kuzatiladi. Ba'zida bu ishlarni o‘zga xodimlar orasida taqsimlash ham mumkin. Natijada eng qimmatli xodimlar juda ko‘p ishlaydi va ishdan bo‘shaydi. Qolganlarning ish bilan bandlik darajasi yuqori emas va professional ko‘nikmalarini ham yaxshilamaydi.
13. Vakolatlarni taqsimlash
Biznesda bari o‘z joyida, biznes-jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan: xodimlar o‘z majburiyatlarini biladi, bari soat kabi, reja bo‘yicha ishlaydi. Bunday tizimni yo‘lga qo‘yish – tadbirkorning asosiy vazifasi.
Agar haftasiga 60 soatdan ishlab, nima uchun hech nimaga ulgurmayotganingizni tushunmasangiz, majburiyatlarni xodimlarga bering va tizimni to‘g‘rilang. Qo‘lda boshqaruv rejimida ishlash – yaxshi fikr emas. Ta'tilga borolmaysiz, tunda telefonni o‘chirolmaysiz, natijada nevroz kasalligiga duchor bo‘lasiz.
Qonunchilik
14. Qonundagi o‘zgarishlar
Biznesingiz O‘zbekistonda bo‘lsa, bu yerdagi qonunlarga rioya etish kerak. Ular ko‘p, doim o‘zgaradi va qo‘shimchalar qo‘shiladi. Biroq qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shuning uchun o‘zgarishlarni kuzating va qonunga rioya qiling.
Biznes bu – murakkab, biroq real amalga oshirsa bo‘ladigan ish. Agar u to‘g‘ri tashkil qilinsa, aziyat va zararlarsiz boshqarish mumkin. Muhimi – barini o‘z oqimiga tashlab qo‘ymaslik va asosiy ko‘rsatkichlarni nazorat qilish.
Mavzuga oid
12:13 / 19.09.2023
Bolalar milliy tibbiyot markazida onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi
10:50 / 08.08.2023
Aeroportda nimalar qilmaslik kerak? Styuardessa maslahatlari
13:27 / 07.01.2022
«Biror fikrni qabul qilish uchun, qalb ochilishi kerak» - g‘oyalarni yetkazish haqida
18:55 / 31.12.2021