Jahon | 22:53 / 14.09.2018
10275
3 daqiqa o‘qiladi

Oyning qutb qismida muzliklar borligiga ishonchli dalillar topildi

Gavayi va Braun universitetlari tadqiqotchilari professor Shuai Li boshchiligida Oyning qutb tomonida muzliklar borligiga oid ishonchli dalillarni qo‘lga kiritishdi. Oydagi muzliklar joylashuvi va miqdori Quyosh tizimidagi boshqa osmon jismlari, jumladan Merkuriy va Tsereranikidan keskin farq qiladi. Bu holat Oyning o‘ziga xos shakllanish va hosil bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu muz qatlamlaridan kelajakda Yerning tabiiy yo‘ldoshini tadqiq etish vaqtida foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqida Milliy fanlar akademiyasi xabarlari (PNAS) nashrida chop etilgan ilmiy maqolada xabar berilmoqda.

Professor Li va uning hamkasblari Oy yuzasida suv borligini tasdiqlashda Oyning qutb qismidagi uchta alohida hududni NASAning Moon Mineralogy Mapper​ (M3) uskunasida tekshirib ko‘rishdi.

M3 uskunasi Chandrayaan​-1 kosmik apparatiga joylashtirilgan bo‘lib, 2008-yilda Hindiston koinot tadqiqotlari tashkiloti tomonidan ishga tushirilgan. U Oy sirtida muzliklar borligini tadqiq etishga asoslangan asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Uskuna Oy sirtidagi muzliklardan qaytayotgan nurlarni qabul qilishdan tashqari, uning tarkibidagi molekulalarning infraqizil nurlarni yutish xususiyatini tekshira oladi, bu esa Oy sirtidagi suv qaysi agregat holatda, ya'ni suyuq, gaz yoki qattiq ko‘rinishda ekanligini aniqlash imkonini beradi.

«Yangi topilgan oy muzliklari uning qutb tomonidagi ulkan kraterlar soyasi ostida turibdi. Oyning o‘z o‘qi atrofida juda kichik burchak ostida aylanishi tufayli ushbu hududlarga deyarli quyosh nuri tushmaydi va shu bois bu mintaqalardagi harorat -157 gradusdan yuqoriga ko‘tarilmaydi», - deydi tadqiqotchilar.

Foto: NASA

NASAning M3 uskunasida suratga olingan yuqoridagi Oyning janubiy (chapda) va shimoliy (o‘ngda) qutblari tasvirida katta va kichik kraterlar ichidagi ko‘k rangda tasvirlangan muzliklarni ko‘rish mumkin. Yuqori aniqlikda tadqiq etilgan ushbu tasvirlar Oy sirtida rostdan ham muzliklar mavjudligini ko‘rsatib turmoqda.

Bundan avvalgi [tadqiqotlarda] Oyning janubiy qutbida muz qatlamlari mavjudligiga ishora qiluvchi kichik belgilar qo‘lga kiritilgan, lekin bu holatni Oy tuprog‘ining nurlarni o‘zida aks ettirish xususiyati bilan izohlash mumkin edi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha Oy yuzasida muz qatlamlarining bo‘lishi, hattoki ular bir necha millimetr qalinlikda bo‘lsa ham kelajakdagi Oy sirtida o‘tkaziladigan ekspeditsiyalar uchun ulkan resurs vazifasini o‘tay oladi. Undan ichimlik suvi olish yoki uni kislorod va vodorodga parchalash orqali raketalarga yoqilg‘i hamda nafas olish uchun kislorod zahirasiga ega bo‘lish mumkin.

Mavzuga oid