Jahon | 13:15 / 17.09.2018
4723
6 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya migrantlarni qabul qilish bo‘yicha Yevroittifoqda yetakchiga aylandi

Foto: REUTERS/Antonio Parrinello

Germaniya ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer 15 sentabr kuni migratsiya masalasida Italiya bilan murosaga erishishga umid qilayotganini bildirdi, deb xabar berdi Euronews. Berlin Rim bilan hozirda Germaniya hududida bo‘lgan va ilgari Italiyadan boshpana so‘ragan migrantlarni qaytarib olishi bo‘yicha kelishuv imzolanishiga umid qilmoqda. Italiya ichki ishlar vaziri Matteo Salvini esa hozircha bunday kelishuvga tayyor emasligini bildirdi.

Yevroittifoq davlatlari va hukumat rahbarlari migratsiya masalasini 19 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan norasmiy sammitda batafsil muhokama qilishadi. Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri YeIning janubiy chegaralarini mustahkamlash masalasi bo‘ladi, deb yozmoqda Euractiv internet-portali.

Migrantlar yo‘nalishni o‘zgartirdi 

2018 yilning 1 yanvaridan 12 sentabrigacha bo‘lgan davrda Yevropaga O‘rtayer dengizi orqali jami 74,5 ming nolegal migrant kelgan, deyiladi Xalqaro migratsiya tashkiloti hisobotida. Bundan 32,3 ming migrantni yoki jami kelganlarning 43%ini Ispaniya qabul qilgan.  

Ma'lumotlardan aniq bo‘lishicha, O‘rtayer dengizi orqali YeI mamlakatlariga migratsiya oqimi pasaygan. 2017 yilning xuddi shu davrida Yevropaga 129 ming, 2018 yildagiga nisbatan 54,5 mingtaga ko‘proq migrant kelgan. O‘rtayer dengizidan o‘tish chog‘idagi yuz bergan o‘limlar soni kamaygan: o‘tgan yili 2,9 ming, bu yil 1,6 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, migrantlarning asosiy yo‘nalishi ham o‘zgargan. Agar 2017 yilda ular uchun eng ommabop mamlakat Italiya bo‘lgan bo‘lsa, endilikda Ispaniya ommalashgan. O‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyida Italiyaga dengiz orqali 100 ming migrant kelgan, bu yil esa ularning soni 80 mingtaga kam bo‘lgan. Ispaniyaga esa migratsiya oqimi oshgan: 2017 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 10,9 ming, bu yil esa 32,2 ming kishi kelgan. 

Iyulda Ispaniya tashqi ishlar vaziri Josep Borrel mamlakatga migrantlar kelishining oshishini Liviya va Italiya o‘rtasidagi dengiz chegarasida nazoratning kuchayishi bilan bog‘ladi. 
«Bu gravitatsiya qonuniga o‘xshaydi: agar markaziy-o‘rtayer dengizi yo‘nalishini (Liviyadan Yevropaga) yopsangiz, ular g‘arbiy yo‘nalishdan foydalanishadi», — dedi u. 

Siyosiy oqibatlar 

Migrantlar oqimi Yevropa mamlakatlari siyosatida barqarorlikni izdan chiqaruvchi omillardan biriga aylandi. Shvetsiyada 9 sentabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra, migrantlarga qarshi bo‘lgan «Shved demokratlari» o‘ta o‘ng partiyasi o‘z mavqeini mustahkamladi. Migratsiya rejimini qat'iylashtirishni talab qilayotgan partiyalar Germaniya, Avstriya va Italiyada bo‘lib o‘tgan so‘nggi parlament saylovlarida mustahkam mavqeni qo‘lga kiritdi.  

Muxolifatdagi Ispaniya xalq partiyasi yetakchisi Pablo Kasado ham migratsiya jarayonlarini tanqid qilib chiqdi. Kasado iyul oxirida mamlakat bundan buyon «Yevropaga yaxshi kelajak izlab kelayotgan millionlab afrikaliklarni qabul qila olmaydigan holatda» ekanligini aytdi.

Keyingi o‘n yilliklar davomida Ispaniyada o‘ta o‘nglar bu darajada ommaboplikka erishmagandi, deydi Real Instituto Elcano analitika markazi eksperti Karmen Gonsalez Enrike The Guardian nashriga bergan intervyusida. 

Agarda mamlakatga kelayotganlar soni o‘sishda davom etsa hamda yetakchi partiyalar migratsiya muammosiga faolroq yondashadigan bo‘lsa, vaziyat o‘zgarishi mumkin, degan fikrda Metroscopia tadqiqot markazi tahlilchisi Fransisko Kamas Garsiya. 
«Ispaniya jamiyati toqatli bo‘lsa-da, bu toqatlilik anchagina mo‘rt», — dedi u Politico bilan suhbatda.

O‘ta o‘nglarga javob 12 sentabr kuni Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker Yevroittifoqning janubiy chegaralarini mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar qabul qilish zarurligini bildirdi. U buning uchun 2020 yilgacha Yevropa chegara va sohil qo‘riqchilari sonini 10 ming kishiga oshirishni taklif qilmoqda.  

Yevrokomissiya shuningdek, Afrika bilan erkin savdo to‘g‘risida keng miqyosli bitim tuzishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda 14 sentabr kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini ma'lum qildi. Bryussel savdo kelishuvi afrikaliklarni emigratsiya qilishga majbur etayotgan omillar, ya'ni qashshoqlik va ishsizlikka qarshi kurashda yordam beradi, deb hisoblamoqda.  Yevrokomissiyaning hisob-kitobiga ko‘ra, kelishuvning amalga oshirilishi natijasida Afrikada yaqin besh yil ichida 10 mil lionta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ekspertlar bunday qadamlar judayam zarur deb hisoblamoqda. Open Europe analitika markazining Bryusseldagi ofisi rahbari Piter Kleppening so‘zlariga ko‘ra, YeI mamlakatlarida an'anaviy partiyalar faollik ko‘rsatmaydigan bo‘lsa, o‘ta o‘ng kuchlarni qo‘llab-quvvatlash kuchayishi mumkin. 

«Agarda Yevropaning hozirgi rahbariyati ommaviy migratsiyaga chek qo‘ya olsa va bu yerda noqonuniy ravishda bo‘lib turganlarni chiqarib yubora olsa, saylovchilar avtoritar uslubdagi siyosatchilarga ehtiyoj sezmay qo‘yishadi», — dedi Kleppe.

Mavzuga oid