Jamiyat | 19:33 / 22.09.2018
43257
5 daqiqa o‘qiladi

​Javohir Zokirov o‘zbek kinosidagi yirik muammolar haqida gapirdi

San'atkorlar oilasida tarbiya topgan, Zokirovlarning yana bir taniqli vakili Javohir Zokirov o‘zbek kinosi hamda uning atrofidagi muammolarga munosabat bildirdi. 46 yoshli aktyorga ko‘ra, o‘zbek aktyoriga to‘lanadigan haq kam, u gonorar, shu o‘rinda eshakning narxini ham taqqoslab keltiradi. «O‘zbek aktyorining o‘rtacha narxi 160 000, eshakniki esa 180 000 so‘m», deydi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylangan lavhada. Biz Zokirov bilan suhbat qilib, bu borada uning fikrini batafsil bilishga harakat qildik.​

- Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangiz orqali o‘zbek aktyorlarining gonorariga munosabat bildirdingiz. Unda filmni suratga olish jarayonidagi holatni misol sifatida keltirgansiz. Jarayon haqida batafsil ma'lumot bersangiz.

- Film nomi «Parvoz» bo‘lib, rejissyori – Ilhom Ibragimov. Suratga olish jarayoni tog‘da bo‘lib o‘tdi. S'yomkada ikkita epizod olindi.

- Ma'lumotlarga ko‘ra, sizga kinokartinadagi rolingiz uchun 160 ming so‘m to‘langan. Shu rostmi? Umuman olganda, aktyorning mehnati qanchaga baholanadi?

- Aktyor mehnati uning ish staji bilan baholanishi kerak. Masalan, mening ish faoliyatim salkam 39 yilni tashkil etadi. Shunga qarab gonorar belgilanishi tarafdoriman. Qancha filmlarda suratga tushganligi, ularning qaysilari muvaffaqiyatli chiqqanini ham hisobga olish lozim. 35-40 yillik tajribaga ega san'atkorni qanday baholash kerak? Kinokartinani suratga olayotganda dekoratsiya, uskunalarga ancha mablag‘ sarflanadi. Lekin og‘riqli tarafi shundaki, asosiy muvaffaqiyatni ta'minlab beruvchi aktyorlarga unchalik yuqori haq to‘lanmaydi.

- Aktyorlarning gonorari nima sababdan past baholanyapti, deb o‘ylaysiz?

- Bu savolga aniq javob berish qiyin. Narxni belgilash tizimi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Biz haligacha o‘sha eski baholash tizimidan voz kecholmayapmiz.

- Gonorar miqdorini kim belgilaydi?

- Film prodyusseri ijodkorlarga qancha maosh berishni hal qiladi. Hozir har bir aktyorning o‘z «narx»i paydo bo‘lgan.

- Yuqoridagi holatlar yana davom etaverishi qanday oqibatlarga olib keladi?

- Albatta, salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Iste'dodli operator, rejissyor va aktyorlar gonorarning kamligidan xorijga chiqib ketishyapti. Shu sabab ham o‘zbek kinosi rivojlanmayapti.

- O‘zbek kinosidagi uchta eng katta muammo va uchta eng katta yutuq qaysilar?

- Eng og‘riqli ikkita yirik holatdan boshlayman. Birinchidan, bizda ssenariylar juda sayoz yoziladi. Ikkinchidan, filmga aktyorlarni saralayotganda qat'iy talablarni qo‘yish lozim. Kino sinovni tashkil etishda aniq me'yoriy mezonlarni ishlab chiqish kerakdir, balki. Yutuqlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, nodavlat kinostudiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligini aytish mumkin. Ular aktyorlarga, nisbatan, yuqori gonorar to‘lashadi. Yana bir qiziq holat: davlat byudjyeti hisobidan suratga olinadigan kartinalarga juda katta mablag‘ ajratiladi, lekin uning juda oz qismigina aktyorlarga beriladi. Umid qilamizki, bu kabi chigal vaziyatlarga aniq yechim topiladi.

- Ijodingizda qaysi rolingiz sizni o‘z ustingizda ishlashga majbur qilgan?

- Repertuarimdagi barcha rollarimga jiddiy yondashishga harakat qilganman. Katta-yu kichik rollarning barchasiga birday ter to‘kish kerak. Bunda tarixiy qahramonni gavdalantirish anchayin yuqori tajriba va mehnatni talab etadi, deb o‘ylayman. Aktyor jismoniy jihatdan alohida tayyorgarlik (otda yurish, qilichbozlik va boshqa) ko‘rishi shart.

- Kinoda faqat ijobiy qahramonni gavdalantiradigan aktyorlarga munosabatingiz.

- Kimdir salbiy, kimdir ijobiy rolni o‘ynaydi. Aslida, bu har bir ijodkorning erkin tanlovi. O‘zbek kinosida bu aktyor yaxshi, bunisi yomon qiyofani aks ettira oladi, degan tushuncha bor. Ijodkor o‘zini turli obrazlarda sinab ko‘rishi muvaffaqiyatni ta'minlab beradi.

- Ijodiy yangiliklar.

- Ayni vaqtda «O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan «Arafa» filmiga rejissyorlik qilyapman. Voqealar aynan arafa kuni sodir bo‘ladi. Kinokartina asosiy qismi (85 foizi) AQShda suratga olindi. Tez kunlarda ushbu ijod namunamizdan bahramand bo‘lasiz.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi