Jahon | 12:13 / 27.09.2018
19229
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi AES ma'muriyatlari uran importi chekloviga qarshi chiqishdi. Yetkazib beruvchilardan biri - O‘zbekiston

Foto:Daniel Acker/Getty Images

AQShdagi eng yirik atom elektr stansiyalari ma'muriyati Qo‘shma Shtatlarga uran importi sohasida ehtimoliy cheklovlar joriy etilishiga qarshi chiqishdi. Bu haqda Reuters yozmoqda.

Amerika atom energetiklarining fikriga ko‘ra, bojlar yoki kvotalar joriy etilishi butun sanoat uchun narxlarning oshishiga hamda bir nechta reaktorning yopilishiga olib keladi.

Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistondan uran yetkazib berilishini tahdid deb tan olishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalgandi. 2017 yilda mamlakat AQShga U3O8 ekvivalentidagi 2,15 mln funt uran yetkazib berdi. Bu AQShning barcha uran importi orasida beshinchi ko‘rsatkich sanaladi.

Importda birinchi o‘rinni Kanada egallab turibdi, u 14,05 mln funt yetkazib bergan, ikkinchi Avstraliya (8.13 mln funt), uchinchi Rossiya (7.07 mln funt), to‘rtinchi Qozog‘iston (4.64 mln funt).

Shu bilan birga, O‘zbekiston urani eng arzonlardan biri hisoblanadi - U3O8 ekvivalentidagi bir funt uchun o‘rtacha 37,7 dollarlik narx. Undan arzoni faqat Rossiyada - bir funt uchun 31,5 dollar. Misol uchun, Qozog‘iston uranni 38,3 dollardan, Kanada - 40,6, Avstraliya esa 42,4 dollaridan sotadi.

Iyul oyi o‘rtalarida AQSh Savdo vazirligi uran importi milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligiga oid surishtiruv boshladi.

Shikoyatchilarning ko‘rsatishicha, uran asosan soha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi mamlakatlardan yetkazib berilmoqda (Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Xitoy). Bu, o‘z navbatida, mudofaa hamda bandlik darajasiga xatarlar uyg‘otishi ta'kidlangan, sababi so‘nggi yillarda AQShdagi uchta kompaniya qazib olish ishlarini to‘xtatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 106 million dollarlik uran sotgani xabar berilgandi. 

Mavzuga oid