O‘zbekiston | 22:33 / 28.09.2018
18388
3 daqiqa o‘qiladi

Dushanbedagi MDH sammitida prezidentlar nimalarga kelishib olishdi

Bugun 28 sentabr kuni Tojikiston hukumati qarorgohida MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar dastlab tor doirada, so‘ngra delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazishdi. 

MDH sammitida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Moldova, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston prezidentlari, Armaniston bosh vaziri hamda Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari ishtirok etdi.

MDH davlatlari rahbarlari tor doiradagi muzokaralarda Hamdo‘stlikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar. Ular joriy yilda MDHda samarali raisligi uchun Tojikistonga minnatdorlik bildirishdi va 2019 yilda raislik qiladigan Turkmanistonga muvaffaqiyatlar tilashdi, deyiladi MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

MDH davlat rahbarlarining kengaytirilgan yig‘ilishida siyosiy hamkorlik, gumanitar, xavfsizlik sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishni muvofiqlashtiradigan hujjatlar hamda MDH faoliyatini huquqiy va tashkiliy-kadrlar jihatidan takomillashtirishga qaratilgan qator loyihalarni ko‘rib chiqdi. 

1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi munosabati bilan davlat rahbarlari tomonidan bayonot imzolandi. 

Yig‘ilishda Rossiya tomonidan taklif etilgan MDH davlatlarining urush faxriylarini taqdirlash uchun “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alabaning 75 yilligi” yagona yubiley medalini ta'sis etish va tayyorlash haqidagi taklifiga rozilik berildi. 

Shuningdek, xavfsizlikni ta'minlash hamda yangi tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurash sohasida qator hujjatlar ma'qullandi. Ular orasida eng muhimi jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan davlatlararo dastur bo‘lib, u transchegaraviy jinoyatchilikning barcha shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Dasturda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Bu sohadagi yana bir muhim hujjat MDH mamlakatlarining axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimdir.

Yig‘ilishda Qirg‘iziston tashabbusi bilan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari va Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi haqidagi bayonotlar imzolandi. 

Rossiya tomoni kosmik kenglikni tinch maqsadlarda o‘rganish va undan foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taklif qildi va u MDH rahbarlari tomonidan ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit yakunlanganidan so‘ng bugun Toshkentga qaytib keldi. 

Mavzuga oid